18:08 / 12.03.2023
38596

Rossiyaning yangi raketa hujumlari taktikasi. U qanchalik samarali?

9 mart kuni Rossiya harbiylari Ukrainaga yana kuchli raketa hujumlari uyushtirdi. Ammo bu safar zarba nafaqat keng ko‘lamli, balki ko‘p darajali ham bo‘ldi. Zarbalar bir vaqtning o‘zida turli raketalar orqali amalga oshirildi. Rossiya qurolli kuchlari tomonidan Ukraina hududini o‘qqa tutish taktikasi yana qanday o‘zgarishga uchrashi mumkin?

Rossiyaning «Kinjal» raketali MiG-31 samolyotlari. Foto: Getty Images

9 mart kuni kechqurun Ukraina osmonida uchgan sakkiz turdagi raketadan uchtasini Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushira olmaydi. Gap X-47 «Kinjal», X-22 va yerdagi nishonlarga hujum qilish uchun modifikatsiyalangan C-300 raketalari haqida bormoqda.

Ruslar bu safar ham, xuddi kuz va qishda bo‘lgani kabi, Ukrainaning elektr tizimiga zarbalar berdi va X-31P kabi radarlarga qarshi raketalar yordamida Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini yo‘q qilishga harakat qildi.

Biroq, BBC News nashrining Ukraina hukumatidagi manbasi hujumdan bir necha kun oldin ko‘priklar va temiryo‘l liniyalari yangi yalpi hujumlar nishoniga aylanishi mumkinligi haqida allaqachon ogohlantirgan edi.

Rossiyaliklarning 9 martga o‘tar kechasi urib tushirilgan qanotli raketasi parchalari
Foto: CHERNIGOV REGION POLICE

Rossiya armiyasining qish oylarida Ukrainani muzlatish va zulmatda qoldirish rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Endi ular energetika tizimlaridan transportlarga hujumga qilishga o‘tishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ma’lumki, Rossiya harbiylari uzoq vaqtdan beri Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berish yo‘llarini kesib qo‘yishni orzu qiladi.

Boshqa tomondan, rus harbiylarining harakatlaridan mantiqiylikni topishga urinish hozirgacha befoyda ish bo‘lib qolmoqda.

«Negadir biz isitish mavsumining tugashi va ‘Ukrainani muzlatishʼ strategiyasini davom ettirishning aniq ma’nosizligi ‘raketalar urushi’ga nuqta qo‘yadi deb hisoblagandik. Lekin aftidan bunday emas», deydi «Strategiya XXI» Ukraina global tadqiqotlar markazining xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Pavel Lakiychuk.

Uning ta’kidlashicha, buning sababi shunchaki Rossiya harbiy rahbariyati tafakkuridagi inersiya yoki oddiy nomuvofiqlik bo‘lishi mumkin.

«Ushbu urushda ruslar ko‘pincha o‘z xatti-harakatlarining mantiqsizligini ko‘rsatdi. Shuning uchun, dushman energiya infratuzilmasini o‘qqa tutishdan transport infratuzilmasiga hujum qilishga o‘tishi yoki yo‘qligini taxmin qilishga urinishdan ma’no yo‘q», deya qo‘shimcha qilgan Lakiychuk.

«Ukrainaning transport infratuzilmasiga 2022 yilning yoz va kuzida berilgan zarbalar bunday hujumlardan samaradorlik past bo‘lishini ko‘rsatdi. Biroq, ruslar zarbalarni to‘xtatmadi», deydi Lakiychuk BBC nashriga bergan intervyusida.

2022 yil aprel oyidan boshlab Rossiya armiyasi Dnestr daryosi ko‘rfazidagi ko‘prikka o‘nga yaqin raketa zarbalari berdi. Mahalliy hokimiyat o‘sha paytda ko‘prik jiddiy shikastlangani va uni qayta tiklashning imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. 2023 yil fevral oyida ruslar yana shu ko‘prikka hujum qildi — bu safar dengiz droni bilan.

Rossiya pabliklariga ko‘ra, Dnestr ko‘rfazidagi ko‘prikka dengiz droni bilan zarba berilishi shunday ko‘rinishda edi

Krivoy Rog yaqinidagi Karachunovskiy suv omborining 90 yillik to‘g‘onini buzish uchun ruslar yetti marta raketa zarbasi berishi kerak bo‘ldi. Shuningdek, rus qo‘shinlari yozda Cherkass yaqinidagi ko‘prikni ham buzishga harakat qildi, ammo keyinchalik ko‘prik orqali avtomobil va temiryo‘l aloqasi qayta tiklandi.

O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlariga Xerson yaqinidagi Antonov ko‘prigini Rossiya kuchlari uchun yaroqsiz holga keltirishga bir necha hafta va AQSh HIMARS tizimlarining bir necha zarbasi kerak bo‘ldi.

«Ko‘priklarni nishonga olish qiyin. Raketalarga aniqlik yetishmaydi. Ular ko‘prikning chetini zararlaydi, vantlarni uzadi, asosni teshib o‘tadi va nihoyat daryoda katta vayronkorlik sodir bo‘ladi», deya tushuntiradi ukrainalik harbiy kuzatuvchi Kirill Danilchenko.

«Raketani bunday nishonga aniq uchirish juda qiyin. Rossiya Federatsiyasida mavjud raketalar aniqligi bilan ko‘prik tayanchini urish va yo‘q qilish — bu shunchaki lotereya», deydi Danilchenko.

