Jahon | 21:04
893
10 daqiqa o‘qiladi

Nima oldin tugaydi – neft yoki urush? Eron Trampni tinchlikka qanday majburlamoqda?

Foto: Reuters

Donald Trampda Eron bilan yarashish va uni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga ko‘ndirish uchun vaqt tobora kamayib bormoqda. Urushning dastlabki uch oyida dunyo 1 milliard barreldan ortiq neftni yo‘qotdi, faqat zaxiralar va omad tufayli taqchillikni nisbatan og‘riqsiz o‘tkazmoqda. Ammo xavfsizlik chegarasi tezlik bilan bug‘lanib bormoqda, iqtisodchilar va xalqaro tashkilotlar esa Ho‘rmuz qamali bekor qilinmaydigan bo‘lsa, iyul-avgust oylarida neft narxi yana ko‘tariladi va jahon iqtisodiyoti tanazzul yoqasiga kelib qolishi haqida ogohlantirmoqda.

Hatto urush darhol tugab, Fors ko‘rfazida qamalib qolgan neft, gaz va neft mahsulotlari jahon bozoriga qaytsa ham, dunyo endi hech qachon oldingidek bo‘lmaydi. Yetkazib berishni tiklash va bo‘shagan zaxiralarni to‘ldirish uchun ko‘p oylar ketadi, kelajakda esa iste’molchilar ham, neft ishlab chiqaruvchilar ham energiya savdosi erkinligi kafolatlanmagan yangi reallikka moslashish uchun xarajat qilishga majbur bo‘ladi.

Urush tufayli narxlar bir barrel uchun taxminan 60 dollardan 100 dollargacha ko‘tarildi, ammo eng yomon prognozlar (bir barrel uchun 200 dollar) ro‘y bermadi.

Buning sababi shundaki, urushdan oldin bozorda neft ko‘p edi, Ho‘rmuz yopilgandan so‘ng esa G‘arb zamonaviy tarixdagi eng yirik strategik neft zaxiralari sotuvini amalga oshirdi. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalar ham butun dunyo bo‘ylab zaxiralarda yetarli miqdorda xomashyo va neft mahsulotlari zaxiralariga egaligi ma’lum bo‘ldi, dunyodagi eng yirik neft xaridori Xitoy esa importni keskin qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo bu choralarning barchasi – vaqtinchalik, deya ogohlantiradi Xalqaro energetika agentligi (IEA) rahbari Fotih Birol.

Zaxiralar kamayib bormoqda

«Jamg‘armangiz bo‘lsa-yu, daromadingiz bo‘lmasa, albatta, sarflashingiz mumkin, lekin pulning oxiri ko‘rinib qoladi. Biz hozir taxminan shunday vaziyatdamiz», – deydi u.

«Muammo shundaki, iyun oyi oxiri va iyul oyi boshlarida an’anaviy ravishda neft iste’moli ko‘payadigan ta’til mavsumi boshlanadi. Zaxiralar kamayib borayotgani va Fors ko‘rfazidan yangi neft kelmayotgani sababli, iyul-avgust oylarida biz kritik zonaga tushib qolishimiz mumkin», – deya davom etadi u.

Yagona chiqish yo‘li – bo‘g‘ozni ochish, deya qo‘shimcha qilgan boy mamlakatlar tomonidan aynan shunday holatlarda prognozlar berish va energetik inqirozlar haqida ogohlantirish uchun maxsus tashkil etilgan IEA rahbari.

Tehronda Trampning yuzida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tasvirlangan e’lonlar taxtasi

Vaziyat shunchalik jiddiyki, Birol juma kuni dunyodagi iqtisodiy barqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan yana uchta xalqaro tashkilot rahbarlari bilan birgalikda vahimali xabar bilan chiqishga qaror qildi.

«Ho‘rmuz blokadasi tufayli neft zaxiralari rekord darajada kamayib bormoqda. Agar yetkazib berish tiklanmasa, Shimoliy yarim sharda yozgi talabning eng yuqori cho‘qqisi arafasida zaxiralarning yanada tez kamayishi – energiya xavfsizligi, bozorlar barqarorligi va umuman jahon iqtisodiyotiga tahdid soladi», – deyiladi IEA, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki va Jahon savdo tashkiloti rahbarlari qo‘shma bayonotida.

Neft nega 200 dollarga chiqmadi?

Kichik Jorj Bush va Barak Obama ma’muriyatlarining sobiq maslahatchilari, Harvarddagi Megan O'Sallivan hamda Kolumbiya universitetidan Jyeyson Bordoffning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy jahon bozoridagi uzilishlar variantlarini modellashtirganda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi har doim bir barrel uchun narxlar 200 dollargacha ko‘tarilishiga va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida iqtisodiyot pasayishiga olib kelishi prognoz qilingan.

Amalda esa ish bunchalikka bormadi.

«Bu shunchaki vaqtinchalik uzilish bo‘lishi mumkin, – deb yozadi ular. – Neft zaxiralari bir necha haftadan keyin tugaydi va agar bu vaqtgacha mojaro tugamasa, narxlar ko‘tarilishi kerak».

«Strategik zaxiralarni sotish ham, boshqa shoshilinch choralar ham kuniga deyarli 15 million barrel neft yo‘qotilishini hech qachon qoplay olmaydi».

