11:03 / 18.03.2023
24549

«Ilojsizlikdan mardikorlik qilib yuribman». Bir qo‘l bilan uch farzandni boqayotgan musofir ayol hikoyasi

Foto: KUN.UZ

«Birovlarning bolasini o‘ynatayotganimda bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi. Yodgorim, ortimdan mo‘ltirab qolgan qizlarim ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Agar boshpanamiz bo‘lganda, yoki uni olishga qodir qilgan maoshli ish topganimda begona yurtlarga kelarmidim? O‘zingning qorako‘zlaring turib, birovlarning farzandiga qarash osonmi?»

«Hayotiy hikoyalar» ruknining ushbu qahramoni musofir yurtda kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, rizq-nasibasini terib yurganlardan. U qizlariga tarbiya beradigan, falaj o‘g‘liga g‘amxo‘rlik qiladigan vaqtda o‘z istagi bilan, mol-dunyo orzusida o‘zga yurtga ketgani yo‘q. O‘z xohishi bilan emas, balki noilojlikdan, birovlarning qistovi bilan ishlab yuribdi.

Uch yoshida ota-onasidan yetim qolgan Nasibaga (ism o‘zgartirildi) hayot tuganmas baxt bergandek bo‘ldi-yu, lekin uni tezda tortib oldi. O‘zi qurgan uydan uch bolasi bilan quvilgan ayol kechmishlarini o‘zidan tinglaymiz.

«Ota-onam avtohalokat natijasida bir kunda dunyodan o‘tishgan. O‘shanda uch yashar qizaloq edim. Besh yosh akam bilan mo‘ltirab qolaverganmiz. Tog‘alarimning qo‘lida katta bo‘ldik. Ota-onamdan kichikroq bir hovli meros bo‘lib qolgandi. Akamni o‘sha hovliga uylantirishdi. Meni ham o‘rab-chirmab, uzoqroq qishloqdagi bir usta yigitga uzatishdi.

Biz juda baxtli edik. Nazarimda u yetimlikda tortgan barcha azoblarim uchun Allohning mukofoti edi. Birgalikda bir uy, bir dahlizli boshpana solib, sigir, qo‘y-qo‘zi ham orttirdik.

Men parda tikardim. Lekin bir baxtsiz hodisa sabab o‘ng qo‘lim yaxshi ishlamay qoldi. «Pardachilik qilmasang ham boqvolaman», derdi turmush o‘rtog‘im. Juda mehribon edi. Birin-ketin tug‘ilgan ikki bolamni esa yer-u ko‘kka ishonmasdi.

Baxtli kunlarimiz 2015 yilda, u vafot etganidan so‘ng tugadi. Ko‘z ochib ko‘rgan insonimni kuppa-kunduzi bir boyvachchaning erkatoyi katta tezlik bilan urib yuborib, baxtimizni chil-chil sindirdi.

Erimning qirqi o‘tmay, akalari uyimizga turmushidan, uy-joyidan ajragan ikki bolali qaynopamni kirgizib qo‘yishdi. Ko‘nglimda zarracha shubha yo‘q. Qaytanga xursand bo‘ldim. «Har qalay erimning singlisi. Bolalarimning ammasi. Yolg‘iz bo‘lmaymiz. U bolalarimga qarasa, men mavsumiy ishlarga chiqib, tirikchilik uchun pul topaman», dedim.

Erim o‘lganda qornimda gumona qolgan ekan. Ko‘p siqilganimdan nogiron tug‘ildi. Falaj bo‘lgani kamday, kar-soqov ham edi. Qaynopam bolalarga qarar, men mavsumiy ishlarga chiqardim. Yetti kishilik ro‘zg‘or xarajati, tirikchilik, kichkinamning dori-darmoni… Ikki yil shunday yashadik.

Xullas, o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib, halol pul topardim. Yaxshi ishlamaydigan o‘ng qo‘lim ham harakatlarimga ko‘nikdi. Ammo og‘ir mehnatdan so‘ng zirqirab og‘rirdi.

Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ to‘rt muchasi sog‘, baquvvat, o‘zimdan atigi ikki yoshgina katta qaynopamning uzzukun uyda qolishiga hayron, «sening o‘rningga u, yoki navbatma-navbat ishlasangiz bo‘ladi-ku. O‘zingni xarob qilyapsan», deyishardi. Men «mehnatdan hali hech kim o‘lmagan», deb javob berardim. Qaynopamning esa ensasi qotardi.

Bir kuni kenja o‘g‘limning soni va qo‘lida ko‘karib qolgan joylarni ko‘rdim. Bechora rosa yig‘laganidan qovoqlari ham shishib ketgandi. Ikkala qizimni chaqirdim. Men yo‘qligimda ukasining tagligini almashtirib yuvishga ular mas’ul edi. Momataloqlarni ko‘rsatib, yig‘lab yubordim:

— Yodgorbekni qaysi biring urding?!

