Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ichki sayohatga eng ko‘p 25-36 yoshlilar chiqadi - so‘rovnoma
O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchilarning 37 foizi 25-26 yoshlilarga to‘g‘ri keladi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pi sayohatga chiqolmasligiga yetarli mablag‘ va vaqti yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatgan bo‘lsa, yana 66 foizi joylardagi sanitariya-gigiyena xizmatlaridan qoniqmasligini bildirgan.
O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni o‘rganish uchun 2023 yilning mart-aprel oylarida o‘tkazilgan so‘rovnomada 1032 kishi ishtirok etdi.
Natijalarga ko‘ra, sayohatlar chastotasi bo‘yicha respondentlarning 58,5 foizi yiliga kamida bir marotaba, 16,6 foizi 3 oyda bir marotaba, 8,3 foizi oyiga bir marotaba ichki sayohatga chiqadi. Shu bilan birga ishtirokchilarning 32,3 foizi sayohat qilish va mamlakatning diqqatga sazovor joylarini ko‘rish istagini bildirgan.
Qatnashchilarning 24,7 foizi pul yetishmasligi, 27 foizi esa bo‘sh vaqtning kamligi uchun sayohatga chiqolmasligini bildirgan.
Yosh tarkibi bo‘yicha ichki turizm iqtisodiy faol aholi orasida keng tarqalgan. Mamlakat bo‘ylab sayohat qiluvchilarning faol toifasini 26-35 yosh oralig‘idagilar 37,5 foizni, 36-55 yoshlilar esa 33,9 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, 51,2 foiz qatnashchi oilasi bilan sayohat qilishni afzal ko‘rsa, 26 foiz kishi do‘stlari bilan sayohatga chiqish ko‘proq yoqishini ma’lum qilgan.
Ichki turizm turlari bo‘yicha eng ko‘p ziyorat turizmiga – 53,7 foiz, tog‘-kurort turizmiga – 52,7 foiz, madaniy-ma’rifiy turizmiga – 36,4 foiz, sog‘lomlashtirish turizmiga –35,8 foiz va sohil turizmiga – 35,4 foiz qatnashchilar ovoz bergan. Shu bilan birga, yoshlar (35 yoshgacha) o‘rtasida ekstremal sport, festival turizmi hamda agroturizmga qiziqish ortib borayotgani ma’lum bo‘lgan.
So‘rovnomada aholining turoperatorlardan ham foydalanish darajasi aniqlangan. Unga ko‘ra, respondentlarning 52,6 foizi mustaqil sayohat qilishini bildirgan.
Yiliga kamida bir marotaba sayohat qiluvchi respondentlarning 67,7 foizi dam olish joyini tanlashda tanishlari, do‘stlari va qarindoshlarining, 50 foizi ijtimoiy tarmoqlarning, 31,0 foizi maxsus saytlarning tavsiyalariga asoslanishini aytgan.
Bundan tashqari, ichki turizmdagi asosiy muammolar sifatida ham aholining fikri o‘rganilgan. Unda nisbatan dolzarb omillarning birinchi guruhiga yo‘llar sifati, mehmonxona va transport narxi, suv ta’minoti va kanalizatsiyadan foydalanish kiritilgan. Keyingi o‘rinda qanoatlanmaslik darajasi o‘rtacha bo‘lgan turistik xaritalar va ma’lumotlarning kamligi, transport topish, umumiy ovqatlanish joylarida gigiyena va sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilinmasligi, elektr energiyasidan foydalanish kabilar ko‘rsatilgan.
Sayohatchilar diqqatga sazovor joylar haqida internetdagi ma’lumotlar, mehmonxona xizmati, mehmonxonalarni qidirish va ovqatlanish joylarini topishga oid ma’lumotlar ularni nisbatan qoniqtirishini ma’lum qilishgan.

Mavzuga oid
18:31 / 09.06.2026
AQSh sayyohlik va biznes vizalari uchun tezkor suhbat bo‘yicha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yadi
22:50 / 03.06.2026
80 ming aholiga mo‘ljallangan dunyodagi birinchi suzuvchi shahar loyihasi qayta tiklandi
20:26 / 29.05.2026
Xitoyning Spring Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin
21:07 / 28.05.2026