Seshanba kungi fotosuratlarda kuchli portlashlar va Kiyevdagi ko‘p qavatli binolar uzra ko‘tarilayotgan quyuq tutun ustunlari aks etgan. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda tungi zarbalar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 65 kishi, jumladan bolalar jarohatlangan.

2026-06-02 12.36.22
Foto: Reuters

Klichkoning qo‘shimcha qilishicha, 24 qavatli turar joy binosiga raketa kelib tushishi oqibatida binoning bir qismi qulab tushgan va odamlar vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, raketa parchalari tushishi oqibatida yong‘in chiqqan binolar orasida 9 qavatli turar joy binosi ham bor.

2026-06-02 12.36.26

Reutersʼning guvohlar so‘zlariga tayanib yozishicha, seshanba kuni erta tongda havo hujumidan mudofaa tizimlarining Rossiya hujumlarini qaytarayotgan ovozi ostida minglab odamlar boshpana izlab Kiyev metrosiga oqib kelgan.

2026-06-02 12.36.30

Ularning ba’zilari uy hayvonlari, shaxsiy buyumlari va matraslarini o‘zlari bilan birga olib kelishgan. Tong otgandan kech ham poytaxtda yana portlash tovushlari eshitilib turgan.

Dnipro gubernatori Oleksandr Ganja Dnipro shahri va uning atrofida uyushtirilgan raketa va dron hujumi oqibatida yetti kishi halok bo‘lgani va 36 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

2026-06-02 12.36.33

U o‘zining Telegram kanalida vayron bo‘lgan turar joy binolari, yonib ketgan avtomobillar va shikastlangan bolalar maydonchasi suratlarini joylashtirgan. Gubernator barcha yaradorlar shifoxonaga yotqizilgani va ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekanini qo‘shimcha qildi.

2026-06-02 12.36.49