Pentagon Ukraina bo‘yicha maxfiy ma’lumotlar sizib chiqishini tekshiryapti
AQSh Mudofaa vazirligi maxfiy ma’lumotlardan foydalanish tartibini qayta tekshiradi, dedi Pentagon rahbari Lloyd Ostin. U xodimlarni hamkasblarining shubhali xatti-harakatlari haqida xabar berishga chaqirdi.
AQSh Mudofaa vazirligi maxfiy hujjatlarning internetda chop etilishi bilan bog‘liq janjal fonida maxfiy ma’lumotlarga kirish tartibini yana bir bor tekshiradi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin 13 aprel, payshanba kuni kechqurun Vashingtonda: «mudofaa vaziri sifatida men mamlakatimiz sirlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan keyingi qadamlarni qo‘yishdan tortinmayman», dedi.
Ostinning so‘zlariga ko‘ra, u maxfiy ma’lumotlarga kirish shartlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurgan, kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun nazorat mexanizmlari tekshirilmoqda.
Lloyd Ostin, shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligining xavfsizlik ruxsatnomalariga ega bo‘lgan barcha xodimlari qonuniy va ma’naviy jihatdan ushbu ma’lumotlarni himoya qilishlari va shubhali harakatlar haqida rahbarlarga xabar berishlari shartligini ta’kidladi.
Bir necha haftadan beri internetda AQSh ma’muriyatining go‘yoki maxfiy hujjatlari, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga oid Pentagon hujjatlari tarqalmoqda. Amerika ommaviy axborot vositalari birinchi bo‘lib, hujjatlarni o‘zi e’lon qilmasdan, sizib chiqish fakti haqida xabar berdi.
13 aprel kuni Federal tergov byurosi ushbu hujjatlarni internetga joylashtirgani taxmin qilinayotgan 21 yoshli amerikalik harbiy xizmatchini qo‘lga oldi. Agar ayblov e’lon qilinsa va u aybdor deb topilsa, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi.