23:02 / 25.04.2023
20113

JAR Putinning ehtimoliy tashrifi oldidan Xalqaro jinoyat sudidan chiqishga tayyorlanmoqda

Janubiy Afrika Respublikasi Xalqaro jinoyat sudidan chiqishi mumkin. Bu ma’lumotni mamlakat prezidenti istisno qilmadi. Hukmron partiya bu «aqlli qaror bo‘lishini» bildirgan. Ushbu masala Haaga sudi hisbga olishga order bergan Rossiya prezidenti Putinning JARga ehtimoliy tashrifi oldidan kun tartibiga ko‘tarildi.

Rossiya prezidenti Putin va JAR prezidenti Ramapasa / Foto: EPA

Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudi 17 mart kuni Rossiya prezidenti Putinni hibsga olishga order bergandi. Bugun mana shu mavzu yana diqqat markaziga tushdi.

Orderga ko‘ra, Rim statutini imzolagan 123 ta davlat Putin bu davlatlarga borgan taqdirda uni hibsga olishga majbur. Putin uni qo‘lga olishga xalqaro order berilganidan keyin Ukrainaning bosib olingan hududlariga bordi, ammo xorijga safar qilgani yo‘q. Tabiiyki Xalqaro jinoyat sudi talablarini bajarish majburiyatini olgan xorijiy davlatlarga ham.

Putin 22 avgust kuni ilk marta Rim statutini imzolagan davlat hududiga qadam bosishi mumkin. U Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR a’zo bo‘lgan BRICS sammiti yig‘ilishida ishtirok etish uchun Janubiy Afrika Respublikasiga taklif qilingan. Durban shahrida o‘tkazilajak sammit oldidan JAR hukumati Putin bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulay vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini izlamoqda. Chunki mamlakat Xalqaro sud talablarini bajarish majburiyatini yuklaydigan Rim statutini ratifikatsiya qilgan.

Shu bois JARda Putinning tashrifi oldidan Xalqaro jinoyat sudidan chiqish masalasi muhokama qilinmoqda. Mamlakat parlamentining quyi palatasida ko‘pchilik ovozga ega «Afrika milliy kongressi» hukmron partiyasi esa mamlakat Xalqaro jinoyat sudidan chiqishini ma’lum qilib bo‘ldi.

Bu mavzu Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyoning JARga tashrifi chog‘ida mamlakat prezidenti Siril Ramapasa bilan o‘tkazgan uchrashuvida ham muhokama qilingan.

«Ba’zi holatlardagi tarafkashlik uchun»

«Yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganishda davom etyapmiz. Biror qarorga kelishimiz bilan ma’lum qilamiz. Hukmron partiyamizning bu qarori Xalqaro jinoyat sudi ma’lum holatlarda tarafkashlik qilgani bilan izohlanmoqda», degan JAR prezidenti Siril Ramapasa finlandiyalik hamkasbi bilan uchrashuvda.

Janubiy afrikalik siyosatchilar mamlakat Rossiya bilan mojaroga borishni istamasa, tezda Xalqaro suddan chiqishi kerak deb hisoblamoqda. Jarayon amalga oshishi uchun parlamentda ko‘pchilik ovoz berishi kerak va bu borada muammo yo‘q, chunki hukmron partiya bu taklifni qo‘llab bo‘ldi. Partiyadagi muhokamalarda aksar siyosatchilar mamlakatning Halqaro jinoyat sudidan chiqishi «aqlli qaror bo‘ladi» deb aytgan.

Afrika siyosatini kuzatib boruvchi tahlilchilarning fikricha, JARning Xalqaro jinoyat sudi bo‘yicha kelishuvdan chiqishi kutilmagan voqelik bo‘lmaydi. Chunki mamlakat Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamagan, bu borada neytrallikni saqlashni ma’qul ko‘rgan.

Putin boradimi?

Ammo hali Putinning 20-22 avgust kunlari JARning Durban shahrida o‘tajak BRICS sammitiga borishi ham aniq emas. Mart oyida Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin JARdagi sammitda ishtirok etishi aniq emasligini aytgandi.

JAR avval ham chiqib ketmoqchi bo‘lgan

Janubiy Afrika Respublikasi bundan avval ham Xalqaro jinoyat sudidan chiqib ketishga harakat qilgan. 2016 yilda ham mamlakat hozirgi kabi qiyin holatga tushgan. O‘sha yili Afrika kengashi sammiti Pretoriyada o‘tishi kerak bo‘lgan va unga Sudan prezidenti Umar al-Bashir ham borishi rejalashtirilgan. Xalqaro jinoyat sudi Bashirga nisbatan ham xuddi Putinga bo‘lgani kabi hibsga olish to‘g‘risida order chiqargan.

O‘shanda JAR Oliy sudi mamlakatning Xalqaro jinoyati sudidan chiqishini konstitutsiyaga zid deb topgan va davlat Rim statuti talablarini bajaradigan holatda qolgandi.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika Respublikasi Rim statutini 1998 yil, Nelson Mandela prezidentlik vaqtida imzolagan. 2000 yilda esa JAR parlamenti uni ratifikatsiya qilgan.

Top