Ukraina 6 iyunga o‘tar kechasi va ertalab Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblasti bo‘ylab dronlar orqali yopirilma hujum uyushtirdi. Bu hujum Peterburgda xalqaro iqtisodiy forum yopilish kuniga to‘g‘ri keldi; to‘rt kunlik forumda bu shaharga ikkinchi bor dronlar hujumi amalga oshirilishi bo‘ldi.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ertalabki murojaatida aholini ko‘chaga chiqmaslikka chaqirgan – bunaqasi urush boshidan buyon ilk bor kuzatilmoqda. Bir necha soat o‘tib Beglov hujum qaytarilgani, uch kishi yaralangani haqida hisobot berdi. Shu bilan birga, u havo hujumidan mudofaa tizimlari «jiddiy zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymagani»ni qayd etgan.

Leningrad oblasti gubernatori Aleksandr Drozdenko esa hudud uzra 144 ta dron urib tushirilganini aytgan. Lomonosov rayonida «mudofaa vazirligi obektida» chiqqan yong‘in tufayli 600 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan, to‘rt kishi, jumladan, bir bola yaralangan.

Lomonosov rayoni
Supernova+
Dengiz porti
«Nash gorod—Kronshtadt» / VKontakte

Rasmiylar aynan qaysi obektlar hujumga uchraganiga aniqlik kiritmagan. Astra telegram-kanali guvohlar tomonidan olingan foto va videolarni tahlil qilib, Kronshtadt dengiz kadetlari harbiy korpusi, suvosti qurollari yaratiladigan Dengiz issiqlik texnikasi ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Petergof neft bazasi zarba nishonlari bo‘lgani haqida xulosaga kelgan.

Kronshtadt
Supernova+
Exilenova+

Hujum paytida 45 ming aholiga ega Kronshtadt shahriga (Finn ko‘rfazidagi orolda joylashgan va materik bilan ko‘prik orqali bog‘langan) bir necha soat davomida kirish va chiqish taqiqlandi. Shuningdek, shaharda payshanba kuni boshlangan va yakshanbagacha davom etishi kerak bo‘lgan «Kronshtadt yelkanlari» nomli keng ko‘lamli musiqa va sport festivali ham bekor qilindi.