14:49 / 23.02.2023
242095

Huquqiy davlatchilik majburiyati

Huquqiy davlatchilik – bu faqat niyat yoki natija emas, balki jarayon hamdir. O‘zbekiston, Konstitutsiyaga ko‘ra, huquqiy-demokratik davlat. Shunday ekan, huquqiy-demokratik davlatchilik har bir ishda, har bir qarorda va har bir qadamda sezilib turishi kerak. Huquqiy davlatchilikni ta’minlashda davlat o‘ziga ishonishi va boshqalarni ham o‘ziga ishontira olishi zarur. Aks holda, kutilmagan muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Har bir davlatning o‘z xalqi va dunyo hamjamiyati oldida olgan majburiyati, mas’uliyati bo‘ladi. Uning bu majburiyatlari Bosh qonun – Konstitutsiyada, yoki tarixan shakllangan hujjatlarda ifodalangan bo‘ladi. O‘zbekiston, Konstitutsiyaga ko‘ra – huquqiy, demokratik davlat.

Aynan Konstitutsiyada, O‘zbekistonning fundamental qadriyatlari, davlat institutlari va ularning o‘zaro munosabatlari, jumladan, hokimiyatning eng oliy vazifasi – faqat huquq doirasida xalqning, vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, insonlarning hayotiy loyihalarini amalga oshirishda – xizmat qilish ekanligi urg‘ulanadi.

Huquqiy davlat bo‘lish – bu nafaqat niyat, balki chuqur siyosiy tafakkur va katta hayotiy tajribani ham nazarda tutadi. Ya’ni biron bir davlat “bundan keyin huquqiy bo‘lamiz” deb niyat qilsa, bu yetarli bo‘lmaydi. Huquqiy davlatchilik – bu barcha davlat institutlari, ularning mulozimlari va xodimlarining faqat huquq doirasida fikrlashi va ishlashini anglatadi.

Jumladan, katta sonli Ichki ishlar vazirligi xodimlari ham, hattoki jinoyatchilik bilan kurashayotganda ham yoki qonunbuzarlikda gumonlanayotgan shaxslar bilan munosabatlarda ham, faqat huquqiy doirada bo‘lishini anglatadi.

Agar e’tibor berilsa, eng demokratik davlatlarda ham, kuch ishlatar tizimlar xodimlari noqonuniy faoliyatda ayblanib turishadi, o‘z vakolatlarini oshirib yuborganliklari ma’lum bo‘ladi. Sababi, bir tomondan, inson psixologiyasiga borib taqaladi. Kimdir o‘zini yoki qilayotgan ishini haq, to‘g‘ri, qonuniy deb bilsa, yoki opponent tomonni noqonuniy yoki noto‘g‘ri deb bilsa, unga qarshi kuch ishlatishga moyil bo‘lishi o‘rganilgan.

Aytish kerakki, demokratik davlatlardagi noqonuniy kuch ishlatish holatlari, nodemokratik davlatlarga nisbatan nihoyatda kam. Bunday holatlarning oldini olish uchun, sinchkovlik bilan o‘ylangan mexanizmlar joriy qilingan. Tergov jarayonlari, insonlarning psixologik holatlari, jamiyatdagi vaziyatlarni inobatga olgan holda tashkillashtirilgan.

Nima uchun eng boy va tajribali davlatlar huquqiy davlatchilikni tanlashgan, huquqiy davlatchilikni himoya qilishadi? Sababi, huquqiy bo‘lmagan davlat – hamma uchun muammo. Eng avvalo, nohuquqiy bo‘lgan davlatni boshqarib turgan mulozimlar uchun ham. Chunki nohuquqiy davlatda, kim kuchli va vaziyatning xo‘jayini bo‘lsa, u haq. Bu – o‘rmon qoidasi, vaziyatni borgan sari og‘irlashtirib borishi yaxshi o‘rganilgan.

Huquqiy davlatchilik – bu muttasil jarayon. Huquqiy davlatchilikning tamoyillari bu – ratsionallik, vazminlik, ochiqlik, shoshilmaslik. Misol uchun, huquqni muhofaza qilish organlarida kimdir birovning faoliyatiga nisbatan gumon paydo bo‘ldi. Qonunbuzarlikda ayblanayotgan odamni tergov qilishni siyosiy kampaniyaga ham aylantirib yuborish mumkin, yoki aksincha, xalqaro tajribada kuzatilgani kabi, vazminlik, ochiqlik va shoshilmaslik orqali, jarayonni ishonch bilan ham olib borish mumkin. Davlat institutlari jamiyat bilan muloqot qilishni yaxshi o‘zlashtirishi, qonun taqozo qilganda esa, huquqiy doirada vaziyatni sharhlay olishi ham kerak.

Har bitta jamiyatning o‘z tarixi bo‘ladi. O‘zbekiston yaqin o‘tmishda ashaddiy etatizmni boshdan kechirgan davlat sifatida, hokimiyat hali-beri jamiyatning to‘liq ishonchiga kirib ulgurgani yo‘q. Shunday ekan, davlat o‘zining huquqiy yo‘nalishidan og‘ishmayotganini xalqqa va tashqi dunyoga bildirib turishi, buning uchun jamiyat tafakkurida paydo bo‘layotgan savollarga tez va to‘liq javob berish qobiliyatini oshirib borishi muhim.

Ijtimoiy fikr – bu jonli va dinamik organizm. Bu millionlab insonlarning tafakkurlari, qarashlari jamlangan joydir. Mana shu ijtimoiy tafakkurda davlatga bo‘lgan ishonch, globallashgan dunyoda pasaymasligi, aksincha o‘sib borishi kerak. Aks holda, davlat oldida strategik muammolar paydo bo‘lib qolishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top