Aminiyning ölimi butun mamlakat böylab norozilik namoyişlari boşlanib ketişiga sabab bölgandi. Eron hukumati esa namoyişlarni bostirişning özi bilgan yagona yölidan foydalanib, minglab odamlarni qölga ola boşladi. Namoyişçilardan 500 nafari halok bölgani, ularning 70 nafari voyaga yetmaganlar bölgani aytilgan.

Ötgan vaqt içida norozilik aksiyalarida qatnaşgan 4 kişi namoyişkorona qatl qilindi. Yana önlab namoyişçilarga ölim hukmi çiqarilgan. «Meduza» muxbiri Eronda bölib, mahalliy odamlar bilan namoyişlar mamlakat hayotini qanday özgartirgani haqida gaplaşdi. Quyida Dmitriy Xobbotovskiyning Tehrondan tayyorlangan reportaji aynan keltiriladi.

Hijobdan soç çiqib qolsa...

Keçqurunlari Tehronni aylanar ekansiz köplab ayollar yuzini öramagan holda şahar aylanib yurgani közga taşlanadi. Ayniqsa yoş qizlar. Köp hollarda ular erkak yaqinlari yoki ota-onalari bilan birga bölişadi. Ayollar böyni, yelkasi va soçini oçiq qoldiriş orqali 2022 yil iyul oyida oyatulloh Ali Xominaiy rahbarligidagi hukumat qabul qilgan hijob öraş töğrisidagi qonunni buzgan böladi. Uşbu qonunga köra ayollar hijobni yuzidan boşqa hamma joyini yopib öraşi kerak.

Eronda 1979 yil islom inqilobi amalga oşirilganidan buyon hijob öraş tartibga solib kelinadi va bu safargi tartib öşandan buyon joriy qilingan eng keskin çoradir. Bu tartibni buzganlar jarimaga tortilişi va ikki oygaça qamalişi ham mumkin. Özi hijobni notöğri öraş uçun jazo avvaldan ham bölgan, lekin 2018 yilda bu tartibni göyoki «yumşatişgan» – ayollarni jazolaş örniga ular uçun maxsus «ta’lim kurslari» taşkil etilgan. Bu kurslarda ayollardan doim yuzini örab yurişi böyiça «ixtiyoriy» tilxat yozdirib olingan.

2022 yil yozda amalga kirgan tartib e’lon qilingaç, bundan norozi bölgan eronlik ayollar ijtimoiy tarmoqlarda öz e’tirozlarini bildira boşladi: kimdir hijobini yeçayotgani, kimdir römolsiz köçada yurganini tasvirga olib öz sahifasiga joyladi. BMT ma’lumotlariga köra, bunday öziga xos onlayn noroziliklarda qatnaşgan ayollardan ba’zilari qölga olingan.

2022 yil 13 sentabr kuni Eron axloq politsiyasi (mamlakatdagi diniy tartiblarni nazorat qiluvçi organ) zobitlari 22 yoşli Mahsa Aminiyni soçi hijobidan çiqib turganini iddao qilib qölga olişadi. Zobitlar qizning hamrohi bölgan akasiga u «tuşuntiriş işlari olib borilgaç» bir soatdan keyin qöyib yuborilişini aytişadi. Ammo qiz mahkamadan tez yordam maşinasida kasalxonaga olib ketiladi, akasiga esa unda yurak xuruji kuzatilganini aytişadi. Ikki kun komada bölgan Mahsa kasalxonada jon beradi.