Jahon | 09:33 / 10.04.2023
11663
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Ukraina masalasida Xitoy bilan umumiy yondashuvlar haqida gapirdi

Emmanuel Makron Xitoyga tashrifi chog‘ida Si Jinping bilan Ukrainadagi urush bo‘yicha to‘rtta umumiy yondashuvni muhokama qildi. Ammo muzokaralar olib borish va urushni tugatish vaqti hali kelmagan, dedi Fransiya rahbari.

Foto: Getty Images

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Xitoy rahbari Si Jinping bilan muzokaralari maqsadini Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi masalasiga umumiy yondashuvlarni birlashtirish deb atadi. Bu haqda u 9 aprel, yakshanba kuni chop etilgan Les Échos gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Makron Xitoy bilan umumiy yondashuvni topishga intilayotgan to‘rtta yo‘nalishni belgilab oldi: Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash, humanitar huquq va bolalarni himoya qilish haqida eslatish, «muvofiqlashtirilgan va mustahkam» tinchlikka intilish va «yadro quroli haqida aniq eslatma». «Xitoy prezident Putin Belarusga yadro qurolini joylashtirmaslikka va’da berganidan bir necha kun o‘tib yadro qurolini joylashtirgani oqibatlariga e’tibor qaratishi kerak», - dedi Makron.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping aytgan «Yevropa xavfsizlik arxitekturasi» Yevropada qo‘lga olingan davlatlar yoki muzlatilgan mojarolar mavjud ekan, imkonsizdir. «O‘ylaymanki, Xitoy ham xuddi shunday kuzatuvda: hozir harbiy bosqich bor. Ukrainaliklar qarshilik ko‘rsatishmoqda va biz ularga yordam beramiz. Hozir muzokaralar vaqti emas, hatto biz ularni tayyorlayotgan bo‘lsak ham va poydevor qo‘yish kerak bo‘lsa ham», — deya xulosa qildi Makron.

Avvalroq, 6 aprel kuni Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Xitoyga uch kunlik tashrif bilan kelgan edi. Fransiya rahbari muzokaralarni sharhlar ekan, Pekin Ukrainadagi mojaroni hal qilishda vositachilik rolini o‘ynashiga umid bildirdi. «Rossiyani o‘ziga keltirish va barcha ishtirokchilarni muzokaralar stoliga yig‘ishda sizga ishonishim mumkinligini bilaman», dedi Makron Pekindagi uchrashuvda Si Jinpingga.

Mavzuga oid