O‘zbekiston | 11:35 / 05.05.2023
17617
2 daqiqa o‘qiladi

Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurorlardan sudga o‘tkaziladi

Foto: Kun.uz

“Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Ularga muvofiq quyidagi tartib o‘rnatilmoqda:

  • tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlash to‘g‘risida sudga iltimosnoma prokuror tomonidan kiritishi;
  • tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish;
  • sud tomonidan tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish to‘g‘risidagi materiallarni, shuningdek ushbu toifadagi materiallarni apellyatsiya tartibidagi ish yuritishda ko‘rib chiqish;
  • tayinlangan ehtiyot chorasini jinoyat natijasida yetkazilgan ziyon (zarar) yoki uning qoplanmagan qismi miqdoridan oshiq bo‘lishi sharti bilan garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirish.

Hujjatda qayd etilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar orqali:

  • fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlashning samarali mexanizmi yaratiladi;
  • milliy qonunchilikda “Xabeas korpus” institutining ta’sir doirasi kengaytiriladi va tergov ustidan sud nazorati kuchaytiriladi;
  • O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, shu jumladan Huquq ustuvorligi indeksining Jinoiy odil sudlov tarkibiy indikatorlaridagi mavqeyini yaxshilashga erishiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid