Iqtisodiyot | 22:03 / 10.04.2023
34192
5 daqiqa o‘qiladi

Oltin narxi ko‘tarilishi O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qiymatini bir oyda 1,5 mlrd dollarga oshirdi

Mart oyi davomida xalqaro moliya bozorida oltin narxining oshishi fonida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 33,9 mlrd dollardan 35,4 mlrd dollarga ko‘paydi. Hozirda Markaziy bank zaxirasida 382 tonna yoki 12,3 mln troya unsiyadan biroz ko‘proq qimmatbaho metall mavjud.

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2023 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2023 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 33,9 mlrd dollar bo‘lgan.

Mart oyi davomida oltinning fizik hajmi kamaygan bo‘lsa-da, (12,6 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga), qiymati 22,8 mlrd dollardan 24,2 mlrd dollarga oshgan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashgani bilan bog‘liq.

Xususan, 1 mart holatiga ko‘ra 1 troya unsiya oltin narxi 1836 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 31 mart holatiga bu ko‘rsatkich 1969 dollargacha yetgan.

Xalqaro moliya bozorlarida oltin narxining qanday shakllanishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakat zaxiralarining 68 foizini (12,3 mln troya unsiya yoki 382 tonna) oltin tashkil etadi.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois, oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu resurslar 14 oy davomida import xarajatlarini qoplash uchun yetadi.

Nima uchun Markaziy banklar o‘z zaxiralarinining asosiy qismini oltinda saqlashni afzal ko‘rishadi?

Birinchidan, Markaziy banklar uchun oltinning asosiy rollaridan biri o‘z zaxirasini diversifikatsiya qilishdir. Juda ko‘p holatlarda oltin AQSh dollari bilan teskari munosabatda bo‘ladi. Ya’ni dollar qiymati pasayganda, oltin odatda ko‘tariladi, bu markaziy banklarga bozor o‘zgaruvchanligi davrida o‘z zaxiralarini himoya qilish imkonini beradi. Oxirgi paytlarda xalqaro geosiyosiy jarayonlardagi keskinlik oshishi va jahon iqtisodiyotidagi retsessiya xavfi oltin xarid qilish hajmi oshishiga ta’sir o‘tkazdi. Agar asosiy aktivlardan biri zaiflashsa, boshqasi kuchli bo‘lib qolishi kerak. Zaxiralarini oltin bilan diversifikatsiya qilish orqali markaziy banklar notinch vaqtlarda o‘z mamlakatlarining iqtisodiy institutlarini qo‘llab-quvvatlashga yaxshiroq tayyor bo‘lishadi.

Ikkinchidan, oltinga inflatsiyaning samarali himoyachisi sifatida qaraladi. Barqarorlik davrlarida oltin rentabellik keltirmagani sababli investorlar orasida talabga ega bo‘lmaydi. Beqarorlik davrlarida esa ushbu qimmatbaho metall o‘zgaruvchanlik va yuqori inflatsiya fonida jozibador bo‘lib qoladi va uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotiga bog‘lanmagan qiymat ombori sifatida ko‘riladi. Shu jihatdan ham, inqiroz davrida markaziy banklar dollar, yuan, yevro yoki iyena kabi xorijiy valutalarni emas, balki oltin sotib olishni afzal ko‘radi.

Uchinchidan, davlat qarzlarining global o‘sishi yoki inflatsiya bilan bog‘liq xavotirlar oltinning milliy strategiyadagi xavfsiz aktiv sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Oltin milliy valutaga nisbatan barqaror aktiv sifatida tavsiflanadi.

Eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlatlar

2022 yilning yakunlari bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar ro‘yxati quyidagicha:

1. AQSh – 8 ming 133 tonna;

2. Germaniya – 3 ming 355 tonna;

3. Italiya – 2 ming 452 tonna;

4. Fransiya – 2 ming 437 tonna;

5. Rossiya – 2 ming 299 tonna;

6. Xitoy, 2 ming 11 tonna;

7. Shveytsariya, 1 ming 40 tonna;

8. Yaponiya, 846 tonna;

9. Hindiston, 787 tonna;

10. Niderlandiya, 612 tonna.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid