O‘zbekiston | 11:00 / 15.02.2023
4627
5 daqiqa o‘qiladi

“Toshkent shahri bosqichma-bosqich dekarbonizatsiya qilinadi” – Xalqaro transport forumi bosh kotibi

O‘zbekistonda atmosferaning zaharlanishdagi 60 foiz ulushi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu rivojlangan davlatlardagi ko‘rsatkichdan 3 barobar ko‘p. Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda mamlakatda shaxsiy avtomobillar soni yiliga o‘rtacha 300 mingtaga ko‘payib borayotgani va bu shaharlarda havo ifloslanishi hamda issiqxona gazlari oshishiga olib kelayotgani qayd etildi.

14 fevral kuni poytaxtda “Toshkent shahri yo‘lovchi transportini dekarbonizatsiya qilish yo‘nalishlari” loyihasining yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro transport forumi, O‘zbekiston Transport vazirligi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda 2021 yilda boshlangan loyihaning yakuniy rejalari ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, endilikda poytaxt uchun shahar mobilligini yaxshilash rejasi amalga oshirila boshlanadi.

Dastlab tadbirda Transport vaziri Ilhom Mahkamov nutq so‘zlab, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini qisqartirish, atrof-muhit ifloslanishida transport sohasi ulushini kamaytirish hamda O‘zbekiston tomonidan qilinayotgan ishlar sanab o‘tildi. Xususan, Mahkamov 2022 yil 2 fevralda prezidentning tegishli qarori bilan qabul qilingan “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” doirasidagi choralarga to‘xtaldi.

“Xususan, konsepsiyada 2025 yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35 foizga kamaytirish belgilangan.

Ko‘rilayotgan choralarning amaliy ahamiyati haqida gapiradigan bo‘lsak, 2022 yilda Toshkent shahriga 20 dona katta sig‘imli elektrobuslar olib kelinib, muntazam yo‘nalishlarga joylashtirildi.

Elektrobuslarning 10 oylik ekspluatatsiyasi natijasida atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi o‘tgan yil ko‘rsatkichlariga qaraganda 56,8 tonnaga qisqardi. Bugungi kunda jamoat transport parkini ekologik toza transport bilan kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Mart oyidan boshlab jami 1000 dona avtobus olib kelinishi kutilmoqda”,– dedi u.

Bundan tashqari, vazir mamlakatda shaxsiy avtomobillar soni yiliga o‘rtacha 300 mingtaga ko‘payib borayotgani va bu shaharlarda havo ifloslanishi va issiqxona gazlari oshishiga olib kelayotganini qayd etdi.

“Shu sababli sifatli, xavfsiz va barqaror jamoat transport tizimini rivojlantirish orqali shaharlarda keskin oshib ketayotgan xususiy avtotransport sonini jilovlash hamda aholining jamoat transportiga bo‘lgan ishonchini orttirish ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi. Shu bois bugungi kunda jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. Misol sifatida jamoat transportini moliyalashtirishning mutlaqo yangicha tizimi joriy etilyapti, sohani raqamlashtirish orqali samarali nazorat tizimlarini yaratish, yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni aytishimiz mumkin.

“Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Toshkent shahrida yashil transport yo‘lagi pilot loyihasini amalga oshirish, unda elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish, buning natijasida ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik ko‘rsatkichlarni tahlil qilish hamda erishilgan natijalar asosida O‘zbekistonda elektrotransportni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va strategiyalari ishlab chiqildi”, – deya qayd etadi vazir.

Shuningdek, tadbirda Xalqaro transport forumi bosh kotibi Yan Taye Kim ham qatnashib, Toshkent yo‘lovchi transportini rivojlantirish maqsadida olib borilgan tadqiqotlar haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, loyiha Toshkentdagi yo‘lovchi transportini karbonsizlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, u Germaniya hukumati tomonidan ishlab chiqilgan.

Yan Taye Kim

“Tadqiqotlarimiz davomida biz Toshkentda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qancha muammolarni aniqladik. Ayniqsa shaharda harakatni to‘g‘ri tartibga solish, buning uchun to‘g‘ri rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish, texnologik jihatga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Bu borada birgalikda qiladigan qator ishlarimiz bor. Ehtimol, bu oson bo‘lmasligi mumkin, lekin biz bergan tavsiyalar orqali hech bo‘lmaganda Toshkent shahrini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich harakat boshlanadi. Dekarbonizatsiya nafaqat transport sohasi, umuman jamiyat uchun juda muhimdir. Chunki faqatgina transport masalalariga qarab muammolarni hal qilib bo‘lmaydi, bunda transportdan tashqaridagi sektorlar bilan ham hamkorlik qilish kerak. Ya’ni bu bizga yanada yaxlit yondashuv kerakligini anglatadi”,– deydi forum bosh kotibi.

Ta’kidlanishicha, bu tadqiqotlar jami 7 ta yo‘nalishda olib borilgan, ularning eng asosiysi Toshkentning mobilligini oshirish hamda shaharni dekarbonizatsiyalash hisoblanadi. Ya’ni bunda poytaxt havosini yaxshilash, jamoat transportidan foydalanuvchilarni ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Asror Almurodov, montaj ustasi G‘iyos Safarov.

Mavzuga oid

E`lonlar