O‘zbekiston | 19:45 / 07.03.2023
17323
8 daqiqa o‘qiladi

Kastratsiya, izolyatsiyalash va ochiq reyestr: O‘zbekiston qonunchiligida pedofillarni jazolash o‘zgaradimi?

Jamiyat pedofillardan hazar qilishi kerak. Ularning jamiyat bilan birga bo‘lishga haqqi yo‘q. Kastratsiya masalasini qonunchilikka kiritishga majburmiz, deydi professor. 

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov pedofillarni bichish, izolyatsiya qilish va ochiq reyestrini yuritish amaliyotini qonunchilikka kiritish taklifini bildirgandi. Ushbu masala keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz bu borada faollar va mutaxassislar fikriga quloq tutdi.

Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlarini alohida qonunchilikka kiritish vaqti allaqachon kelganini ta’kidlaydi.

«O‘zbekistonning qonun hujjatlarida pedofiliya jinoyatlariga nisbatan alohida to‘xtalish yo‘q. Holbuki, jahon miqyosida, xalqaro me’yorlarda bu jinoyat aniq ko‘rsatilgan. Har bir mamlakatda jinoyat o‘sib borish nuqtayi nazaridan ularga nisbatan jazo choralari belgilanadi. Masalan, Qozog‘istonda yaqinda qabul qilingan me’yorlarga ko‘ra pedofiliya jinoyatida ayblangan shaxslar jarrohlik yo‘li bilan bichish orqali jazolanadigan bo‘ldi va boshqa qamoq jazolari ham bor.

O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlarini tasniflash, kvalifikatsiya qilish masalasi ilgaridan og‘ir bo‘lgan, qonun me’yorlarida bu narsa yo‘q. Ya’ni bizda pedofiliya uchramaydi degan aqida bor edi va bunday jinoyatlar turi ancha-muncha yashirilardi. Fikrimcha, jinoyatlarni o‘sib borish tendensiyasi yoki jinoyatlar sodir etilish soniga qarab belgilash kerak. Chunki pedofiliya jinoyatlarini alohida tarzda qonunchilikka kiritish vaqti kelgan va hatto kechga ham qolindi», — deydi u.

Abdurahmon Tashanov, Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning fikricha pedofillarni kastratsiya qilish joriy etilishi nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki profilaktik ahamiyatga ham ega.

«Yigirma nafar odam suitsid xayolida yurgan bo‘lsa, ulardan bittasi shuni amalga oshiradi, deyiladi. Balki, O‘zbekistonda 10 kishi pedofillik xayolida yurib, vaziyat topolmaganidan amalga oshirolmayotgandir. Demoqchimanki, har qanday vaziyatda profilaktika katta rol o‘ynaydi. Agar qonun qabul qilsak, pedofiliya keskin kamayadi, bunaqa xayolda yurganlar ham fikridan qaytadi», — deya fikrini asoslaydi shifokor.

Zarifboy Ibodullayev, Tibbiyot fanlari doktori, professor

Shuningdek, Ibodullayev pedofillarning shaxsi ochiq matbuotda ko‘rsatilishi kerak deb hisoblaydi:

«Ilgari moxov kasalligiga chalinganlar aholi yashaydigan joydan 250 km uzoqda yashagan. Pedofillarni ham izolyatsiya qilish kerak. Jamiyat ulardan hazar qilishi kerak, ularning jamiyat bilan birga bo‘lishga haqqi yo‘q. Agar hozir kastratsiya masalasini qonunchilikka kiritmasak, 5 yildan keyin baribir kiritishga majbur bo‘lishadi. Chunki bunday narsalar kuchayib boraveradi. Qo‘rqish, andisha qilish kerak emas, qonunni qabul qilish shart».

Bolalar psixologi Muazzam Ibragimova pedofiliya tuzalmas kasallik ekaniga urg‘u berib, u faqat jinoyatni sodir etganlarning emas, moyilligi bor shaxslar ro‘yxatini ham ishlab chiqishga chaqiradi.

«Hozir yuzaga chiqayotgani, jazolangani bir nechta, xolos. Aksariyati parda ortida qolib ketyapti. Ularga ham jiddiy e’tibor qilish kerak. Pedofilning «o‘ljasi» bir-ikkita bo‘lmaydi, ko‘p bo‘ladi. Deputatlar ikkiga bo‘lingan... Qonun loyihasidagi kerakli bandlar olib tashlangan. Bu ertaga qanday oqibatlarga olib kelishini o‘ylab ko‘rishganmikan? Pedofiliya fojiasini tushunish uchun deputatlar orasida mutaxassislar ko‘proq bo‘lishi kerak. Kam bo‘lsa, chaqirib ekspertlar bilan birga ishlashi kerak. Bir-ikki kishi yoki deputatning ko‘rsatmasi bilan davolanadigan illat emas bu... Agar munosib qonun ishlab chiqarilmasa, boshqa pedofillarning ham bemalol harakatlanishiga yo‘l qo‘yib beriladi. Fojialarga faqat pedofillar emas, qonunga panja ortidan qaragan deputatlar ham teng sherik bo‘ladi», — dedi Muazzam Ibragimova.

