O‘zbekiston | 09:57 / 24.02.2023
6077
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Makkadagi «Al-Buroq» muzeyi kolleksiyalari ishtirokida ko‘rgazma tashkil etiladi

O‘zbekiston Bosh konsulxonaci xodimlari Makka shahridagi «Al-Buroq» xususiy muzeyi direktori Muhammad Xamdan Al-Buroq bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Foto: Dunyo

Muzey rahbari bilan kechgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida madaniy-ma’rifiy sohada, xususan, madaniy meros, muzeylar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston muzeylari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muzeyda saqlanayotgan mamlakat tarixiga oid osori-atiqalarni birgalikda tadqiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

So‘ngra xususiy muzeyda saqlanayotgan qadimiy tilla, kumush va oddiy tangalar, qog‘oz pul birliklari ko‘zdan kechirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu muzey eksponatlari Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda muntazam namoyish etib kelinmoqda. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarda  ko‘rgazmalar  tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. Muzeyda Abbosiylar xalifaligining Al-Ma’mun boshqaruvi davrida Samarqand shahrida chiqarilgan kumush tanga ham saqlanmoqda. Shuningdek, Hindistonda Boburiylar davrida zarb etilgan kumush tangalar ham bor. Muzeyda islom davlatlarida muomalaga kiritilgan ilk qog‘oz pullar stendi tashkil etilgan.

Muzey bilan tanishuv yakunida tomonlar O‘zbekistondagi muzeylar bilan hamkorlikda ishlash va ushbu muzey kolleksiyalari ishtirokida O‘zbekistonda ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.

Mavzuga oid