O‘zbekiston | 11:04 / 06.05.2023
27369
10 daqiqa o‘qiladi

“18 yildirki ijarada yashayman...” – Toshkentda ijara narxlari tushmoqda, bu nimadan darak?

Ommabop e’lonlar saytlari, ijaraga ixtisoslashgan turli kanallar ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, poytaxtda ijara qiymati asta-sekin, ammo sezilarli darajada pasaymoqda. Albatta, gap ijaraning arzon bo‘lib ketgani haqida ketmayapti. Narxlar 2022 yilga nisbatan biroz tushgan.

Foto: Shutterstock

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda mart oyida ko‘chmas mulk ijarasi o‘rtacha 7 foizga pasaygan bo‘lsa, aprel oyida ham bu tendensiya davom etgan. E’lonlarga javoban bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar, bozordagi takliflarga ko‘ra, yaqin bir necha oy oldin 500 AQSh dollariga topshirilayotgan xonadonlar bugun 400-450 dan berilayotganini, 300 dollarga xaridorlar orasida talash bo‘lgan kvartiralarga bugun talab haminqadarligini guvohi bo‘lish mumkin. Demak, vaziyat bozor cho‘qqisiga chiqib, ma’lum jilovlanishga tushganini anglatadi.

E’tibor qaratish zarur bo‘lgan muhim jihat – narx tushishi budjet variantlarga, ya’ni bahosi 300 dollargacha bo‘lgan xonadonlar bahosiga jiddiy ta’sir qilgani yo‘q.

Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi?

1. Rossiya omili. Juda ko‘pchilik relokantlar urush tufayli O‘zbekistonga keldi. Ammo ularning aksariyati uchun Toshkent vaqtincha boshpana edi. Uzoq reja tuzganlari ham bu yerda munosib ish, hayotdagi o‘rnini topa olmadi va qaytib yoki boshqa davlatlarga keta boshladi;

2. Iqtisodiy omil. Aholi daromadlari barqaror emas, inflatsiya muttasil oshib bormoqda. Bunday paytda qimmat ijaraga talab pasayadi. Qimmatining narxi tushishi esa nisbatan arzoniga ham ta’sir qiladi;

3. Toshkent yoshlar uchun oldingidek jozibador emas. Poytaxtda ish topish, oilani ta’minlash borgan sari qiyinlashmoqda. Viloyatlarda daromad u qadar katta bo‘lmasa-da, nisbiy arzonlik ortidan kun ko‘rish mumkin. Endi ayrim yoshlar respublikaning boshqa nuqtalaridan ham ish izlayapti;

4. Joriy yil qishida Toshkentning kommunal muammolardan xoli yashashi haqidagi afsonasiga putur yetdi. Anomal sovuqda ko‘rindiki, poytaxt aholisi viloyatlarning istasa o‘tin yoki ko‘mir yoqish imkoniga ega bo‘lgan aholisiga nisbatan ham qiyin ahvolda qoldi. Bu ham O‘zbekiston markaziga intilishni pasaytirdi;

5. Mavsumiy omil. Yoz yaqinlashmoqda, bu ijaraga bo‘lgan talab tabiiy pasayadigan payt. Sentyabrda, o‘qishlar boshlangan paytda bozor yana jonlanishi, narxlar ko‘tarilishi mumkin.

Ijarada yashovchilar bu vaziyatda nima qilishlari kerak?

Bu ma’lumotlar bilan tanishib, darhol uy egasiga ultimatum qo‘yish va narxni tushirishni talab qilish yaramaydi. Chunki taxminan 50 dollar iqtisod qilaman deb, yashab turgan uyingizdan chiqib ketish o‘zini mutlaqo oqlamaydi. Maklerga vositachilik to‘lovi, ko‘chish xarajatlari, adaptatsiya jarayoni — tejaladigan pulni foydasiz holatga keltirib qo‘yadi.

Lekin tendensiya shu tarzda davom etsa, mulkdorga vaziyatni yotig‘i bilan tushuntirish, narxni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilish mumkin.

Hozir dastlabki yutuq – ijara narxlari muttasil oshib borishi to‘xtadi. Endi pasayish jarayoni hech bo‘lmasa bir mavsum davom etsa, ko‘pchilik ijarachilar uchun chinakam yengillik bo‘lardi.

Ilhom Ashurov, ijaraga ixtisoslashgan rieltor:

“Hozir 350 dollarlik variantlar ko‘p, lekin ularga oldingidek xaridor yo‘q. Ko‘proq 200-250 dollar atrofidagi uylarga talab bor, lekin bunday narxlarga uylar oldin yo‘q edi, hozir ham kam. Bu yaqin kunlarda oliy o‘quv yurtlari o‘qish mavsumining yakuni, talabalarning ta’tilga chiqishi, kunlar isishi va viloyatlarda dala mavsumiy ishlari qizg‘inligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Oxirgi marta Chilonzorning eng qimmat hududi, 1-kvartalda 2 xonali uyni 320 dollarga topshirdim. Buning uchun rosa 20 kun xaridor izladim. 3-4 oy oldin bunday uylarga nari borsa ikki kunda ijaraga oluvchi topilardi”.

Ijarada yashovchilar fikrlari

Ma’lumot uchun: Ijaraning oylik daromadga nisbati butun dunyoda o‘ziga xos indeks hisoblanadi. Agar inson o‘z daromadining 30 foizini ijara uchun sarflasa, o‘zini iqtisodiy jihatdan mustaqil hisoblashi va oilasi budjetini rivojlantirishi mumkin. Agar ijara daromadning 40 foizidan oshsa, og‘irlik qila boshlashi, 50 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichlarga chiqishi insonni murakkab vaziyatga tushirishi aniqlangan.