Ikkalasining boshi egilgan. Jim. Nimadir demoqchi bo‘lishdi-yu, qo‘rqib turishardi. Qayta-qayta so‘rab, asabiylashib, ularga qo‘l ko‘tarib yuborganimni sezmay qoldim. Shundagina kichik qizim eshikni borib ichkaridan yopib, qo‘rqa-pisa qulog‘imga shivirlay boshladi:

— Biz emas, ammam qildi buni. Uyimizga bir begona tog‘a kelib turadi. O‘shanda hammamizni ko‘chaga, o‘ynagani chiqarib yuboradi. Do‘nglik orqasidagi bog‘da uch-to‘rt soat o‘ynaymiz. Bugun ham shunday bo‘ldi. Ukam o‘zi uch-to‘rt kunda bir ichi keladi-yu... Bugun ko‘proq kelibdi-da, aya. Qaytganimizda ammam tagligini almashtirayotgan ekan. «Uyni sasitib, ko‘nglimni aynitib yubording», deb burab-burab, shappatilab urayotgandi...

Qizimning boshqa gaplari qulog‘imga kirmay, miyam g‘uvillab ketdi. O‘zi qo‘shnilar ikki oydan beri «qaynopangning oyoq olishi yaxshi emas, uyingga begona erkak oralab qoldi», deyishsa, ishonmagandim . Jur’atimni to‘plab so‘raganimda esa «gazchi, svetchi, MIBchi kelsa ham jalab bo‘laverar ekanman-da?» desa, unga ishonib, vahimachi qo‘shnilarning og‘zini yopgandim.

O‘g‘limning badanidagi momataloqlar va qizalog‘imning og‘zidan chiqqan gaplardan so‘ng chidab turolmadim. Kim bilandir telefonda erkalanib gaplashib turgan qaynopamning tepasiga kelib, norasta, nogiron go‘dak tanasidagi momataloqlarni ko‘rsatdim.

Kechirim so‘rashi, yig‘lab-siqtab tavba qilishini kutgandim. Qayda?!

Telefonni uloqtirib, sochimdan yulib ura ketdi. O‘g‘limni to‘shakka yotqizishga ham ulgurmadim. Bo‘g‘zidan chiqayotgan gaplarga esa ilon po‘st tashlardi:

— Ha, sening shol qo‘ling bilan topayotgan uch-to‘rt so‘mingga qarab o‘tiraymi? Men ham odamman! Yaxshi yeb, ichgim keladi. Yoki senga erkak zoti qaramaganidan alamzadamisan? Yo‘o‘o‘q! Mardikorlikka ketib nima ishlar qilayotganingni bilaman. O‘zingga boq oldin! Ukamning arvohi ursin seni!

Oxirgi gaplari alam qilib, o‘g‘limni to‘shakka yotqizib, urib tashladim. Lekin u mendan ancha kuchli edi. Bir harakat bilan shol qo‘limni yelkamdan buragach, ingrab polga yiqildim. Qizlarim, bolalarining yig‘i-sig‘isiga qaramay ustimga o‘tirib uraverdi. O‘rnidan turib tepaverdi.

Taloto‘pda qattiq qo‘rqqan va ammasiga bas kelolmagan katta qizim amakisinikiga yordam so‘rab yugurgan ekan. Ularning ostona hatlaganini ko‘rdim-u, hushimni yo‘qotdim. Shu yotgancha uch kun hushsiz bo‘libman.

O‘zimga keliboq, militsiyaga bormoqchi bo‘ldim. Ikki qaynog‘am, xotinlari hay-haylab o‘rnimga yotqizishdi. Ishonasizmi, badanimda sog‘ joy qolmagan, qaqshab og‘rirdim. Yana hushimdan ketdim.

Kechga yaqin ingrab ko‘zimni ochib, tepamda izillab turgan qizlarimni ko‘rdim. Ikki qadam narida esa qaynog‘amlar, xotin bola-chaqasi bilan xandon otib kulgancha ovqatlanib o‘tirishardi. Xo‘rligim keldi. Yetimchaligimga yarasha, qaynona-qaynotam bo‘lmaydimi? Balki, ularning rahmi kelardi menga. Afsus, kelin bo‘lmasimdan avvalroq o‘tib ketishgandi. Vahshiy qaynopam ko‘rinmasdi. U yorib tashlagan jag‘imni, lablarimni arang qimirlatib, ojiz sas bilan zo‘ravonni so‘radim. Xontaxta atrofidagilar bir-biri bilan pichirlashib olgach, ovsinim javob berdi:

— Xotirjam bo‘ling, militsiya olib ketdi.

Biroq kichik qizim titrab, qo‘rqa-pisa bu gap yolg‘onligini aytib qo‘ydi. Kechga yaqin qandaydir bir do‘xtir kelib yorilgan joylarimga ko‘kdori bosdi. Bir-ikki dorilar yozdi. «Meni do‘xtirxonaga olib borishmaydimi?» degan savolimdan mijjasiga yosh qalqidi-yu, javob bera olmadi.

