Foto: Oliy bosh qo‘mondon qo‘shinlarning taktik o‘quvini kuzatdi
Ushbu mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi «Termiz» dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining brigada taktik o‘quvini kuzatdi.
«So‘nggi yillarda Qurolli kuchlarimiz tubdan isloh qilinib, qo‘shin turlarining qo‘llanish taktikasi va strategiyasi takomillashtirildi. Bo‘linmalarning hamkorligini tashkil etish, jangovar harakatlar va operatsiyalarni uchuvchisiz uchish apparatlari, aviatsiya va artilleriya imkoniyatlaridan kengroq foydalangan holda olib borishning zamonaviy tajribasi amaliyotga joriy etildi.
Xususan, bu jarayon guruh, vzvod va brigada taktik o‘quvlarida topshiriqlarni minimal yo‘qotishlar bilan bajarish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, bo‘linmalarni evakuatsiya qilish kabi mashqlarda o‘z aksini topmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ushbu mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazildi.
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni dala o‘quv maydonida harbiy xizmatchilar bilan olib borilayotgan 20 dan ortiq o‘quv joylaridagi jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan tanishdi. Shuningdek, dala sharoitida mobil texnik-ta’mirlash zavodining imkoniyatlari, qo‘mondonlik boshqaruv punkti faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Prezident tashabbusi bilan so‘ngi olti yil davomida Mudofaa tizimidagi barcha dala o‘quv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda xalqaro talablar asosida qurilish va ta’mirlash, zamonaviy vositalar bilan jihozlash ishlari olib borildi.
«Termiz» dala o‘quv maydonida ham Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining dala sharoitida jangovar bilim, ko‘nikma va ruhiy tayorgarligini oshirish, taktik o‘quvlarni o‘tkazish hamda harbiy san’at sohasida izlanishlar olib borish, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratildi.
Davlat rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda brigada taktik guruhi shaxsiy tarkibi bilan muloqot bo‘ldi. Prezident dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli kuchlar salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidladi.
Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
17:41 / 30.10.2024
Surxondaryoda isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlanadi
16:54 / 26.10.2024
Surxondaryo viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
19:37 / 25.09.2024
Sho‘rchi tumani hokimi o‘zgardi
17:09 / 24.09.2024