01:05 / 29.03.2023
31063

Chetlatish, penaltilar va durang. O‘zbekiston Venesuelaga qarshi o‘rtoqlik bahsida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

O‘zbekiston milliy jamoasi FIFA kunlari doirasida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan ikkinchi o‘rtoqlik bahsida Venesuelaga qarshi maydonga tushdi.

Jiddada o‘tgan bahs o‘rtoqlik maqomida bo‘lsa-da, o‘yingohdagi sanoqli muxlislar rasmiy o‘yinlarda kuzatiladigan shiddatli va asabiy bahsga guvoh bo‘lishdi.

6-daqiqadayoq himoya chizig‘idagi bo‘sh o‘yindan venesuelaliklar foydalanib, Gonsalesning goli evaziga hisobni ochishdi – 1:0.

Bo‘lim yakuniga kelib, Srechko Katanets shogirdlari hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. Ammo Shomurodov ishlagan penaltini Masharipov «Panenka uslubi»da yo‘llab, darvozani nishonga ola bilmadi...

Uchrashuvning 68-daqiqasida raqib futbolchisi Velasko Turg‘unboyevga nisbatan ishlatgan qo‘polligi uchun maydondan chetlatilgach, son jihatdan ustun bo‘lgan vakillarimiz hujumkorlikni oshirishdi. Natijada, 73-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Jasur Yaxshiboyev o‘zi penalti ishlab, o‘yinda hisobni tenglashtirdi – 1:1. Bu yakuniy natija bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi Saudiyada Janubiy Amerika qit’asining ikki vakili – Boliyaviyani mag‘lub (1:0) etgan bo‘lsa, Venesuela bilan durang (1:1) qayd etdi.

28 mart (seshanba). Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi.

O‘zbekiston – Venesuela – 1:1

Jidda. «King Abdullah Sport City Stadium».

Gollar: Jasur Yaxshiboyev 77 penaltidan - Aleksandr Gonsalles 6.

Hakam: Xolid Al-Turais (Saudiya Arabistoni)

O‘zbekiston: 12. O‘tkir Yusupov, 3. Hojiakbar Alijonov, 15. Umarbek Eshmurodov, 23. Husniddin Aliqulov, 13. Sherzod Nasrullayev (Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, 88), 18. Abdulla Abdullayev (Jasur Yaxshiboyev, 73), 6. Azizjon G‘aniyev, 7. Otabek Shukurov (Sardor Sobirxo‘jayev, 62), 8. Jamshid Iskanderov (Aziz Turg‘unboyev, 58), 10. Jaloliddin Masharipov (Oston O‘runov, 58), 14. Eldor Shomurodov (Bobur Abduxoliqov, 58).

Venesuela: 1. Xoel Graterol, 21. Aleksandr Gonsales, 5. Junior Moreno, 3. Yordan Osorio, 18. Migel Navarro, 2. Velasko Fuentes, 10. Ernesto Torregrossa, 13. Xose Luis Martines, 9. Eduard Bello (Chanchelor, 70), 19. Kristian Kasseres (Tomas Rinkon, 70), 23. Salomon Rondon.

Chetlatish: Velasko Fuentes, 68.

Top