Sport | 17:33 / 22.02.2023
26810
2 daqiqa o‘qiladi

«Nasaf» hujumchisi Rossiya klubiga transfer qilindi

«Nasaf» klubi jamoa hujumchisi Husayn Norchayevning legionerga aylanganini rasman ma’lum qildi.

Foto: Tribuna.uz

«Klubning yosh, umidli hujumchisi Rossiyaning «Alaniya» jamoasiga transfer qilindi. «Nasaf» futbol klubi rahbariyati, murabbiylari hamda jamoamizning sevimli muxlislari nomidan Husayn Norchayevga kelgusidagi faoliyatida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!», - deyiladi klub xabarida. 

Husayn Norchayev «Nasaf» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2019 yildan buyon bosh jamoa tarkibida edi. Norchayev «Nasaf» tarkibida Superliganing bir marta kumush va bir marta bronza medallarini, ikki bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan. 2021 yilda OFK kubogida to‘purarga aylangandi.

Eslatib o‘tamiz, Qarshi klubi kuni kecha OChL-2022 turniri 1/8 finalida «Ash-Shabob»ga mag‘lub (0:2) bo‘lib, turnirni tark etgandi. 

Avvalroq, «Nasaf» o‘z safiga O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod hujumchi Azizbek Amonovni qo‘shib olgani haqida xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, Vladikavkazning «Alaniya» klubi Rossiya 1-divizionida 20 o‘yindan keyin 38 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinda bormoqda. O‘z vaqtida ushbu jamoa safida Mirjalol Qosimov va Marat Bikmayev to‘p surgan.

Mavzuga oid