Rossiya keng ko‘lamli urushning bir yili davomida Ukrainadagi temiryo‘l aloqasini yo‘q qila olmadi. Moskva elektr tortish podstansiyalariga zarba berishga urindi, biroq ukrainalik ta’mirlovchilar ancha tez ishladi, kuchli zarurat tug‘ilgan joylarda esa teplovozlardan foydalanildi.

«Biroq bu Rossiya harbiylari ko‘priklar va temiryo‘llarga yangi raketa hujumlarini amalga oshirmaydi, degani emas», deb hisoblaydi Pavel Lakiychuk. 9 mart oqshomida ko‘rsatganidek, ular doimo o‘z hujumlariga yondashuvni yaxshilashga harakat qiladi.

Yangilangan taktika

«Sever» operativ qo‘mondonligi Sumi oblastida urib tushirilgan Shahed qoldiqlarini namoyish etdi

«Yalpi raketa va havo hujumlari taktikasi qandaydir tarzda tubdan o‘zgardi deyish, menimcha, noto‘g‘ri: dushman turli qurollar bilan bir necha yo‘nalishda vaqt va nishonlar muvofiqlashtirilgan qo‘shma zarbalarning taktik usullarini takomillashtirishda davom etmoqda», deya ta’kidlaydi Lakiychuk.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ruslar ushbu hujumga (9 mart kungi) sezilarli darajada tayyorgarlik ko‘rgan. Buni MiG-31K’ning («Kinjal» raketalari tashuvchisi) «o‘quv» parvozlari tez-tez o‘tkazilgani hamda Rossiya taktik va strategik aviatsiyasining raketalarni uchirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa harakatlari tasdiqlaydi.

Bu borada Ukrainaning turli mintaqalari ustida aniqlangan havo sharlarni ham qayd etish mumkin, ularning maqsadi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarining joylashuvini aniqlash edi.

«Har xil turdagi raketalar: X-31P, X-59, X-22 va «Kinjal»larni «aralash» qo‘llashdan maqsad shuki, dushman bizning havo hujumidan mudofaa tizimimizning ishini murakkalashtirmoqchi. Bu raketalar turli xususiyatlarga va turli uchish xususiyatiga ega. Biroq asosiy qo‘llanayotgan qurollar bombarchimonchi samolyotlardan otilayotgan X-101, X-555 va «Kalibr» raketalari bo‘lib qolmoqda. Ular esa dushman arsenalida tobora kamayib boryapti», deydi Lakiychuk.

Rossiyada hech bo‘lmaganda ba’zi turdagi raketalar zaxiralari tugab borayotgani mumkinligiga dalil sifatida, ularning Ukraina hududini yalpi o‘qqa tutish amaliyotlari orasidagi vaqt ikki hafta va undan ko‘proq muddatga cho‘zilib borayotgani keltiriladi.

Boshqa tomondan esa, ruslar o‘z qanotli raketalar zaxirasini tugatgani haqidagi da’volar 2022 yil mart oyidan beri aytib kelinmoqda.

«Dushman uchun zaxiralar yoki ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha cheklovlar masalasi aslida aktual emas. Oltita «Kinjal» ishlab chiqarish uchun Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga 3-6 oy kerak bo‘ladi», deb yozadi Defense Express harbiy tahlilchisi Ivan Kirichevskiy.

«Rossiya harbiy-sanoat kompleksi hali ham oyiga qirqtagacha X-101 va yigirmatagacha 3M-14 «Kalibr» raketalarni ishlab chiqarish tezligini ta’minlay oladi. Masalan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida Rossiya Qora dengiz floti har birida 20 tadan «Kalibr» raketasi bo‘lgan yanvar va fevral oyi partiyalarini bir oy ichida qabul qildi» deya qo‘shimcha qiladi u.

Shunday ekan, Rossiya qurolli kuchlari har bir yalpi hujumdan so‘ng, o‘z raketa zaxiralarini juda tez bo‘lmasa ham, qisqa vaqt ichida to‘ldirishga qodir.

Bunga qo‘shimcha ravishda, Ukraina harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot kotibi Yuriy Ignat Rossiya armiyasining qanotlari bombalarini Ukraina uchun yangi tahdid deb atadi.

«Rossiya aviatsiyasi hozirda qanotli bombalarni uchirmoqda. Bu qanotlar bilan jihozlangan va o‘nlab kilometr masofaga uchishga qodir aviabombalar. Bunday qurolga ega Rossiya samolyotlari Ukraina havo mudofaasi zonasiga kirishi shart emas», degan Ignat.

«Bu bombalar biz uchun yangi chaqiriqqa aylanmoqda. Chegaralarimiz yaqinida Rossiya samolyotlari paydo bo‘lishining oldini olish uchun uzoq masofali zenit-raketa komplekslari va zamonaviy qiruvchi samolyotlardan foydalanishimiz kerak», deya ogohlantirgan u.

«Rossiyaliklarning yangi taktikasi havo hujumidan mudofaa tizimlari ishini murakkablashtirmoqda. Ammo bizda mavjud bo‘lgan vositalar bilan urib tushirish mumkin bo‘lgan raketalar, ko‘rib turganingizdek urib tushirilmoqda. Va hatto bunday katta yalpi hujumda ham samaradorlik ancha yuqori: 48 qanotli raketadan 34 tasi urib tushirildi, shuningdek to‘rtta «Shahed» droni ham yo‘q qilindi», degan Yuriy Ignat.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top