O‘zbekiston | 01:18 / 23.03.2023
127528
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana zilzila ro‘y berdi

6 ball magnitudali zilzila Tojikistonning So‘g‘d viloyati hududida ro‘y bergan. O‘zbekiston viloyatlarida zilzila kuchi 4-5 ballni tashkil etdi.

23 martga o‘tar kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida yana yer silkinishi kuzatildi.

FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabar qilishicha, Toshkent vaqti bilan soat 01:07 da Tojikistonda zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila koordinatalari: 39,39 gradus shimoliy kenglik; 69,93 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=6. Chuqurlik 15 km. Zilzila epimarkazi Toshkentdan 217 km janubiy-sharqda.

O‘zbekiston Respublikasi hududida sezilish kuchi:

  • Sirdaryo viloyatida 5 ball, 157 km
  • Farg‘ona viloyatida 5 ball, 192 km
  • Jizzax viloyatida 5 ball, 198 km
  • Toshkent shahrida 5 ball, 217 km
  • Namangan viloyatida 4-5 ball, 232 km
  • Samarqand viloyatida 4-5 ball, 256 km
  • Andijon viloyatida 4-5 ball, 257 km
  • Surxandaryo viloyatida 4 ball, 335 km
  • Qashqadaryo viloyatida 4 ball, 363 km
  • Navoiy viloyatida 4 ball, 398 km
  • Buxoro viloyatida 4 ball, 474 km.

UPD: Toshkent vaqti bilan soat 01:36 da Tojikistonda 3,9 balli ikkinchi zilzila (aftershok) sodir bo‘ldi. Zilzila epimarkazi Toshkentdan 215 km janubiy-sharqda.

Eslatib o‘tamiz, 21 mart kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:47 da Afg‘onistonda ro‘y bergan 6,6 balli zilzila O‘zbekistonning barcha hududlarida sezilgan, Toshkent shahrida yer silkinishi kuchi 5 ballni, Surxondaryo viloyatida 6 ballni tashkil etgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida bunga qadar eng kuchli zilzila 2011 yil 20 iyuliga o‘tar kechasi, soat 01:35 da ro‘y bergan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida 6,2 balldan 7 ballgacha baholangan yer silkinishi oqibatida 13 kishi halok bo‘lib, 86 kishi tan jarohati olgandi.

Mintaqada so‘nggi eng kuchli zilzila 2008 yil 5 oktyabrida, soat 21:52 da Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan, o‘shanda qariyb 8 balli zilzila oqibatida 70 dan ortiq kishi vafot etgan, yuzdan ortiq kishi tan jarohati olgan, 144 bino vayron bo‘lgan.

1966 yil 26 aprelida esa 5,2 balli zilzila oqibatida Toshkent shahrining markaziy qismi amalda butkul vayron bo‘lgan. O‘shanda seysmik tebranish oqibatlari tufayli kamida 10 kishi halok bo‘lib, bir necha yuz kishi jabrlangan, 300 mingga yaqin kishi boshpanasiz qolgan. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlariga SSSRning barcha respublikalaridan yordam kelgandi, shaharni tiklash ishlari uch yil davom etgan.

2023 yil 6 fevralida Turkiya janubi-sharqi va Suriya shimoli-g‘arbida so‘nggi o‘n yilliklardagi eng vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Qurbonlarning aniq soni hozirga qadar ma’lum emas, ammo Turkiyada bu raqam 50 mingdan oshgan.

Mavzuga oid