Jahon | 22:56 / 13.04.2023
8563
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainaga o‘q-dorilar uchun 1 milliard yevro yuborishni ma’qulladi

Shu bilan Yevropa Ittifoqining Ukrainaga umumiy yordam miqdori 4,6 milliard yevroga yetdi.

Foto: Anadolu Agency

Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainani 31 maygacha o‘q-dorilar bilan ta’minlash uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasidan (EPF) 1 milliard yevro ajratishni ma’qulladi. Bu haqdagi qaror kengash bayonotida e’lon qilindi. 

Bayonotda aytilishicha, bu chora Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga 2023 yil 9 fevraldan 31 maygacha Ukrainaga yuborilgan o‘q-dorilar narxini mavjud zaxiralardan qoplash yoki mavjud buyurtmalarga qaytadan ustunlik berish orqali qoplash imkonini beradi. 

«Bugungi qaror bilan biz Ukraina qurolli kuchlariga zudlik bilan 1 milliard yevrolik artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi yetakchilari erishgan tarixiy kelishuvning birinchi qismini kuchga kiritmoqdamiz. Ukrainaning shafqatsiz rus tajovuzkoriga qarshi o‘zini o‘zi himoya qilish bo‘yicha qonuniy huquqini qo‘llab-quvvatlashda davom etish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining qat’iyati va birlashgan intilishlarini bundan yaxshiroq namoyish qilish mumkin emas», dedi Jozep Borrel, Yevropa Kengashining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili. 

Kengash veb-saytiga ko‘ra, ushbu chora oldingi yettita transh bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining EPF doirasidagi Ukrainaga yordamini 4,6 milliard yevroga yetkazadi. 

Aprel oyida AQSh Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini, jumladan, HIMARS MLRS uchun o‘q-dorilar, Patriot va NASAMS havo mudofaa tizimlari uchun raketalar, 500 million dollarlik qurollar va og‘ir texnikalarni, shuningdek, raketaga qarshi qurollarni yuborishi xabar qilingan edi. Yetkazib beriladigan texnika va qurollarning qiymati taxminan 2,6 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid