O‘zbekiston | 15:00 / 15.04.2023
39348
6 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtning Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimini g‘ayriqonuniy egallab turgan bo‘lishi mumkin

Abduvahob Saxiyev sud hukmi bilan jazoga tortilib, mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilingan. Ammo u hozirgacha lavozimida qolmoqda. Qolaversa, boshqarma boshlig‘i davlat mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.     

Abduvahob Saxiyev 2021 yilning yanvar oyi oxirida Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Ushbu tayinlovgacha u O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

O‘shanda vazir Ozodbek Nazarbekov Abduvahob Saxiyev yangicha innovatsion g‘oyalar, keng dunyoqarash va katta shijoat bilan san’at va madaniyat rivojiga salmoqli hissa qo‘sha olishiga umid bildirgandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi

Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Abduvahob Saxiyev hamda boshqarma bosh hisobchisi Feruza Umarovaga nisbatan jinoiy ish ko‘rib chiqilgan. Sudning 2022 yil noyabr oyidagi hukmiga ko‘ra, har ikki mansabdor Jinoyat kodeksining 1841-moddasi 2-qismi(juda ko‘p miqdorda budjet va smeta-shtat intizomini buzish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Abduvahob Saxiyevga bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari miqdorida jarima hamda Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Joriy yil 14 mart kuni ishni qayta ko‘rib chiqqan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmagan, birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan. Toshkent shahar sudi matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda, u ham shu ma’lumotlarni taqdim qildi.

Abduvahob Saxiyev garchi sud hukmi bilan rahbarlik lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, negadir u hamon lavozimida qolmoqda. 

Foto: stat.uz’dan ko‘chirma

Bundan tashqari u Toshkent shahridan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga nomzod sifatida ham ko‘rsatilgan.

Foto: Kun.uz manbasi taqdim etgan surat

Sud hukmi ijro etilmas ekan, Abduvahob Saxiyev lavozimini g‘ayriqonuniy tarzda egallab kelayotgan hisoblanadi. Bunday holatda esa unga budjetdan ish haqi to‘lanishiga yo‘l qo‘yib bergan mas’ullarning tegishli javobgarligi masalasi ham ko‘rib chiqilishi lozim bo‘ladi.

Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi 2022 yilning ikkinchi yarmida, Abduvahob Saxiyevning rahbarligi davrida tanlovsiz shartnomalar va post-faktum tenderlar bilan “tilga tushgandi”. Ushbu masalada surishtiruv olib borgan Kun.uz jurnalisti poytaxt hokimligi 6 ta festival uchun 18,2 mlrd so‘m sarflagani, qator shartnomalar tendersiz tuzilgani, qo‘shimcha ravishda o‘tkazilgan tenderlar festivallar o‘tib bo‘lganidan bir necha oy keyin tashkil etilgani va ularda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomani olgan firmalar g‘olib deb topilgani haqida yozgandi

Ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura ushbu holatda amalda bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 8 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani haqida xabar berdi.

Unda ta’kidlanishicha, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilik talablari buzilib, tender tanlovlari o‘tkazilmasdan, festival tadbirlarini o‘tkazish uchun turli firmalar bilan 20 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilgan.

“Ushbu festivallar amalda 2022 yilning may-sentabr oylarida o‘tkazib bo‘lingan. Ammo qonunbuzilishlarni yashirish maqsadida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 24 oktabr va 3 noyabr kunlari poytaxtda 5 ta festival tadbirlarini o‘tkazish haqida nomigagina e’lon va hujjatlar joylashtirilgan hamda shartnomalar tuzilgan.

O‘tkazilgan tekshirish jarayonida amalda bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 8 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Toshkent shahar Madaniyat Bosh boshqarmasi ushbu holat bo‘yicha Kun.uz bilan bog‘lanib, munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, 2022 yil davomida “Gullar”, “Gastronomik”, “Muzqaymoq”, “Musiqa”, “Raqs” festivallarini tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish uchun Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasiga mablag‘lar bosqichma-bosqich ajratilgan.

“Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi mazkur tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan Toshkent shahar hokimligi tomonidan boshqarmaga o‘tkazilgan mablag‘larni tanlovda g‘olib bo‘lgan tashkilotlarga o‘tkazib bergan, ya’ni tranzit tarzda amalga oshirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2023 yil 25 mart kuni Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi mas’ul xodimlariga nisbatan qonunchilik talablari buzilganligi xaqidagi tarqatilgan ma’lumot bo‘yicha keltirilgan vajlar 2022 yilning noyabr oyidagi eski ma’lumot hisoblanadi. Bu ish yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasida festivallarni o‘tkazishda ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etish jarayonlari olib borilmoqda. Yetkazilgan zararlar aniqlangan hollarda xizmat ko‘rsatgan MChJlar tomonidan qoplanmoqda”, deyiladi bosh boshqarma munosabatida.  

Mavzuga oid