Shu yotganimcha o‘n kun qimirlashga holim bo‘lmadi. Nogiron o‘g‘lim yonma-yon yotamiz, qizlarim qarashardi. Bir kuni militsiya, sud degan gaplarimdan g‘azabi toshgan qaynog‘am loy-poy oyoq kiyimi bilan tepamga bostirib kelib, baqirib tashladi:

— Qanaqa militsiya, haromi?! O‘z qaynopangni qamatasanmi? Rahmatli ering bilan bir qorinda yotgan jigari, bolalaringning ammasinimi?! O‘chir!!! O‘ldirib qo‘ymabdi-ku! Mengina emas, bolalarim ham qo‘rqib chinqirib yuborishdi. Shashtimdan tushib, uning ko‘zlariga mo‘ltiradim:

— Mayli aka. Faqat uyimizdan chiqib ketsin! Boshqa da’vom yo‘q!

U xuddi shu gapimni kutib turganday ustimdan bir dunyo qog‘ozlarni sochib yubordi.

— Mana qanjiq, o‘qi! Singlim emas, sen chiqasan uydan! Chunki uyni ukam ikkalang qurgan bo‘lsang ham, yer mening nomimda!

Ko‘z o‘ngim qorong‘ilashib ketdi. Bu gaplardan xabarim yo‘q. Faqat odat bo‘yicha kenja o‘g‘il, ya’ni erim oilasi bilan qolishi kerak bo‘lgan ota hovlida akamiz qolib, bizga quruq yer «sovg‘a» qilishgandi. Bu joyni qurishga birov bir so‘m bermagan, er-xotingina tirishib, tirmashib harakat qilgan edik.

— Insof qiling aka! Sizning dang‘illama uyingiz bor. O‘n sotix! Menga achinmasangiz ham, ukangizdan qolgan jigarlaringizga rahmingiz kelsin!

Ammo uning qalbi yumshamadi. Qaytanga bolalarim eshitib turganidan ham uyalmay, avjiga chiqdi:

— Kimga rahmim kelsin? Chalajon o‘g‘linggami? Baribir uni uylolmaysan? Ikkita qizing esa birovning xasmi!

Bir oy, to jarohatlarim bitmaguncha uydan tashqariga chiqarishmadi. Asirday ushlashdi. Telefonimni ham olib qo‘yishgandi. Oy oxirida esa ko‘ch-ko‘ronim, uch bolam bilan akamnikiga tashlab ketishdi.

Qonun himoyachilariga bordim. Biroq na militsiya, na sud men tomon bo‘ldi. Hatto mahalla ham qaynog‘am, qaynopam tarafida turib, qonunan ular haqligini takrorlashardi...

Akam-ku bag‘riga oldi. «Besh sotix hovlining yarmi seniki singlim. Bahorga chiqib bir uy, dahlizli qilib qurilishni boshlaymiz», dedi. Biroq bu gaplar kelinoyimga yoqmadi chog‘i, nomigagina bosh irg‘adi. Qovog‘i ochilmadi. Imkon bo‘ldi deguncha, chaqib, uzvolardi. Akamning oldida jon kuydirib, yo‘qligida jon olardi.

Men yana mardikorlikka chiqa boshlagandim. Lekin ro‘zg‘orga qanchalik qarashmay, bolalarimga kun bermasdi... Axiyri bir kuni ko‘chadan og‘zi qulog‘ida kelib, xushxabari borligini aytdi:

— Falonchi sinfdoshim Turkiyada ishlab, uy olishga pul yig‘ibdi. Siz ham ketmaysizmi? Bir tomonlama bilet olsa ham bo‘larkan. O‘zim topib beraman.

Nogiron bolam qo‘limda edi. Uni qattiq bag‘rimga bosib, kelinoyimning ko‘zlariga javdiradim:

— Shu go‘dakka rahmingiz kelsin! Men ketsam, u va qizlarimning holi nima kechadi?

Uning ensasi qotib, qoshi chimirildi:

— Sizga yaxshilik qilaman desam, yana shu bolani pesh qilasiz-a? Birovlarnikida sig‘indi bo‘lib yashash joningizga tegmadimi? Uy-joyli bo‘ling degandim.

— Akam birovmas-ku!

U vishillab yubordi:

— Men birovman!

Xullas, u qilib, bu qilib qattiq qarshilik qilgan akamni ham avrab, bolalarimni olib qolib, meni Turkiyaga jo‘natdi. Yig‘lab-yig‘lab ko‘nikdim. Chol-kampirlar, bolalarni qarab, uy tozalab pul topa boshladim.

Ishonasizmi, Istanbulda ko‘plab vatandoshlarimiz bor. Imkon topib yig‘ilib, ko‘ngil yozib turishadi. Ularga ham qo‘shilmay, topganimni yig‘aman. Yangi kiyim-kechak bilan-ku mutlaqo ishim yo‘q. Maoshimni kurush-kurushigacha yig‘ib, dollar qilib akamga yuboraman.

Lekin birovlarning bolasini o‘ynatayotganimda, ovqatlantirayotganimda bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi. O‘kirib yubormaslik uchun zo‘rg‘a o‘zimni bosaman. Shiftga termulib yotadigan Yodgorim, ortimdan mo‘ltirab qolgan qizlarim aslo ko‘z o‘ngimdan ketmaydi».

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top