Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tarixdagi eng katta raketa parvozi havodagi portlash bilan tugadi. Bu aslida ham muvaffaqiyatsizlikmi?
Aslo, sinov deyarli omadli o‘tdi.
Kuni kecha Ilon Mask kompaniyasiga tegishli tarixdagi eng og‘ir raketalar — Starship va Super Heavy’ning sinov parvozi omadsizlikka uchradi. Ikki raketa havoda portlab ketdi. Ammo bu to‘liq muvaffaqiyatsizlikni anglatmaydi. Sinov o‘z oldiga o‘ziga qo‘yilgan ko‘plab maqsadlarni bajardi.
Nima bo‘ldi?
20 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:33 da Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining tarixdagi eng yirik Starship raketasi Texas shtatining Boka Chika kosmodromidagi o‘ta og‘ir raketalar uchun maxsus ishga tushirish maydonidan (rasman shunday deb tan olingan) havoga ko‘tarildi. Starship — bu o‘z-o‘zidan qaytib keluvchi raketa (50 metrlik ikkinchi qora rangli qism) va birinchi qism bo‘lmish Super Heavy raketasi bilan umumiy to‘plam nomidir.
Parvoz, SpaceX muhandislarining hisob-kitoblaridan kelib chiqqan holda, deyarli to‘rt daqiqa davom etdi. Taxminan, birinchi qismni koinot kemasidan ajratish rejalashtirilgan vaqtda, nimadir noto‘g‘ri ketdi: Starship Super Heavy’dan ajrala olmadi va boshqaruvsiz aylanishni boshladi. Ajralish buyrug‘idan besh soniya oldin sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan birinchi qism dvigatellarining o‘chirilishi amalga oshmadi. Parvoz videosidan ma’lum bo‘lishicha, Starship o‘z dvigatellarini ishga tushirishga harakat qilgan (rejaga ko‘ra, bu ajralishdan besh soniya o‘tgach yuz berishi kerak edi), ammo bu hech qanday o‘zgarishga olib kelmagan.
Parvoz vaqti 3 daqiqa-yu 59 soniyaga yetganda ikkala qismda ham portlash yuz berdi (SpaceX buni hazil bilan «rejadan tashqari tezkor demontaj» deb atadi). Portlash o‘z-o‘zidan sodir bo‘lganmi yoki parvozni boshqarish markazi uchishni tugatish tizimini faollashtirganmi, hozircha noma’lum. SpaceX muhandislari raketa korpusi bo‘ylab yotqizilgan portlovchi simlar tizimi tufayli bunday imkoniyatga ega edi. Shuningdek, bu muhandislarga qulash natijasida yuzaga keladigan zararni kamaytirish uchun raketani bir necha bo‘laklarga bo‘lish imkonini ham bergan.
To‘plam maksimal 39 kilometr balandlikka ko‘tarildi. Kosmosning xalqaro miqyosda tan olingan chegarasi 100 kilometr balandlik hisoblanadi, shuning uchun rasmiy ravishda Starship kemasi koinotga chiqa olmadi.
Rejaga ko‘ra, parvoz qanday amalga oshirilishi kerak edi?
Parvoz rejasiga binoan, ikkinchi qismdan ajralgan Super Heavy havoda ortga burilish manyovrini amalga oshirib, Meksika ko‘rfaziga qarab yo‘l olishi va u yerda parvoz boshlanganidan sakkiz daqiqa o‘tganda, suvga qulashi ko‘zda tutilgan edi. Starship esa muvaffaqiyatli ajralishdan besh soniya o‘tgach, o‘zining Raptor dvigatellarini ishga tushirishi va 233 kilometr balandlikkacha suborbital parvozni davom ettirishi kerak edi. Umumiy parvoz davomiyligi raketa uchirilgan paytdan boshlab bir yarim soatni tashkil qilishi lozim bo‘lgan.
Garchi ikki qism ham to‘liq yerga qaytadigan qilib yaratilgan bo‘lsa-da, bu safar ularni yerga qo‘ndirish rejalashtirilmagan. Biroq, sinov parvozi dasturiga qaytish dasturining ko‘plab elementlari kiritilgan. Eng avvalo, muhandislar Super Heavy dvigatellarining ishlashini tekshirishni rejalashtirishgan — dvigatellar startdagi yonishdan tashqari, tushish paytida qo‘shimcha ravishda yana ishga tushishi va kamida bir daqiqa ishlashi kerak edi. Ushbu dvigatel sinovi natijalari Super Heavy’ning kelajakda dengiz platformasiga qo‘nishini rejalashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Atmosferaga kirish paytida kemaning o‘zi uchun ham muhim sinovlar rejalashtirilgan edi. Xususan, SpaceX muhandislari ko‘p yillardan beri ustida ishlab kelayotgan va Yerda to‘liq sinovdan o‘tkazish qiyin bo‘lgan kemaning keramik termal himoyasi atmosferada sinovdan o‘tishi lozim edi.
Portlash — bu muvaffaqiyatsizlik, missiya o‘z maqsadlariga erisha olmadimi? Nega unda hamma juda xursand bo‘ldi?
Raketa uchirilishining jonli efirida ro‘y bergan kuchli portlashdan so‘ng darhol muhandislar va oddiy tomoshabinlar kutilmaganda xursandchilik qilganini ko‘rish mumkin — xuddi havodagi portlash oldindan rejalashtirilgandek. Aslida, albatta, bunday emas. Parvozning butunlay muvaffaqiyatli o‘tganiga hech qanday asos yo‘q.
