Markaziy Osiyodagi ilk demokratik hukumat – Turkiston muxtoriyati bor-yo‘g‘i 72 kun yashaydi. Asar muallifi va o‘sha muxtoriyatning tashqi ishlar vaziri Mustafo Cho‘qay turkiylarning bu mag‘lubiyatini quyidagi jumlada izohlab o‘tgandek tuyuladi:
“Siyosatda eng buyuk baxtsizlik obektiv og‘irliklarni va o‘z kamchiliklarini ko‘ra bilmaslik yoki ko‘rishni istamaslikdir”.
Obektiv omillarni chetga surib sub’yektiv ko‘rsatkichlarni alohida ko‘zdan kechirsak, hozirda mavjud bo‘lgan deyarli hamma milliy kamchiliklarimiz o‘sha davrlardan beri davo topmay kelayotganini ko‘rish mumkin. “Istiqlol jallodlari” ham ayni shu kamchiliklarimiz atrofidagi xotiralar asosida yozilgan desam adashmagan bo‘laman.

Kitob haqida
Mustafo Cho‘qay xotiralari asosida yozilgan “Istiqlol jallodlari” asari mustaqil O‘zbekiston tarixida shu kungacha atigi bir marta, 1992-yilda nashr qilingan. Oradan 30 yil o‘tib 2022 yil kitob qaytadan nashr qilindi. Kitobning yangi nashri 96 betdan iborat.
Rus muhojiroti xuruji va oqibatlari
1917 yildagi inqilobdan Chor Rossiyasi hukmronligi ostida bo‘lgan xalqlar, to‘g‘rirog‘i, o‘sha millatlarning ziyoli kishilari butkul boshqa natijalar kutishgani, chorizmning ag‘darilishidan qanchalik sevinishganini ko‘rish mumkin. Chunki ular hukumat o‘zgarishi bilan haqsizlik yakun topishiga, “g‘ayrirus o‘lkalarda keng miqyosda “Ichki milliy idora” qurilishiga, bu o‘lkalarga bosib kelayotgan rus muhojirotining to‘xtashiga” ishonishgan. Natijasi ne bo‘lganidan esa zamonaviy dunyo odami sifatida yetarlicha xabaringiz bor deb o‘ylayman. Yuqorida muammo o‘laroq keltirilgan masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tmasligimni aytishdan avval, o‘sha davrda rus muhojirotining g‘ayrirus o‘lkalariga uzluksiz davom etishi va buning mezbonlarga bo‘lgan zararlari haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsam.
Bu davrda Chor Rossiyasidagi 30 mingga yaqin mulkdor oilalar qo‘lida 64 mln 700 ming gektar, 10 million dehqon oilalari jamoatida esa 68 mln 600 ming gektar yer mavjud bo‘lgan. Tengsiz bo‘linishdagi juda katta farqni ko‘ryapsizmi?
Rus chorlari hukumati, bir tomondan, taxtining tayanchi sanalgan mulkdorlarning necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan “haqi”ni mudofaa etishga urinsa, ikkinchi tomondan, dehqonlarning o‘sib kelayotgan inqilobiy ruhiyatini bostirishga harakat qiladi. Bu og‘irlikdan qutulish chorasi istilo etilgan hududlarga Kavkaz, Sibir, xususan, Turkistonga yersiz ruslarni ko‘chirishda deb topildi. Asl yerli xalqdan tortib olib ruslarga berilgan yerlarning ko‘lamini his etish uchun esa birgina Qozog‘iston jumhuriyati doirasida 45 mln gektar yer haqiqiy egalaridan tortib olinganini misol keltirish mumkin. Va bu ko‘rsatkichlar yana oshib borgani bois, g‘ayrirus o‘lkalaridagi millat liderlari doimiy rus muhojirotining to‘xtatilishiga urinib kelishganiga Mustafo Cho‘qay asaridan yana bir bor isbot topish mumkin.
















