Jahon | 09:15 / 01.04.2023
12576
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Tramp 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

Moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha mutaxassis Devid Shapiro DW nashriga Donald Trampga ayblov qo‘yish jarayoni qanday bo‘lishi mumkinligini tushuntirdi.

Foto: AP

Nyu-Yorkdagi katta hakamlar hay’ati qaroridan so‘ng Donald Trampga qo‘yilishi kutilayotgan ayblovlar bo‘yicha AQShning sobiq prezidenti taxminan to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda 31 mart, juma kuni DW media-kompaniyasiga bergan intervyusida Federal tergov byurosining (FTB) sobiq maxsus agenti, firibgarlik va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassis Devid Shapiro aytib o‘tdi.

«Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanib, ayblovlar to‘plamiga til biriktirish, biznes hujjatlarini qalbakilashtirish, saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilishda firibgarlik, sug‘urta va soliqqa oid firibgarlik kiradi, deb taxmin qilaman», - deydi Shapiro. «Ayni paytda ularning aksariyati (ehtimoliy ayblovlarning), aftidan, gap Trampga to‘rt yillik qamoq jazosi bilan tahdid soladigan jiddiy Ye toifali jinoiy huquqbuzarliklar haqida ketayotganini ko‘rsatmoqda», — deya tushuntirdi ekspert.

Devid Shapiro sud jarayoni qanday bo‘lishi mumkinligi haqida gapirar ekan, Tramp rasmiy ayblovlarni eshitish uchun sudya oldiga kelishini aytdi. Uning barmoq izlari va politsiya fayli uchun rasmiy fotosuratlar olinadi. Ayblovlar 4 aprel kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, shundan so‘ng AQShning sobiq prezidenti qo‘yib yuboriladi.

Advokat Jo Takopina avvalroq Trampning sudga kelish vaqtida qo‘liga kishan taqilmasligini aytgan edi. O‘z navbatida, Devid Shapironing fikricha, Oq uyning sobiq rahbari buning teskarisidan manfaatdor bo‘lishi mumkin.

«Bu vaziyatning jiddiyligini, qurbonlik maqomini kuchaytiradi va u 21-asrning xavfli jinoyatchisi, mafiozi degan taassurot uyg‘otadi», deb ta’kidladi ekspert. «Tasavvur qilsa bo‘ladiki, uning oshkoralikka moyilligi va ustunlikka erishishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan maksimal darajada foydalanish istagi tufayli u tajovuzkor ritorikani afzal ko‘rishi mumkin: «Menga xuddi Amerikaning birinchi raqamli dushmani sifatida munosabatda bo‘ling», - deya qo‘shimcha qildi Shapiro.

Nyu-Yorkdagi katta hakamlar hay’ati sobiq aktrisa Stormi Daniyelsga jim bo‘lish uchun pul to‘lash ishining bir qismi sifatida AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun ovoz berdi. Manhetten okrugi prokurori Alvin Braggning 31 mart kuni Twitter'da e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, prokurorlar Trampning advokati bilan bog‘lanib, uni tuman prokuraturasiga kelishini muvofiqlashtirgan.

Prokuror qo‘shimcha ma’lumotni ayblov qo‘yish muddati belgilanganidan keyin berishga va’da qildi. The New York Times gazetasining yozishicha, yaqin kunlarda ayblov e’lon qilinadi. AQSh sobiq prezidentiga qanday ayblovlar qo‘yilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Amerikaning CNN va NBC telekanallari siyosatchining advokati Jo Takopinaga tayanib, Tramp kelasi hafta sudga kelishi mumkinligini xabar qilmoqda. Bu AQSh tarixida birinchi marta mamlakatning amaldagi yoki sobiq prezidentiga jinoiy ayblov qo‘yilishidir.

Manhetten okrugi prokuraturasi sobiq prezidentga 2006 yilda Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lganini da’vo qilgan aktrisa Stormi Daniyelsga pul to‘lash sxemasidagi roli bo‘yicha tergov o‘tkazmoqda. 2016 yilgi prezidentlik saylovlaridan biroz oldin Daniyels kelishuv doirasida Trampning advokatlaridan 130 ming dollar olgan.

Mavzuga oid