09:23 / 11.03.2023
6896

Donbass ayirmachilari uch ukrainalikka hukm chiqardi

Ukrainaning uch fuqarosi «harbiy jinoyatlar sodir etish»da ayblanib, sudlandi. Ular orasida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin frontga ketgan huquq faoli Maksim Butkevich ham bor.

Maksim Butkevich / Foto: t.me/Tsaplienko

Rossiya Tergov qo‘mitasining 10 mart, juma kuni ma’lum qilishicha, Donbassning annexia qilingan «respublikalari» - «LXR» va «DXR» «Oliy sudlari» Ukrainaning uch nafar fuqarosini harbiy jinoyatlarda ayblab, hukm chiqardi. Ular orasida ukrainalik huquq faoli, «Gromadske radio» asoschilaridan biri Maksim Butkevich ham bor.

Tergov qo‘mitasi xabarida aytilishicha, Butkevich «tinch aholiga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qurolli mojaroda taqiqlangan usullarni qo‘llash», shuningdek, «umumiy xavfli tarzda ikki kishini o‘ldirishga urinish va qasddan zarar yetkazish»da aybdor deb topilgan. 

Butkevich Ukraina Qurolli kuchlarining «Berlingo» batalonida vzvod komandiri sifatida xizmat qilgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 4 iyun kuni Severodonetskda u turar joy binosi kiraverishida tankka qarshi granatomyotdan o‘q uzgan, natijada ikki fuqaro jarohatlangan va mol-mulk vayron bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi xabarida aytilishicha, Butchekich o‘z aybiga iqror bo‘lgan hamda «LXR» sudi tomonidan 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Maksim Butkevich inson huquqlari faoliyati bilan shug‘ullangan, Amnesty International bo‘limi boshqaruvi a’zosi edi. U STB va «1+1» telekanallarida jurnalist, VVS News muxbiri bo‘lib ishlagan va «Gromadske radio»ning hammuassisi bo‘lgan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Butkevich jangga jo‘nab ketdi. 24 iyun kuni u Luhansk viloyatining Mirnaya Dolina qishlog‘i yaqinida asirga olingan.

Butkevichni o‘zining Nobel nutqida Ukraina «Fuqarolik erkinliklari markazi» rahbari Oleksandra Matviychuk ham tilga olgan.

Shuningdek, Mariupolni himoya qilgan «Azov» bataloni jangchilari Vladislav Shel va Viktor Poxozeyga nisbatan ayblov hukmi chiqarildi. Shel «tinch aholi vakilini avtomat bilan otishda», Poxozey esa Mariupolda yashovchi fuqaroga nisbatan yomon munosabatda bo‘lganlikda aybdor deb topildi, u fuqaroning «tanasi va yuziga oyoqlari hamda avtomat bilan urgan». Shel 18 yarim yilga, Poxozey esa sakkiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top