Habiba Usmonova, huquqshunos:

– Ijaraga 400 dollar to‘laymiz va bu erimning oyligining yarmini tashkil qiladi. Yosh bolam borligi sabab erim qo‘shimcha ishlashga ham majbur bo‘lmoqda. Uy egasi bilan gaplashdik, ammo uning narxni tushirish niyati yo‘q. Shuning uchun turar joyimizni o‘zgartirmoqchimiz.

Uy sotib olish rejamizda bor. Lekin bunaqa qimmat ijara va tirikchilik xarajatlari ham oshgani sabab uy uchun pul to‘plash imkonimiz yo‘q. Ipotekaga olish uchun esa hech bo‘lmaganda birinchi to‘lov uchun mablag‘ingiz bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ipoteka foizlari baland, taqdim qilinayotgan uylarning sifati ham alohida o‘rganiladigan masala.

Ikkinchi qahramon:

– Yoshim 28 da, ayni damda talaba do‘stlarim bilan birga 350 dollar to‘laymiz. Keyingi oy uylanmoqchiman, shundan so‘ng o‘zim alohida uy olishimga to‘g‘ri keladi. Oldimda ikkita yo‘l qoladi, yo shuncha pulni amallab topish, yo viloyatga qaytib ketish. Viloyatda esa ish yo‘q...

Hozir 5 mln so‘m maosh olaman. Bundan buyon yarmidan ko‘pi ijaraga ketishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun masofaviy ish qidirishga majburman. Mulkdorlardan narxni tushirishni so‘rash befoyda deb o‘ylayman.

Uy narxlari valutada hisoblanadi. Narx tushganini his qilmadik, ko‘tarilish tempi pasaydi xolos. Sentyabrdan yana 50$-100$ atrofida oshsa kerak. Chunki talabalar oqimi juda katta. Bu narxlarga ta’sir qiladi. Oylik esa ijara narxiga nisbatan past.

Imkonim bo‘lgan zahoti ipotekaga uy sotib olish niyatidaman.

Uchinchi qahramon:

– Ijaraga 300 dollar to‘layman va bu umumiy daromadimning taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Meniki kabi nisbatan arzon uylarning narxlar tushgani yo‘q, nazarimda. Turar joyimni o‘zgartirish niyatim ham yo‘q, chunki ishimga qulay. 

Har bir yosh oila kabi mening ham orzum o‘z uyimga ega bo‘lish. Masalaning yechimi bo‘yicha shaxsiy taklifim ham bor – davlat ishida ishlovchilar uchun tashkilot kafolati asosida (masalan, mening ishxonam bunga rozi) boshlang‘ich to‘lovsiz uylar olishga ruxsat berilsa. Chunki oylik maoshimning 60-70 foizini ham to‘lashga roziman. Maqsad nima qilib bo‘lsa-da boshpanali bo‘lish. Natijada davlatimiz, o‘zimning sohamni xotirjam rivojlantirish va kelajak haqidagi aniq natijalarni tasavvur qilaman. Ijarada yashovchilar davlatimizning og‘riqli nuqtalaridan. Shaxsan o‘zim 18 yildan beri ijarada yashayman...

To‘rtinchi, puldor va kamyob qahramon:

– 300 dollar to‘lab ijarada turaman va bu daromadimning 12 foizini tashkil qiladi. Ijara uyimni o‘zgartirish, narxni tushirishni so‘rash niyatim yo‘q. Chunki yaqinda yangi qurilayotgan uylardan sotib olgan uyimga ko‘chib o‘taman. Yangi uy uchun dastlabki to‘lov sifatida 12 ming dollar to‘ladim. Qolgani 20 oy davomida 15,5 mln so‘mdan to‘lanadi. Hozir to‘lovlarni amalga oshirib boryapman.

Beshinchi qahramon:

– 350 dollar to‘lab yashayman va bu daromadimning taxminan 60 foizini tashkil qiladi. Uy egasi bilan narxni bir yilga kelishganmiz, tushirish haqida gaplashib bo‘lmaydi. Bo‘lib to‘lash orqali uy sotvolishni niyat qilyapmiz. Aytaylik, boshlang‘ich to‘lovga qanchadir berib, oyiga 1000 dollardan uch yil to‘laydigan bo‘lsa ham yomon emas edi. Lekin shunaqasi chiqmayapti-da.

Ijara narxini kun sayin oshirishlaridan albatta xafaman. Ruslar kabi qochqinlar keladi, ketadi, bizning oqibatimiz ko‘tarilmasin. Xalqimiz bir-birini qo‘llasin. Hademay sentabr keladi, talabalar yana ko‘chada qoladi. “Ko‘pgina yotoqxonalar quriladi” deyilganigayam uch yil bo‘ldimi?..

Ko‘rinadiki, ijara bahosi tushishi faqat yangi xaridorgagina nisbiy yengillik berishi mumkin. Oldin yashab turganlar ayni paytda tavakkalchilikka yo‘l qo‘ya olmaydi. Ammo bu jarayon davom etishi, asta-sekin umumiy bozorga ta’sir qilmay qo‘ymaydi. Bu yerda muhim omil – uy joylarni sotib olish ham bor. Hozircha ijaradan farqli ravishda ko‘chmas mulk bahosi muttasil oshib bormoqda. Bu esa ijara bahosi yana ko‘tarilishiga turtki bo‘lishi mumkin. Chunki hech kim qimmat sotib olgan xonadonini arzonga ijaraga berishdan foyda ko‘rmaydi.

Abror Zohidov

Аброр Зоҳидов
Muallif Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid