AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton 1994 yilda Ukraina yadroviy quroldan (YaQ) voz kechishiga olib kelgan jarayondagi rolidan afsusda ekanligini bildirdi. Amerika sobiq rahbari 4 aprel, seshanba kuni Irlandiyaning RTÉ teleradioeshittirish korporatsiyasi Prime Time dasturi boshlovchisiga intervyu berdi.
Klinton fikricha, agar Kiyev yadroviy to‘xtatuvchi vositaga ega bo‘lganida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirmagan bo‘lardi.
«Men shaxsan o‘zimni aloqador his qilyapman, chunki men ularni (Ukraina hukumatini) yadro qurolidan voz kechishga ko‘ndirganman. Ularning hech biri Ukrainada hali ham qurol bo‘lganida Rossiya bu nayrangni uyushtirgan bo‘lardi, deb ishonmaydi», - dedi Amerika sobiq rahbari.
1994 yil yanvarida Klinton Rossiya va Ukraina sobiq prezidentlari Boris Yelsin va Leonid Kravchuk bilan Ukraina hududidan yadro qurolini olib chiqish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolagan.
1994 yil noyabrda «Ukrainaning 1968 yil 1 iyuldagi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga (YaQsh) qo‘shilishi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat Ukrainaga yadro quroliga ega davlatlar tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilganidan keyin kuchga kirishi ko‘zda tutilgan. 1994 yil dekabr oyida Yevropada hamkorlik kengashining Budapeshtda bo‘lib o‘tgan sammitida AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya va Ukraina Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha memorandum imzolagan. Hujjat Budapesht memorandumi sifatida tanilgan.
Majburiyatlar 2014 yilda Rossiya Qrimni egallab olib, annexia qilganda, shuningdek, Kiyevga qarshi keyingi keng ko‘lamli urush paytida buzilgan, deya ma’lum qildi RTÉ.
«Prezident Putin prezident Yelsin Ukraina hududiy yaxlitligiga hech qachon aralashmaslik to‘g‘risida imzolagan kelishuvni qo‘llab-quvvatlamasligini bilardim – u Ukraina yadro qurolidan voz kechishi uchun erishilgan kelishuv edi», - dedi Klinton.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari «yadro qurolidan voz kechishdan qo‘rqishgan, chunki ular bu ekspansionistik Rossiyadan himoya qiladigan yagona narsa deb o‘ylashgan».
«Prezident Putin o‘ziga qulay bo‘lgan paytda bu shartnomani buzdi va u qilgan birinchi ish Qrimni qo‘lga kiritish bo‘ldi. O‘zimni dahshatli his qilyapman, chunki Ukraina - juda muhim davlat», - deb tan oldi Amerika sobiq rahbari.
Bill Klinton G‘arbning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi zarurligiga ishonch bildirdi.















