Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Donbass bo‘yicha murosa - hududga alohida maqom
Fox News’ga bergan intervyusida Ukraina prezidenti mamlakat jamoatchiligi referendumda hududlarni Rossiyaga berishni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. Shuning uchun Donbass bo‘yicha murosaviy yechim sifatida erkin iqtisodiy zona tashkil etish variantini tilga oldi.
Foto: REUTERS
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donbass bo‘yicha murosaviy yechim sifatida maxsus qoidalarga ega erkin iqtisodiy zona yaratishni taklif qildi. U buni mintaqadan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish sharti sifatida Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytdi. Intervyu dushanba, 29 dekabr kuni e’lon qilingan.
Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya bilan urushni tartibga solish uchun o‘z hududlaridan voz kecha olmaydi, chunki bu mamlakat qonunlariga, jamiyat pozitsiyasiga va joylardagi real vaziyatga zid. “Biz shunchaki o‘z hududlarimizdan chiqib ketolmaymiz. Bu qonunimiz doirasidan tashqari. Bu faqat qonun haqida emas — u yerda odamlar yashaydi, u yerda armiyamiz bor”, — dedi u intervyuda.
Volodimir Zelenskiy hududlar masalasi tinchlik muzokaralaridagi eng qiyin mavzu ekanini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu — Kiyev va Moskva pozitsiyalari keskin farq qiladigan yagona band. Prezident aytishicha, bu hududlarda hanuz taxminan 300 ming ukrain yashaydi, ularning ko‘pchiligi Rossiya bosqini va janglardan jabr ko‘rgan. Shu bois u hududlar masalasiga faqat rasmiy yoki sof siyosiy yondashib bo‘lmasligini uqtirdi.
“Hamma tinchlikni xohlaydi, lekin har qanday narx evaziga emas. Hududlardan voz kechish bo‘yicha referendum Ukraina uchun ijobiy natija bermaydi”, — dedi u. Zelenskiy fikricha, Ukraina jamiyati bunday referendumni qo‘llab-quvvatlamaydi.
Ukraina prezidenti Donbass bo‘yicha “real murosa” sifatida erkin iqtisodiy zona yaratishni aytdi: “Agar biz bir necha kilometrga chekinsak, Rossiya ham shunday qadam tashlashi va o‘z kuchlarini ham bir necha kilometrga ortga tortishi kerak. Ana shu erkin iqtisodiy zonada maxsus qoidalar amal qiladi”.
28 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp Floridada muzokara o‘tkazgan. Undan keyin Ukraina va AQSh rahbarlari tomonlar Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadiga “juda yaqin” ekanini aytgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, “tinchlik rejasining 20 bandi 90 foiz darajada kelishilgan”, AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari esa to‘liq kelishib olingan. O‘shanda Ukraina prezidenti tinchlik rejasini referendumga qo‘yish ehtimolini ham istisno qilmagan — birinchi navbatda “hududlar masalasi juda murakkab” ekani sababli.
Mavzuga oid
09:43
Kiyev AQSh bilan Putin qarorgohiga hujum haqidagi xabarlarni muhokama qildi
09:04
Ukraina dronlari Tuapsedagi NQZ va portga hujum qildi
23:41 / 30.12.2025
Yil yakunida axborot urushi: Rossiya Putin qarorgohiga zarba berilganini aytmoqda
21:29 / 30.12.2025