Jahon | 10:03 / 22.02.2023
9559
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinmaslik haqida ogohlantirdi

Rossiyaning sanoat bazasi sanksiyalar va eksport nazorati tufayli yemirilmoqda, dedi moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida chiqishida.

Foto: Reuters

Xitoy kompaniyalarining Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga bo‘lgan ehtimoliy urinishlari AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan «samarali javob» bilan yakunlanadi. Bunday ogohlantirishni 21 fevral, seshanba kuni AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

Boshqa narsalar qatorida, AQSh Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari Qo‘shma Shtatlar Rossiya ta’minot zanjirlarini, shu jumladan Eron dronlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarni kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Vashington «Rossiyaning sanoat bazasi sanksiyalar va eksport nazorati tufayli yemirilayotgani alomatlarini ko‘rmoqda», deya qo‘shimcha qildi u joriy sanksiyalarning samaradorligini baholar ekan. Shu bilan birga, amerikalik rasmiy Vashington va uning ittifoqchilari tez orada Rossiya Federatsiyasiga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilishini e’lon qilishiga va’da berdi.

«AQSh strategiyasi Rossiyani Ukrainada sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishdan iborat», deb tushuntirdi moliya vaziri o‘rinbosari.

Avvalroq, ushbu nutqdan oldingi brifingda ham Adeyyemo xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. «AQSh rasmiylari Xitoy kompaniyalari yoki moliyaviy institutlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiladi va agar ular Rossiyaga moddiy yordam ko‘rsatsa, biz sanksiyalar qo‘llashga tayyorligimizni bildiradi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Bloomberg.

Mavzuga oid