09:35 / 16.02.2023
3791

O‘zbekiston va Germaniya siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazdi

Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston va Germaniya tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 18-davrasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Germaniya tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Luttenberg boshchilik qildi.

Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, siyosiy aloqalarni kengaytirish va ularni amaliy mazmun bilan to‘ldirish masalalari, turli darajadagi bo‘lajak muloqotlar jadvali atroflicha muhokama qilindi.

Iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, jumladan, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga Germaniya sarmoyalari va texnologiyalarini jalb etish, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Germaniyaga eksportini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Imzolangan ikki tomonlama hujjatlar inventarizatsiya qilindi, shartnomaviy-huquqiy bazaning joriy holati, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston bilan Germaniyaning xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari orqali o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi. Xorij tomoni «O‘zbekiston-Germaniya-Yevropa Ittifoqi» formatida, jumladan, Germaniya tashqi ishlar vazirligining «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Top