Biroq, hammasi muammosiz, rejadagidek o‘tishi ehtimoli oldindan kichik bo‘lganini tushunish muhim. Parvoz dasturi qisman bajarildi va bu o‘z-o‘zidan katta yutuq: masalan, agar yodga olinsa, eng katta raketaning ishlab chiqarilishi bor-yo‘g‘i to‘rt yil avval, Starhopper deb nomlangan «kosmik bochka»ning Yerdan bir metr balandlikka sakrashi bo‘yicha tajribalar bilan boshlangan. Ushbu muvaffaqiyatsiz sinov parvozi orqali qanday maqsadlarga erishildi?
— Eng avvalo, Super Heavy va Starship’ning 120 metrli to‘plami birinchi marta havoga ko‘tarilganining o‘zi muhim. Qurilmalarning har biri alohida sinovdan o‘tkazildi, ularning to‘plami 2021 yilda Yerda sinovdan o‘tkazildi, lekin hozirgacha havoga ko‘tarilmagandi. Ikki mustaqil qismning birgalikda ishlashi qiyin vazifa bo‘lib, bu birinchi martadayoq uddalandi.
— Birinchi qism dvigatellari deyarli normal ishladi. 33 ta dvigateldan faqat uchtasi ishga tushmadi, keyinroq yana ikkitasi vaqti-vaqti bilan o‘chib qoldi, ammo umumiy tayanch, birinchi qism to‘plamdan ajraladigan nuqtaga erishish uchun yetarli edi.
— Starship uchun maxsus qurilgan ishga tushirish maydonchasi uchishga bardosh berdi va hozirda ma’lum bo‘lishicha, hech qanday zarar ko‘rmagan (aslida zararlanishi mumkin edi).
— O‘nlab yillar davomida ishlatilgan va ishlab chiqilgan fazo kemasining portlashi (masalan, «Progress») va to‘plam shaklida hali umuman sinovdan o‘tkazilmagan mutlaqo yangi apparatning portlashi o‘rtasida katta farq bor.
— SpaceX, prinsipial jihatdan, o‘z raketalarini sinovdan o‘tkazishda an’anaviy yondashuvdan mutlaqo foydalanmaydi va bu Starship dasturiga tegishli. Ushbu yondashuv kompaniyaning yangi qurilmalarni ishlab chiqishda muqarrar bo‘lgan muvaffaqiyatsiz sinovlar va portlashlarni umuman yashirmasligidir. Bundan tashqari, ushbu o‘ta og‘ir kemalarning prototiplari dastlab Ilon Maskning o‘z mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilgan va kompaniya NASA’ga mutlaqo boshqa raketalar — Falcon’lar yordamida transport xizmatlarini ko‘rsatadi. Shunday ekan, SpaceX uchun ushbu omadsizlikning xavfi kam edi.
— Hozirgacha Starship’lar va ularning prototiplari ko‘p marta portladi: ba’zilari hatto uchirish maydonchasidan ham ko‘tarilmay turib, boshqalari esa muvaffaqiyatli qo‘nganidan bir necha daqiqa o‘tib portlab ketdi. Kemaning birinchi ibtidoiy prototiplari bo‘lgan Starhopper parvozlari natijalarining umumiy jadvaliga qarashning o‘zi kifoya (ularning shunchaki ba’zilari emas, balki katta qismi yaroqsiz holga kelgan yoki shikastlangan).
— SpaceX’da allaqachon, kelajakdagi Starship’lar parvozlari uchun homiylik qilmoqchi bo‘lgan odamlarning butun bir navbati mavjud. Ularning birinchisi, bu amerikalik milliarder Jared Ayzekman bo‘lib, u uchta xususiy kosmik tadqiqot missiyasini tashkil qilish uchun pul to‘lagan. Bulardan biri Starship’da amalga oshirilishi kerak. Ikkinchi homiy, ushbu kemada Oy atrofida uchishni rejalashtirgan yaponiyalik milliarder Yusaku Maezava. Keyinroq ularga birinchi kosmik sayyoh Dennis Tito qo‘shildi, u allaqachon Oy atrofida uchuvchi ikkinchi tijoriy Starship kemasi chiptalarini sotib olgan. Va, asosiy buyurtmachi yana NASA bo‘lishi kerak, tashkilot kemadan amerikalik astronavtlarni Oyga qo‘ndirishda foydalanishni rejalashtirmoqda.
— Eng muhimi shundaki, bu boshqariladigan parvozlarning barchasi raketa va kema bir necha marta kam ahamiyatli yuk missiyalarida (yangi Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqish) sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Starship’ning unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan birinchi suborbital uchishi, ehtimol, boshqariladigan parvozlarni bir muncha vaqt ortga surishi mumkin. Ammo SpaceX sinov parvozlari va tijoriy uchishlarni birlashtirishning juda aniq strategiyasiga ega.
Mavzuga oid
21:42 / 12.06.2026
Ilon Mask - insoniyat tarixidagi birinchi trillioner
16:26 / 12.06.2026
Ilon Mask dunyodagi ilk trillionerga aylanish arafasida: SpaceX aksiyalari sotuvga chiqyapti
10:03 / 12.06.2026
Ilon Mask 55 milliard dollarlik Terafab loyihasini ilgari surmoqda
08:50 / 12.06.2026