20:15 / 05.05.2023
16792

Kremlga dron hujumi ortida Ukraina turgan bo‘lishi mumkin - manba

Ba’zi g‘arb tahlilchilarining fikricha, Kremlga dron hujumi ortida Ukraina turgan bo‘lishi mumkin. Rossiya bunda rasman Ukrainani ayblamoqda. Ukraina barcha ayblovlarni rad qilyapti.

Foto: TASS

Bu fikrni CNA tahliliy tashkilotining Rossiya tadqiqot dasturi direktori Maykl Kofman bildirdi. Bu haqda Financial Times yozdi.

Uning fikricha, dron zarbasi ramziy maqsadga ega va Kreml kuchini zaiflashtirish, shuningdek, Rossiyaning zaifligini namoyish etishga qaratilgan.

Gazetaning yozishicha, bundan boshqa narsalar qatori voqea aks etgan videoyozuvlar ham dalolat beradi. Ayrim ekspertlarning fikricha, bunday o‘lchamdagi dronlar jiddiy zarar yetkazish uchun yetarlicha portlovchi moddalarni olib yurolmaydi. Bundan tashqari, ular Rossiya prezidentiga suiqasd qilish uchun yuborilgan bo‘lishi dargumon, chunki Vladimir Putin kechalari Kremlda kamdan-kam bo‘ladi.

Shu bilan birga, ekspertlar orasida Rossiyaning o‘zi Kremlga zarba berilishini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin, degan fikr bor. Anonimlik sharti bilan FT bilan gaplashgan yuqori martabali G‘arb diplomati bu versiyaga qo‘shilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday zarba Kreml manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, chunki Rossiyadagi eng qo‘riqlanadigan joylardan birining zaifligini namoyish etish «Vladimir Putinga katta siyosiy zarar yetkazadi».

Shu bilan birga, Ukrainaning Kremlga hujum qilganiga ishonadigan ekspertlar dronlar Rossiya hududidan uchirilgan deb hisoblamoqda. Misol uchun, AQSh Mudofaa vazirligi razvedka agentligi direktori sodir bo‘lgan voqeaning fotosuratlari va videolariga asoslanib, «dron operatori hujum joyini ko‘rib turgan bo‘lishi kerak» deb xulosa qilgan. Nashrning yana bir manbasi dronlar Moskva viloyati hududidan uchirilganini taxmin qilgan.

Shu bilan birga, Rossiya strategiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi rahbari Ruslan Puxov ukrainaparast guruhlar Kremlga hujum uyushtirishi mumkinligini, Ukraina rahbariyati esa ularning rejalari haqida bilmasligi mumkinligini ta’kidladi.

3 mayga o‘tar kechasi prezident Vladimir Putinning Kreml qarorgohiga ikkita dron hujum qildi. Rossiya rasmiylari voqea haqida faqat kunning ikkinchi yarmida xabar berdi. Kreml matbuot xizmati hujumni «rejalashtirilgan terrorchilik harakati va Rossiya prezidenti hayotiga suiqasd» sifatida baholaganini aytdi. Rossiya rasmiylari voqeada Ukrainani aybladi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujum ortida AQSh turganini aytdi.

Ukraina rasmiylari dron hujumiga aloqadorligini rad etmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina «na Putinga, na Moskvaga hujum qilmayapti», dedi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Rossiyaning da’volarini «kulgili» deb atadi. «Qo‘shma Shtatlar bu hodisada hech qanday ishtirok etmadi. Peskov yolg‘on gapiryapti», dedi u.

Mavzu
Kremlga dronlar hujumi
May oyida ukrain dronlari Kremlgacha yetib bordi.
Barchasi
Top