O‘zbekiston | 20:32 / 09.05.2023
11237
6 daqiqa o‘qiladi

Doimiy qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi tuzildi

O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan kengashning ta’sis yig‘ilishida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston geografik jamiyatlari vakillari qatnashishdi. Ishtirokchilarning yakdil vozi bilan O‘zbekiston geografiya jamiyati rahbari Oybek Norinboyev uch yil muddatga bosh kotibi etib saylandi.

7-8 may kunlari Toshkent shahrida Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashining ta’sis majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston geografik jamiyatlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

“O‘zim ayni paytda Istanbul universitetida fan doktori bo‘lib ishlayman. Nega buni aytyapman. U yerda ishlarkanman, 2016 yili darsga kira boshlaganimda rektorimdan turk davlatlari jo‘g‘rofiyasi darsini ochish istagida ekanimni bildirgandim. O‘sha paytda qachonlardir Turk davlatlari jo‘g‘rofiyasini qura olarmikanmiz deb o‘ylagandim.

Endi o‘zimning talabalarimga bu darsni tanitish, 5-6 mamlakat, ya’ni barcha turk davlatlarining madaniyatda, e’tiqodda bir ekanliklarini anglatishni istayapman. Rektorimiz bu taklifimni xursandchilik bilan qarshilagandilar. Bir kun kelib o‘sha tashkilot tuzilishida balki o‘zing ham qatanasharsan degandi u kishi menga o‘shanda. Bugun ana shu tashkilotning ta’sis yig‘ilishida o‘tirganimdan juda baxtliman.

2021-2022 yillarda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa turk davlatlarida bo‘lib, imkonim yetgancha tabarruk qadamjolarini ziyorat qilishga musharraf bo‘ldim. Aslida biz bir xalqmiz. Jo‘g‘rofiyada ham birlashish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Boshlangan ishlar xayrli bo‘lsin” – deydi ta’sis yig‘ilishida qatnashgan Turkiya jo‘g‘rofiya jamiyati direktorlar kengashi a’zosi Kaan Kapan.

Kaan Kapan, Turkiya jo‘g‘rofiya jamiyati direktorlar kengashi a’zosi Foto: Kun.uz

Yig‘ilishda Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi turkiy tilli ilmiy-tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish, geografiya, o‘lkashunoslik va boshqa turdosh fanlar bo‘yicha nazariy yoki amaliy ish bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilot, muassasalarga ko‘maklashish, barcha jabhalarda birgalikdagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish maqsadida tuzilayotgani qayd etildi.

Ta’sis yig‘ilishida barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashini tuzish to‘g‘risida Toshkent shartnomasi imzolandi va kelgusidagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishildi. Yig‘ilish qatnashchilarining yakdil ovozi bilan O‘zbekiston geografiya jamiyati rahbari Oybek Norinboyev uch yil muddatga kengash bosh kotibi etib saylandi.

Oybek Norinboyev, O‘zbekiston geografiya jamiyati rahbari Foto: Kun.uz

“Bu kengashning tashkil etilishini dunyodagi siyosiy vaziyat taqozo qilmoqda. Ayni paytda Yevroosiyo materigining har tarafida turlicha siyosiy vaziyatlar hukm surmoqda. Bunday vaziyatda Yevroosiyo mintaqasida siyosiy tarozini saqlab, qo‘riqlab turish uchun turk xalqlariga ehtiyoj bor. Bu esa bizning mazkur tashkilotni tuzishimizga dastak bo‘lmoqda.

Jo‘g‘rofiya biroz siyosiy ilmdir. Chunki u makonlardan boshlanadi. Makon esa siyosat demak. U yerda hududlar va chegaralar bor. Keyingi yilllarda jo‘g‘rofiy axborot tizimlari va makon ma’lumotlarini o‘rganishga qiziqish, ehtiyoj kuchaydi. Shu ma’noda jo‘g‘rofiyaning ahamiyati ham oshib bormoqda. Shu jihatdan Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashining yuzaga kelishi bugungi kun realligidir.

Turkiy dunyoni Markaziy Osiyo mamlakatlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Markaziy Osiyoning yuragi, markazi esa, qozoq birodarlarimiz va mintaqadagi boshqa qardoshlarimizga hurmat saqlagan holda, Toshkent deb bilaman va boshqalar ham buni e’tirof etishlari joiz. Shu ma’noda yangi kengashning O‘zbekiston poytaxti Toshkentda tashkil topishi va uning doimiy qarorgohi bu yerda bo‘lishi har jihatdan to‘g‘ri qaror deb bilamiz”, deydi Ozarbayjon jo‘g‘rofiya jamiyati raisi Mirnuh Ismoilov.

Mirnuh Ismoilov, Ozarbayjon jo‘g‘rofiya jamiyati raisi Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, endilikda aholining geografik va ekologik bilimini mustahkamlash, ilg‘or ilmiy g‘oyalar va yutuqlarni keng targ‘ib qilish, kengashga a’zo mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, tegishli masalalarni hal etish bo‘yicha birgalikda faol ish olib borish rejalashtirilyapti.

Yangi kengash xalqaro loyihalar, jumladan, fan, ta’lim, ekologik ta’lim, iqtisodiy yondashuv, madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro aloqani kengaytirish, turk tarixiga oid masalalar bo‘yicha mushtarak ilmiy pozitsiya ishlab chiqish, ekologiya kun tartibini ta’minlash va ko‘zlangan maqsadlarga erishish kabi loyihalarda ishtirok etadi.

Kengash a’zo davlatlar o‘rtasida ilmiy tadqiqot olib borish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi. Shuningdek, geografiya sohasidagi innovatsiya, ilm-fan yangiliklari bilan o‘rtoqlashish yo‘lga qo‘yiladi. Iqlim o‘zgarishining tabiiy va ijtimoiy muhitga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ish qilinadi.

Mirvohid Azimov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Foto: Kun.uz

Ehtimoliy xavfli vaziyatning oldini olish, turli holatga moslashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, geodeziya va kartografiya sohasidagi tadqiqotlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, Turkiy davlatlar hududidagi moddiy va nomoddiy meros obektlarini o‘rganish, qadamjolar haqidagi ma’lumotlarni kelajak avlodga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda xalqaro geografiya olimpiadalarini o‘tkazish, umumsayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolarning oldini olish, mavjud masalalarni bartaraf etish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish singari ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid