Jahon | 11:18 / 08.05.2023
7939
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyga 276 kun koinotda bo‘lgan kosmik kema qaytib keldi

Sinov parvozi doirasida kosmik texnikadan qayta foydalanish texnologiyalari sinovdan o‘tkazildi. Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari kosmik texnologiyalar sohasidagi yirik yutuq haqida xabar berishdi. 

Foto: Reuters

Xitoyda eksperimental kosmik kema orbitada 276 kun bo‘lganidan keyin Yerga qaytdi. 8 may, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan voqea haqida xabar bergan Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, missiya Xitoy kosmik texnologiyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchisiz kema Xitoy shimoli-g‘arbidagi kosmodromga o‘z vaqtida qaytgan. Xabarlarda qaysi kema Yerga qaytgani, qanday maxsus texnologiyalar sinovdan o‘tkazilgani, parvoz balandligi qanday bo‘lganligi va o‘tgan yilning avgust oyi boshidan buyon kema qanday orbitalarda bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. 

Kemaning Yerga qaytgan suratlari ham chop etilmagan. Xabarlarda faqat aytilishicha, o‘tkazilgan sinovlar kelajakda kosmik missiyalarni amalga oshirishning qulayroq va arzonroq usulini ta’minlaydigan qayta ishlatiladigan kosmik kemalarni yaratishda katta yutuq bo‘ldi. 

2021 yilda Xitoy koinotga xuddi shunday kosmik kemani uchirgandi, u orbitaga yetib borgan va o‘sha kuniyoq Yerga qaytgan. Bu missiya ham maxfiy tarzda amalga oshirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda kema «gorizontal» qo‘nishni amalga oshirgan. 

Xitoy ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilarining fikricha, Pekin AQShning X-37B kabi orbitada yillar davomida qolishi mumkin bo‘lgan avtonom kosmik samolyotni ishlab chiqmoqda. Uchuvchisiz X-37B kemasi o‘tgan yilning noyabr oyida orbitada 900 kundan ortiq vaqt o‘tkazgan holda oltinchi missiyasini yakunladi.  

Mavzuga oid