Jahon | 10:33 / 01.05.2023
7308
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Sharqiy Afrikadagi humanitar inqirozdan xavotirda

Sudandagi humanitar inqiroz butun mintaqaga tarqalishi mumkin, u allaqachon iqlim o‘zgarishi tufayli qiyin ahvolda, deya ta’kidladi BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari.

Foto: Espen Røst / Bistandsaktuelt

Sudanda davom etayotgan janglar natijasida butun Sharqiy Afrika mintaqasida humanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkin, deya ogohlantirmoqda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP). 30 aprel, yakshanba kuni Germaniyadagi Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Martin Frikning so‘zlariga ko‘ra: “Bu mamlakatda urushlar boshlanishidan oldin ham aholining uchdan bir qismi ochlikdan aziyat chekkan, hozir esa u yerda hamma narsa yetishmayapti, oziq-ovqat narxlari esa osmonga ko‘tarilgan”.

Narxlarning xuddi shunday o‘sishi qo‘shni davlatlar - Chad va Janubiy Sudanda ham kuzatilmoqda, deya qo‘shimcha qildi tashkilot vakili. "Iqlim o‘zgarishi tufayli ayrim hududlarda kuzatilayotgan qurg‘oqchilik bilan bir vaqtning o‘zida suv toshqini ostida qolgan Janubiy Sudanda oziq-ovqat narxi juda qisqa vaqt ichida 28 foizga oshdi. Chad va Janubiy Sudan Sudandagi janglar boshlanganidan beri minglab qochqinlarni qabul qildi", deydi Frik. Shu bilan birga, o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan Somali yarimorolida ketma-ket oltita yomg‘irli fasl bo‘lmaganidan keyin keskin vaziyat yuzaga kelmoqda.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi Sudandagi shiddatli janglar tufayli 7,6 million kishiga yordam berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Xavfsizlik sharoiti imkon bersa, ish yana davom etadi, deya ishontirdi Jahon oziq-ovqat dasturining Germaniyadagi rahbari.

Ayni vaqtda, 30 aprel kuni – Sudandagi mojaro keskin kuchayganidan ikki hafta o‘tib – Xalqaro Qizil Xochning birinchi samolyoti ushbu mamlakatga qo‘ndi. Tashkilotning ta’kidlashicha, bortda Iordaniyadan sakkiz tonna hayotiy zarur tibbiy buyumlar, jumladan, jarrohlik asboblari, anestetik preparatlar va bog‘lovchi materiallar keltirildi.

Mavzuga oid