Inson hayotda o‘z oldiga biror maqsad qo‘yar ekan, shunga yarasha sa’y-harakat ham ko‘rsatmog‘i kerak. Maqsad qanchalar katta bo‘lsa, harakat ham shuncha salmoqli bo‘lishi talab etiladi. Bu yo‘lda eng asosiysi iroda mustahkamligi. Maqsad yuksak, orzu beqiyos, umid tuganmas bo‘lsa-yu, iroda sust bo‘lsa barcha harakat nolga teng. Kutilgan natijalaringizga erisholmadingiz, rejangiz amalga oshmadi, muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz. Xo‘sh, nima qilish kerak? Hammasini yig‘ishtirishmi? Tushkunlikka tushishmi? Qilgan mehnatlaringizga achinib, vaqtni zoye ketkazishdir? Yo‘q! Davom etish kerak! Qayta-qayta urinib ko‘rish, reja va amal ustida qayta ishlash kerak. Biz bilgan muvaffaqiyatli insonlarning qay biri omadsizlikka uchramabdi? Shu joyda iroda kuchga keladi. Iroda, sabr-bardosh, uziliksiz mehnat deyilsa, “Martin Iden” asarini o‘qiganlarning ko‘z oldiga asar qahramoni Martin kelishi aniq. Uning o‘z maqsadiga yetish yo‘lidagi mashaqqatlari, qat’iyati har bir kitobxon uchun ibrat vazifasini o‘taydi.

Syujyet:

Bir kuni Martin Iden ismli matros yigit aslzoda xonadonga mehmonga borib qoladi. Xonadon egalarining bir-biriga nisbatan go‘zal muomalasi, so‘zlashuv madaniyati, ilm-fan bo‘yicha suhbatlari, yashash tarzidagi nazokati, shu bilan birgalikda, Ruf ismli latofatli qizi Martini o‘ziga shaydo qiladi. Xonadonga bir necha bor tashrifi va sohibjamol bilan suhbatlari qahramonimizning hayotida keskin burilish yasaydi. Endi Martinda bilim olish, ilm cho‘qqisiga yetishish, aslzodalar xonadoniga arzirli bo‘lish, eng muhimi, Rufga yetishish istagi paydo bo‘la boshlaydi. U turli xil kitoblarni o‘qiy boshlaydi. Kutubxonaga paydar-pay qatnab turadi. Matroslik safariga ham faqatgina pul zarur mahali chiqadigan bo‘ladi. Idenda yana bir g‘aroyib orzu — yozuvchi bo‘lish istagi paydo bo‘ladi. Bir qancha hikoya va qissalar yozib, gazeta va jurnallarga tarqatadi. Vaqt o‘tgan sari uning yozgan, ammo hech bir nashrga qabul qilinmagan materiallarining sanog‘iga yetib bo‘lmay qoladi. Bu orada u Rufning qalbini zabt etadi, dengizdagi safarlarga ham chiqmay qo‘yadi. Oqibatda o‘ta nochor holatga tushib qoladi, hayotini faqat moddiy manfaat ipiga bog‘lagan pochchasi sabab opasining uyidan ketib, 7 farzandli ayolning ijara uyida ijarachi bo‘lib yashay boshlaydi. Uning holi shu darajaga yetadiki, kunlab och yuradi, bor-budini garovga beradi va hamma baqqoldan qarzdor bo‘lib ketadi. Ammo Martin o‘zining maqsadidan bir soniya bo‘lsin kechishni xayoliga ham keltirmaydi. Muvaffaqiyatsizlik ketidan muvaffaqiyatsizliklarga parvo ham qilmaydi. Yozaveradi. Yozaveradi. Ruf uni tashlab ketadi, pochchalarining tazyiqi bilan opalari ham yuz o‘giradi. Iden butunlay yolg‘izlanib qoldi. Nihoyat unga omad kulib boqadi va bitta asari judayam mashhur bo‘lib ketadi. Bu muvaffaqiyatdan so‘ng ilgari Martinning asarlarini rad qilib yuborgan gazeta va jurnallar endi turli iltimosnomalar yuborib, katta mablag‘ evaziga uning materiallarini so‘ray boshlashadi. Martin endi badavlat, mashhur va obro‘li shaxsga aylanib qoladi. Asarning kulminatsiyasi ham ayni shu joyda boshlanadi. Undan yuz o‘girgan, doim kamsitgan, haqorat qilgan insonlar, hatto Rufning oilasi ham mashhur yozuvchiga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartiradi. Uni ovqatlanishga, ziyofatlarga, bazmlarga taklif qila boshlashadi. Aynan shu narsa Idenning ko‘ngliga og‘ir botadi va u bu jamiyatdan, soxta insonlardan bezib qoladi. Og‘ir kunida qo‘lidan kelgan darajada yordami tekkan sanoqli insonlarning orzusini amalga oshiradi va bu orqali yaxshilik javobsiz qolmasligini isbotlaydi. Uning taqdiri fojiali yakun topadi. Yuragi soxtaliklarga bardosh berolmaydi va bu ahmoqona jamiyat va yuzakilik asosiga qurilgan hayotni tark etishga qaror qiladi. O‘zini dengizga cho‘ktiradi...