
Ekologik faollar va hukmron koalitsiyadagi «Yashillar» partiyasi atom stansiyalari xavfi va radioaktiv chiqindilarni saqlash bilan bog‘liq muammolarni aytib, stansiyalarni yopishni talab qilayotgandi.
Biroq, ko‘plab nemislar buni xato deb hisoblashadi, chunki atom stansiyalari ko‘mir, yoqilg‘i moyi va hatto gazda ishlaydigan stansiyalarga qaraganda ekologik tozaroq (va arzonroq).
Atom elektr stansiyalarini yopish g‘oyasi kuchli anti-yadro lobbisiga ega bo‘lgan Germaniyada qo‘llab-quvvatlandi. Biroq, atom energiyasidan yakuniy voz kechish muddati 2022 yil oxiridan 2023 yil apreliga ko‘chirilgandi, bu Ukrainaga harbiy bosqindan keyin Rossiyadan gaz yetkazib berish keskin qisqarishi va Kremlga qarshi kiritilgan sanksiyalar bilan bog‘liq edi.
Natijada, Berlin elektrsiz qolib ketmaslik uchun nafaqat atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirishi, balki bir qancha ko‘mir elektr stansiyalarini qayta ishga tushirishi talab etildi.
Dengizdan bir tomchi
Birinchi bo‘lib Bavariyadagi «Izar-2» AES kompleksi, keyin esa Emsland va Nekkarvesthaymdagi stansiyalar yopildi.

Vaholanki, o‘tgan yili ushbu uchta atom elektr stansiyasi mamlakatda ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasining atigi 6 foizini tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 1997 yilda atom elektr stansiyalari Germaniyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 30,8 foizini ta’minlagan.
Mamlakat rasmiylari ta’kidlashicha, energetika bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazorat ostida, atom elektr stansiyalari vaqt o‘tishi bilan demontaj qilinadi va qayta ishlash imkoniyatini saqlab qolish uchun konservatsiya qilinmaydi. Ularning eslatishicha, Germaniya gaz omborlari maksimal darajada to‘ldirilgan va suyultirilgan gazni qabul qilish uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan bo‘lib, u Rossiya gaz ta’minoti o‘rnini bosadi.