Muazzam Ibragimova, bolalar psixologi

«Jahon tajribasida bunday odamlarning jamoat va bolalar harakatlanishi mumkin bo‘lgan joylarga yaqinlashishiga taqiq qo‘yiladi. Va jinoyatni qayta sodir etganda, qat’iy jazolar qo‘llanadi. Nega endi biz bu amaliyotni O‘zbekistonda ham qo‘llamasligimiz, qonunlarda mustahkamlamasligimiz kerak? Shuning uchun men ham bu amaliyotning qonunan mustahkamlanishi, bolalar huquqlari kafolatlanishi tarafdoriman», — deydi Shvetsiyaning «Markaziy Osiyo uyushmasi» NNT direktori Gulnoz Mamarasulova.

Gulnoz Mamarasulova, Shvetsiyaning «Markaziy Osiyo uyushmasi» NNT direktori

Advokat Jahongir Mutalipov esa pedofilga og‘ir jazo berilmasligining oqibatlarini og‘ir deb baholaydi.

«Statistikaga qarasak, pedofilizm 97 foiz holatda tuzalmaydi, qayta jinoyat qilishadi, demak, ularga ishonch yo‘q. Har qancha jazo berilmasin, pedofilga buning ahamiyati kam, chunki uning miyasi shuni xohlab turadi. O‘nlab davlatlarda o‘lim jazosi beriladi, hatto Afrikada bunday odamlarni yoqib yuborishadi. Saudiya Arabistonida pedofilning boshini olib, televideniyeda ko‘rsatadi. Yaqin Sharq mamlakatlarida pedofil osiladi. Oqibati og‘ir bo‘lgani uchun ham shunday qilishadi. Albatta, jazoni og‘irlashtirish kerak deb bilaman. Jazo qancha og‘ir bo‘lsa, odamlar shuncha jinoyatdan qaytadi. Pedofilga uzog‘i 20 yil jazo berilsa va u 10 yilda chiqib kelsa, qonunga, davlatga ishonchsizlik bo‘ladi, odamlar «samosud» qilishni rejalaydi. Buning oqibatlari judayam og‘ir» – deya ta’kidlaydi advokat.

Jahongir Mutalipov, advokat

Ba’zi huquqshunoslar fikriga ko‘ra, pedofillarni bichish amaliyotini joriy etishning turli jihatlari bor. Ular inson huquqlari tarafidan bu amaliyotni qo‘llamagan ham ma’qulligini aytishadi.

Bu yondashuvga Zarifboy Ibodullayev butkul qarshi ekanligini bildirdi.

«Pedofiliyada kimyoviy yoki jismoniy kastratsiya yaxshimas, ular ham odam, deydigan bo‘lsak, nega unda kuchli demokratik davlatlarda bunday jazo qabul qilingan? Bitta pedofilni deb ertaga yetuk inson bo‘ladigan bolalarimiz ruhiyati sinaversinmi? Pedofil hujumiga uchragan bolaning otasi, aka-ukasi depressiyaga tushadi. Bir oilada 4 farzand bo‘lib, ulardan biri pedofil hujumiga uchragan bo‘lsa, qolgan bolalarning ham taqdiri xarob bo‘ladi. Insoniylik nuqtai nazaridan olganda, bu qonunga aholining sog‘lom qatlamini asrash jihatidan qarashimiz kerak. Hech qanday rahmdillik bo‘lishi kerak emas», — deydi professor.

Psixolog Muazzam Ibrohimova pedofiliya holatlarini yashirmaslikka chaqirdi.

«Qanchalik berkitganimiz sari pedofiliya ham rivojlanib boraveradi. Masalan, 5 yoshli qizcha o‘z amakisi (otasining ukasi) tomonidan muntazam zo‘rlangan, ota-onasi Rossiyada bo‘lgan. Lekin sud jarayonida mahalla, ishxonasi tomonidan jazoni yengillashtirish uchun jinoyatchiga kafolat xatlari berilgan, ish esa pedofiliya deb malakalanmadi», – dedi u.

Advokat Jahongir Mutalipov O‘zbekiston qonunchiligida pedofillarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi bilan bog‘liq yana bir masalani tilga oldi. U kimyoviy kastratsiya joriy qilinishi katta xarajatni talab qilishini aytadi. Jahongir Mutalipovga ko‘ra kimyoviy kastratsiya uchun ishlatiladigan dorilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Har yili kamida 4 marta emlash talab qilinadi. Bir choragi uchun boshqa mamlakatlarda 10-12 ming dollar sarflanadi, bir yilda 30-50 ming dollar ketadi. 

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Asror Almurodov

Mavzuga oid