Bundan tashqari, Oksford energetika tadqiqotlari instituti (OIES) xodimi Pol Horsnellning ta’kidlashicha, hukumat aralashuvi kelajakda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, intervensiyalar – neft, moliyaviy va og‘zaki intervensiyalar – soxta umidlar beradi va tovar narxi orqali talab va taklif muvozanatini tiklashning bozor mexanizmini buzadi.

«Agar ushbu bosqichda talabni cheklashning bozor mexanizmlari to‘liq ishga solinmasa, qachondir tuzatish kiritish vaqti kelganida, bu ancha og‘riqli bo‘ladi», – deb ogohlantiradi u.

Neft qachon tugaydi?

Hozirgi neft shokining ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada, deydi Pol Horsnell. OIES hisob-kitoblariga ko‘ra, 1978–1979 yillardagi inqirozda dunyo 640 mln barrel, Fors ko‘rfazidagi birinchi urushda esa 420 mln barrel neftdan mahrum bo‘lgan. Hozir esa bu miqdor 1,1 milliard barreldan oshdi.

«Men bu hech qanday shok emas, chunki bozor buni uddaladi, qabilidagi da’volarni eshitdim. Ha, bozor buni uddaladi – lekin zaxiralar sezilarli darajada kamayishi hisobiga. Juda qisqa muddatda taqchillikni qoplash uchun yetarli zaxiralar mavjudligi bu shok emasligini anglatmaydi», – dedi u.

Zaxiralar kritik darajaga yetgach, bo‘g‘oz yopiq qolayotgan sharoitda talab va taklifni muvozanatlashning yagona yo‘li narxlar keskin ko‘tarilishi bo‘ladi.

«Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, bu vaqtgacha ko‘pi bilan uch oy, hozirgi dinamikani hisobga olsak, balki undan ham kamroq vaqt qolgan», – deydi Pol Horsnell.

Neft sohasiga ixtisoslashgan Argus Media nashrining bosh iqtisodchisi Devid Fayf uning fikriga qo‘shiladi.

«Iyun oyiga kelib Ho‘rmuz orqali tranzit qisman tiklangan taqdirda ham, yetkazib berishning bunday keng ko‘lamli uzilishi sharoitida bozorni qayta muvozanatlash yuqori narxlarni talab qiladi», – deya yozadi u.

«Zaxiralar ruxsat etilgan minimal darajaga yaqinlashgan sari, narxlar talab yanada qisqarishini ta’minlash uchun yanada yuqori ko‘tarilishi kerak. Eski haqiqat shundan kelib chiqadi: „yuqori narxlarga qarshi eng ishonchli vosita – bu yuqori narxlardir“».

Dunyo endi oldingidek bo‘lmaydi

Ekspertlar ogohlantirishicha, jahon energetika bozorining urushdan oldingi modeli barbod bo‘lgan va hech qachon tiklanmaydi. Hatto mojaro tugaganidan keyin ham, ishlab chiqaruvchilar ham, iste’molchilar ham har doim keyingi uzilishlar xavfini hisobga oladi – va zaxiralar to‘plash, aylanma quvurlar, o‘z ishlab chiqarishi va iqtisodiyotni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish uchun mablag‘ sarflaydi.

«Saudiya Arabistoni endi hech qachon Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilish imkoniyatini o‘ziga xos imkoniyat sifatida qabul qilmaydi. Xuddi shunday, Xitoy ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali importni tabiiy hol deb hisoblashni to‘xtatadi», – deydi Kembrij universitetining energetika bo‘yicha mutaxassisi Helen Tompson Bloomberg podkastida.

«Urushga yo‘q» – Vashingtondagi protest

Yangi reallikda jahon energetikasida erkin bozorlar roli kamayadi, davlatning roli esa oshadi, deb hisoblaydi Oq uyning sobiq maslahatchilari Megan O'Sallivan va Jyeyson Bordoff. Energetika xavfsizligi iqtisodiy va tashqi siyosat markaziga ko‘chadi, deb yozadi ular. Bozorlar muhim rol o‘ynashda davom etadi, ammo hukumat milliy va iqtisodiy xavfsizlik uchun tez-tez va qattiqroq aralashadi.

«Xavf shundaki, xavfsizlikka intilish energiya tizimini qimmatroq va samarasizroq qilib qo‘yishi mumkin, deb ogohlantiradi ular. – Bu, shuningdek, jahon iqtisodiyotining raqobatlashuvchi bloklarga bo‘linishini tezlashtiradi va natijada energiya resurslari savdosi narx va samaradorlik bilan emas, balki siyosiy ittifoqlar va strategik raqobat bilan boshqariladi».

Globallashuvning bunday ortga qaytishi AQSh va Isroilning Eronga hujumidan ancha oldin boshlangan. Asosiy harakatlantiruvchi kuchlar Amerika va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi va Donald Trampning butun dunyo, jumladan, AQShning asosiy ittifoqchilari bilan savdo urushlari edi.

Natijada xarajatlar global miqyosda oshib bormoqda va hatto dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Amerika ham shu yo‘nalishda davom eta olmaydi, deb hisoblaydi amerikalik iqtisodchi va Nobel mukofoti laureati Pol Krugman.

«Vaqt bizning tomonda emas», – deya yozgan u o‘z blogida.

«Dunyodagi strategik neft zaxiralari tugashi mumkin, bizning muhim qurol-yarog‘ zaxiralarimiz esa xavf ostida. Ittifoqchilar va Amerika jamiyatining qo‘llab-quvvatlovi yo‘q. Bularning barchasi urushni imkon qadar tezroq tugatish kerakligini anglatadi».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid