Jahon | 09:43 / 20.02.2023
11136
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Xitoyni Rossiyaga qurol sotmaslik haqida ogohlantirdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Xitoy Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaga qurol berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Tegishli bayonot bilan Blinken CBS telekanalida Face The Nation dasturida chiqish qildi. 

Entoni Blinken / Foto: ABC

«Biz hozir boshdan kechirayotgan xavotir ular (Xitoy rasmiylari) halokatli yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi ma’lumotlarga asoslanadi», — dedi Blinken. Bu halokatli yordam aynan nimani o‘z ichiga olishi mumkinligi haqida so‘ralganda, Amerika diplomatiyasi rahbari shunday javob berdi: «Hammasi - o‘q-dorilardan tortib qurollargacha». 

Bungacha Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Entoni Blinken Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari, Siyosiy byuro a’zosi Van Ini «Agar Xitoy Rossiyaga sanksiyalarni muntazam ravishda chetlab o‘tishda yordam bersa, buning oqibatlari bo‘ladi», deb ogohlantirgan edi.  

ABC telekanaliga bergan intervyusida Blinken, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berilishiga qarshi chiqishda davom etayotganini ta’kidladi. «Biz diqqatimizni ular (Ukraina kuchlari) yaqin bir necha oy ichida qo‘llashi mumkin bo‘lgan, kelgusi yillarda emas, balki kelgusi oylarda samarali foydalanishi mumkin bo‘lgan narsalarga qaratishimiz kerak», - dedi davlat kotibi. G‘arb qiruvchilarida uchishni o‘rganish uzoq davom etadigan jarayon, deya eslatdi ABC.

Shu bilan birga, AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild CNN telekanali orqali Xitoyni Rossiyaga qurollar yetkazib berish oqibatlari haqida ogohlantirdi. Bu «qizil chiziq bo‘ladi», dedi Amerika vakili.

Mavzuga oid