12:02 / 05.05.2023
2574

Prezident stipendiyasini moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim muassasalari, respublikadagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalarini moddiy hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston prezidenti va davlat stipendiyalarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ta’lim muassasasi har yili 15 oktyabrga qadar joriy o‘quv yili uchun stipendiya oluvchi talabalar soni hamda ularga to‘lanadigan stipendiya miqdorini hisoblaydi va budjetdan zarur mablag‘lar ajratilishi yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga so‘rovnoma kiritadi.

Vazirlik 1 noyabrga qadar joriy o‘quv yili uchun stipendiya to‘lovlariga sarflanadigan mablag‘larni to‘liq hajmda o‘tkazib beradi.

Stipendiyalarni to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan yetim va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalarini xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Talabalarga moddiy yordam uchun ariza oliy ta’lim muassasasi tomonidan 15 sentabrga qadar topshiriladi, Vazirlik tomonidan 1 oktyabrga qadar ularning hisobvaraqlariga o‘tkazib berilishi nazarda tutilgan.

Moddiy yordam berish tartibi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan.

Top