Chekka hududlarni qo‘ya turaylik, hatto viloyat markazlarida ham hanuzgacha kadrlar yetishmovchiligi seziladi. Tashkilotlarda aynan o‘z sohasining mutaxassislari emas, balki ishni eplagani uchun boshqa soha vakillari faoliyat yuritayotganini ko‘rish mumkin.
Tashkilotlarda mutaxassis yetishmovchiligi, yosh kadrlarda esa ish muammosi. Buning asl sababi nimada?
Viloyatlarda davlat tashkilotlari va xususiy sektorda mutaxassislar yetishmasligi bot-bot tilga olinadi. Ammo har yili bir necha o‘n minglab talabalar oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, tug‘ilib o‘sgan hududiga qaytib ketishadi. Xo‘sh, poytaxtdan tashqarida ish topish qay darajada oson yoki qiyin? Buni amalda sinab ko‘rishga qaror qildim. Bakalavr va Magistr diplomlarimni olib ish izlashni boshladim.
Fevral. Magistraturani tamomlaganim bois dastlab viloyatdagi oliygohlar eshigini qoqdim. Beshta oliy ta’lim muassasasining bittasi yuqoridan shtat kelishi kerakligini, o‘zi xabar berishini aytdi. Uchtasi yanvar oyida kelmaganligim bois ish qolmagani, darslar taqsimlab bo‘lingani va oylik maoshi kam ishlar borligi, ular menga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida(JDPU) o‘zlari xabar berishlarini aytib ma’lumotnomamni olib qolishdi.
Mart. 1 mart sanasida JDPU xodimlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Bo‘riyev telefon qilib chaqirdi. Borganimda ishga olishlarini, universitetning media markazida jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishimni aytdi. Faqat rektor bilan suhbatlashganimdan so‘ng hammasi aniq bo‘lar ekan. Taksichi aytganchalik qiyin emas ekan-ku, ishga kirish, deb topshirilgan vazifaga sho‘ng‘ib ketdim.
Bir hafta davomida to‘rtta professordan interyu olib, bittasini montaj ham qilib berdim. Ish boshlagan kunimdan buyruq chiqarishlarini aytgan bo‘lishsa-da, na rektorning suhbatidan, na qilishim kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini berishdan darak bor.
Har kuni shu vaqtda rektorning oldiga kirasiz deydi “kadr”. O‘sha vaqt kelganda rektor dam hokimiyatga ketgan, dam vazir bilan videomuloqot qilayotgan bo‘ladi. Xullas, ish bor-u, ishga olishdan darak yo‘q.
Bo‘limdagi operator yigitchaning so‘ziga qaraganda mendan avval bir yarim oy davomida ishlagan jurnalistga buyruq chiqmagan, shuncha vaqt ishlaganidan so‘ng xodimlar bo‘limi boshlig‘i uni ishga ololmasligini aytgan.
Oylik maosh bir million to‘rt yuz ming so‘m. Uch oygacha ustama yozilmaydi. Uch oydan so‘ng ham ishingizga qarab (aniqrog‘i talab qila olishingizga qarab) ustama yozishar ekan. Bu oylik hatto ishga kelib-ketish xarajatlarini ham qoplamaydi.

















