Jahon | 23:34 / 17.04.2023
8314
3 daqiqa o‘qiladi

NATO mudofaa strategiyasini o‘zgartiradi – OAV 

Ilgari alyans a’zo davlatlar hududlari vaqtincha bosib olinishiga yo‘l qo‘yardi, hozir esa yo‘q. 

Foto: Vadim Ghirda / The Associated Press

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi tufayli Shimoliy Atlantika alyansi mudofaa konsepsiyasini o‘zgartirishga qaror qildi – endi NATO hujumning birinchi kunidanoq o‘z yerlarining «har bir qarichini» himoya qilishga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozdi The New York Times. 

Gazetaning ta’kidlashicha, avval NATO strategiyasi ehtimoliy raqibni tiyib turish, qasos olish bilan tahdid qilish edi: alyans ittifoqchi kuchlar yordamga kelguniga qadar a’zo davlatlar hududlari bosib olinishi mumkin, deb hisoblagan. 

Endi NATO «taqiqlash orqali tiyib turish» strategiyasiga o‘tmoqda. Amalda, bu, boshqa narsalar qatori, ittifoqning sharqiy chegarasida qo‘shinlar sonining ko‘payishini anglatadi. 

Gazetaning yozishicha, alyans o‘z harbiy ishtirokini ko‘proq namoyishkorona qilishni ham rejalashtirmoqda. NATO bosh kotibining sobiq yordamchisi Kamil Grand so‘zlariga ko‘ra, alyans endi Rossiya chegarasida qo‘shinlarning haddan tashqari ko‘p to‘planganidan Moskvani xavotirga solmaslikni muhokama qilmayapti – endi ular ehtimoliy hujumni qaytarish uchun u yerga qancha qo‘shin joylashtirish kerakligini muhokama qilmoqda. 

Yangi strategiya doirasida NATO kuchlari Yevropadagi AQSh kuchlariga qo‘mondonlik qilayotgan amerikalik general Kristofer Kavoli nazoratiga o‘tadi. Aynan unga AQSh va ittifoqchilarning harbiy rejalarini birlashtirish vazifasi yuklangan. Endi alyansga a’zo davlatlar Sovuq urushdan keyin birinchi marta urush sodir bo‘lgan taqdirda NATO aniq nima qilishini va o‘zlari nima qilishi kerakligini bilib oladi. 

NATO mudofaa konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishni birinchi bo‘lib Boltiqbo‘yi mamlakatlari talab qilishdi, chunki bu konsepsiya ushbu mamlakatlar hududini 180 kundan keyin ozod qilish sharti bilan bosib olinishiga imkon bergan. Xususan, Estoniya bosh vaziri Kaya Kallasning aytishicha, rus qo‘shinlari tomonidan shunday uzoq vaqt davomida hududning bosib olinishi Boltiqbo‘yi davlatlaridan istalganining butunlay yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin. 

Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles ham ittifoq strategiyasini xuddi shunday baholadi. Boshqa narsalar qatorida, u NATO hujum sodir bo‘lgan taqdirda Estoniyaga tanklarni yuborish uchun 60 kun yetarli bo‘lmasligini aytdi, chunki bu vaqtga qadar «Estoniya yo‘q bo‘lib ketadi». 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid