22:01 / 17.03.2023
24847

Ukrainalik harbiy katta yo‘qotishlar tufayli frontda tajribasiz askarlar jang qilayotganini aytgandi. Uning lavozimi tushirildi

Qo‘mondonlik uning yo‘qotishlar to‘g‘risida bergan ma’lumotlari oshirib ko‘rsatilganini ma’lum qilgan.

Foto: Celestino Arce Lavin / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

46-alohida aeromobil brigadasi batalon komandiri Anatoliy «Kupol» The Washington Post nashriga bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlarini tanqid qilishi ortidan lavozimdan tushirildi. Bu haqda dastlab «Ukrainskaya pravda» manbalari va The Washington Post gazetasi Ukraina byurosi shef-redaktori Izabel Xurshudyan xabar berishdi. Keyinroq bu ma’lumotni Ukraina desant-shturm qo‘shini rasmiysi Valentin Shevchenko tasdiqladi.

The Washington Post 13 mart kuni bahorda qarshi hujumga o‘tishi kutilayotgan Ukraina qurolli kuchlarining haqiqiy holati to‘g‘risida maqola e’lon qilgandi. Nashr jurnalistlari bir necha ukrain harbiy xizmatchilari, jumladan «Kupol» bilan gaplashishgan. The Washington Post materialida uning bo‘linmasi Donetsk oblastida jang qilgani, qishda ukrain harbiylari RF qo‘shini tomonidan qurshovga olinganida Soledardan chekingani aytilgan.

Batalon komandiri (kombat) «Vagner» XHK yollanma jangchilari ilgarilayotganida yuzlab ukrain askarlari o‘z pozitsiyalarini tashlab qochganiga guvoh bo‘lganini aytib bergandi. «Kupol» bu vaziyatni Ukraina qurolli kuchlari saflaridagi yo‘qotishlar fonida frontda ko‘plab yaxshi ta’lim ko‘rmagan yangi askarlar paydo bo‘lgani bilan bog‘lagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning bir yili davomida uning batalondagi 500 harbiydan 100 ga yaqini halok bo‘lgan va yana 400 nafari yaralangan, bu esa bo‘linma tajribasiz yangi askarlar bilan to‘ldirilishiga olib kelgan.

«Men 100 nafar yangi jangchi qabul qilaman va ularni tayyorlashga ham vaqt berilmaydi. Menga aytishadi: „Ularni jangga olib bor“. [Jangda esa] yangi kelganlar shunchaki barchasini tashlaydi va qochib qoladi. Tamom vassalom. Bilasizmi nima uchun? Chunki bu askarlar jang ko‘rmagan. Men so‘rayman: „Nima uchun?“ U esa aytadi: „Men o‘q ovozidan qo‘rqaman“. Va qandaydir sababga ko‘ra u hatto granata otib ko‘rmagan», — deydi harbiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, oldingi chiziqda o‘q-dori ham yetishmayapti, jumladan artilleriya va minomyot snaryadlari.

The Washington Post nashriga bergan intervyusida kombat o‘z qarorini AQSh qarshi hujum oldidan ukrain askarlarining yaxshiroq tayyorlanishini ta’minlashiga umid qilayotgani bilan izohlagandi. Gazetaning Ukrainadagi byurosi shef-redaktori Izabel Xurshudyan intervyudan oldin u kombat bilan uning so‘zlari faoliyatiga zarar yetkazishi mumkinligini muhokama qilganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kupol» «bu tavakkal qilishga arzishi»ni his qilgan.

«Doimo mo‘jizaga ishonch bor. Bu yoki qonli go‘shtqiymalagich va jasadlar bo‘ladi, yoki professional qarshi hujum. Ikki variant bor. Nima bo‘lganda ham qarshi hujum bo‘ladi», — degandi «Kupol» intervyuda.

Ukrainaning «Strana» nashri yozishicha, The Washington Post maqolasi «Ukrainada katta shovqin ko‘targan». Unga, xususan, Ukraina milliy xavfsizlik kengashi kotibi Oleksiy Danilov izoh bergan va jurnalistlarning ma’lumoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

«Ha, vaziyat murakkab. Biz bir yildan buyon hajmi jihatdan bizdan katta bo‘lgan, ammo aqlan katta bo‘lmagan davlatga qarshi urush olib boryapmiz. Bizga qiyin bo‘lishini bilganmiz. Ammo hozir haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumot taqdim etish bilan vaziyatni buzish umuman yoqimli ish emas», — degan u ukrain televideniyesi efirida.

Ukraina desant-shturm qo‘shinlari vakili Valentin Shevchenko ham «Kupol» intervyuda «noto‘g‘ri ma’lumot» bergani, shundan keyin harbiylar xizmat tekshiruvi o‘tkazganini aytdi. Shevchenkoning so‘zlariga ko‘ra, kombat jurnalist bilan rahbariyati ruxsatisiz gaplashgan, bu esa qoidalarni buzish hisoblanadi.

«Harbiy xizmatchi o‘ziga bo‘ysunuvchi bo‘linmaning janglar vaqtidagi yo‘qotishlari to‘g‘risida aytgan ma’lumotlari sezilarli darajada oshirib ko‘rsatilgan. Qolaversa, bu foydalanish cheklangan ma’lumot hisoblanadi», — deya qo‘shimcha qilgan.

Shevchenkoning aniqlik kiritishicha, «Kupol»ga Ukraina qurolli kuchlari desant-shturm qo‘shinlarining o‘quv markazlaridan biridan lavozim berilgan. Qo‘mondonlikning qaroriga javoban ushbu harbiy xizmatchi bo‘shash to‘g‘risida raport yozgan. Kombat «Gromadske»ga bergan intervyusida aytishicha, desant qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Maksim Mirgorodskiy unga lavozimi tushirilganini agar «Kupol» harbiylar yomon tayyorlanmoqda deb hisoblayotgan bo‘lsa, ularni tayyorlash bilan o‘zi shug‘ullanishi kerakligi bilan izohlagan.

«Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, bu harbiylar jurnalistlar bilan suhbatlashganidan keyin 46-brigadaga o‘tkazilishi bilan bog‘liq ilk holat emas. Avvalroq desant qo‘shinlari serjanti Oleksandr Pogrebiskiyni 2023 yil yanvarida Soledardagi vaziyat to‘g‘risidagi intervyusidan keyin o‘quv markazidagi rota bosh instruktori lavozimiga o‘tkazishgandi. «Harbiy rahbarlar haqiqatni yoqtirmaydi va tizimli muammolarni hal etishni xohlamaydi», — deya qayd etgan nashr suhbatdoshi.

Ukrainaning «Tsenzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov «Kupol»ni himoya qilib chiqqan, uning fikricha, bu harbiy «askarlar joni haqida qayg‘urib, muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazish uchun tayyorgarlikda o‘zgarishlar qilishni talab etgan». Jurnalist qo‘mondonlik o‘z qarorini ko‘rib chiqishi va kombatni o‘z lavozimiga tiklashiga umid bildirgan.

«Biz Rossiyani frontda ham, o‘z ongimizda ham yengishimiz kerak — og‘izni yopish o‘rniga har kuni o‘zimizni takomillashtirish haqida o‘ylash va harakat qilishni boshlashimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Butusov.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top