Dastlab maktab direktori Marziya Mavlonova bilan suhbatlashishga harakat qildik. Ammo direktor intervyu bermasligi uchun unga yuqoridan «buyruq» bo‘lganini ma’lum qildi. Bu muloqotga Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining Toshkent shahri bosh boshqarmasi vakili ham aralashib, holatni o‘rganishga to‘sqinlik qildi.
Vaholanki, vazirlik bergan rasmiy munosabatida ishchi guruh o‘rganayotgan nosog‘lom muhit bo‘yicha xolis axborot tarqatish kerakligi va ishchi guruh bilan birgalikda jarayonda ishtirok etish mumkinligi aytilgandi.
Shundan so‘ng o‘quvchiga dars vaqtida qo‘l ko‘targan, ammo voqea aslida boshqacha bo‘lgani haqida aytgan Gulchehra Mamajonova bilan suhbatlashdik. O‘qituvchi avvalroq yozgan posti orqali ta’kidlaganidek, o‘quvchiga qo‘l ko‘targanini, quyushqondan chiqqanini tan oldi.
«Aslida shuni ham aytib o‘tishim kerak, ijtimoiy tarmoqlarda bolani «noqobil, tarbiyasiz», deyishyapti. U bola tarbiyasiz emas, bunday deb o‘ylamayman. Uning oyisi bilan ham gaplashdim, bola endi o‘tish davrida. Baribir ayb mendan o‘tgan, buni tan olaman, haqiqatda qattiqroq tegib qo‘ydim.
O‘shanda dars tugashi bilan bola menda qolgan telefonini olishga qaytib keldi. Shunda bola bilan kelishib olgandik, onasini chaqirsa, uzr so‘rashimni ham aytgandim. Onasi bolasini urganimni bilsa, xafa bo‘lib yurmasin deb shuni aytgandim», deydi u.
O‘qituvchining aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin maktab direktori Mavlonova pedagogni xonasiga chaqirib, holat aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishini aytgan. Uzr so‘rashga ham tayyor bo‘lgan pedagogni kaltaklangan bolaning onasi bilan uchrashtirmaslik uchun, tushuntirish xatini yozdirib, jo‘natib yuborishgan.
O‘qituvchi uyiga ketganidan so‘ng, maktab ma’muriyati kaltaklangan bolaning onasini ham chaqirib, bo‘lib o‘tgan ishlarni muhokama qilishgan. Ona o‘sha kuni ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan uchrashib, o‘qituvchining qilgan ishidan jahli chiqqanini, ammo arz qilmasligini aytib chiqib ketgan. Ertasiga esa direktorning shaxsan o‘zi yana bir bor onani chaqirtirgan.






