Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumdan keyin AQSh Eronga zarba berdi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida fuqarolik yuk kemasiga qilingan hujumdan so‘ng AQSh Eronning raketa va dron omborlari hamda radiolokatsiya obektlariga zarba berdi. Bunga javoban Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalarini o‘qqa tutdi.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 26 iyun kuni kechqurun Eron hududidagi bir qator harbiy obektlarga zarba berilganini ma’lum qildi. Vashington bu harakatni bir kun avval Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan savdo kemasiga qilingan hujumga qat’iy javob sifatida baholadi.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, AQSh harbiy aviatsiyasi Eronning raketa va uchuvchisiz qurilmalar saqlanadigan omborlari, shuningdek, sohil bo‘yidagi radiolokatsiya postlarini nishonga olgan. Amerika tomonining ta’kidlashicha, 25 iyun kuni Singapur bayrog‘i ostida qatnayotgan Ever Lovely yuk kemasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan Ummon sohillari tomon chiqib ketayotgan vaqtda unga kamikadze-dron orqali hujum qilingan.
AQSh harbiylari ushbu hujumni asossiz agressiya deb baholab, u o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni ochiqchasiga buzganini bildirdi.
Bunga javoban Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Yaqin Sharqda joylashgan AQSh harbiy obektlariga raketa zarbalari berganini ma’lum qildi. Korpus bayonotida, agar AQSh tomonidan yana shunday harakatlar takrorlansa, javob ancha keng ko‘lamli bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Eron rasmiylari o‘z navbatida kelishuv shartlari buzilmaganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, Vashington bilan imzolangan hujjat Tehronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovini nazorat qilish huquqini bergan. IIMK bayonotida AQSh turli provokatsiyalar orqali ushbu kelishuvni izdan chiqarishga uringani, shu sababli tegishli javob qaytarilgani aytildi.
Ever Lovely kemasiga qilingan hujum AQSh va Eron o‘rtasida 17 iyun kuni imzolangan, jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutuvchi kelishuvdan keyingi birinchi shunday voqea bo‘ldi.
Hodisa IIMK tomonidan xavfsiz kema qatnovi faqat Eron nazorat qiladigan yo‘laklar orqali ta’minlanishi haqidagi bayonotdan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.
Keskinlikning yanada ortishi xalqaro dengiz qatnoviga ham ta’sir ko‘rsatdi. BMT tizimiga kiruvchi Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) Fors ko‘rfazida urush boshlanganidan buyon qolib ketgan yuzlab kemalar va 11 mingdan ziyod dengizchini evakuatsiya qilish operatsiyasini vaqtincha to‘xtatdi.
Shu bilan birga, xalqaro bozorda neft narxlari yana o‘sishni boshladi. Tahlilchilar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft ta’minotining katta qismi amalga oshirilishini hisobga olganda, mintaqadagi har qanday keskinlik energetika bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eronni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga «ahmoqona ravishda amal qilmaslik»da aybladi. Uning ta’kidlashicha, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalarga kamida to‘rtta dron uchirgan.
Mavzuga oid
10:45
AQSh vositachiligida Isroil va Livan kelishuvga erishdi
21:31 / 26.06.2026
Tramp Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi sulhni buzganlikda aybladi
11:50 / 26.06.2026
Eronning “yuragi” – Xarg oroli fors davlati uchun qanchalik muhim?
11:00 / 26.06.2026