Jahon | 23:58 / 09.05.2023
35573
15 daqiqa o‘qiladi

U tobora uzoqlashmoqda: nega sobiq sovet davlatlari g‘alaba kunini keng nishonlamay qo‘yishdi?

Aprel oyi oxirlarida budjet mablag‘larini iqtisod qilish vaj qilinib, Qozog‘istonda 9 may kuni harbiy parad o‘tkazilmasligi ma’lum bo‘lgan edi. Qozog‘iston hukumati so‘nggi yillarda g‘alaba kuni sharafiga parad o‘tkazmay kelmoqda. MDHning boshqa davlatlarida ahvol qanday?

Foto ©️ Tengrinews.kz / Turar Kazangapov

Orda.kz nashri sobiq SSSRning qolgan respublikalarida 9 mayni nishonlash qay ahvoldaligi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning bu bayramga ta’siri bor-yo‘qligi, bu bayramni qanday nishonlash kerakligini tahlil qilib chiqdi.

9 may kuni SSSR oliy soveti prezidiumi qarori bilan fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alaba kuni va «umumxalq bayrami kuni» deb e’lon qilingan edi. G‘alaba kuni o‘nlab yillar davomida sovet ittifoqidagi muhim bayramlardan biri sifatida nishonlanib kelgan. 2000 yilda Vladimir Putin Rossiya prezidenti bo‘lgach, bu sana katta tantana bilan nishonlana boshlandi. Rossiyalik rasmiylar bu sanadan urushda o‘lgan millionlab insonlarni xotirlash kuni bilan cheklanmasdan, eng yangi harbiy texnikalarni ko‘z-ko‘z qilish yo‘lida foydalana boshlashdi.

Boshqa sobiq sovet respublikalarida ham g‘alaba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi, garchi tadbirlar biroz kamtarona bo‘lsa-da.

Biroq, 2020 yilgi pandemiya davrida yurishlarni to‘xtatib turishga to‘g‘ri keladi. Shunisi e’tiborliki, sobiq ittifoqning ayrim davlatlari global lokdaundan so‘ng bayram qilishda davom etishdi, boshqalari qonunchilik darajasida g‘alaba kunidan voz kechishdi.

Sukutli diplomatiya yoki o‘zlikni qidirish

Qozog‘istonda g‘alaba kuni sharafiga so‘nggi harbiy parad 2019 yilda o‘tkazilgan. 2020 va 2021 yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli ommaviy tadbirlardan voz kechildi. O‘tgan 2022 yilda ham parad o‘tkazilmagandi. Mudofaa vazirligi parad uchun sarflanadigan pullar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga yo‘naltirilgani ma’qul, deb tushuntirishdi. Bu yilgi sabab ham shu.

Biroq, rossiyalik siyosiy emigrant, so‘l aktivist va publitsist Aleksey Saxnin iqtisodiy qiyinchiliklarga havola qilish ayyorlik ekanini ta’kidlagan:

«Bunday bayramlardan ham katta bayramlarni o‘tkazish davlat budjeti imkoniyatlari oldida hech narsamas. Ular muammo yaratmaydi. Hozir Qozog‘iston har bir tanga hisobda bo‘lgan iqtisodiy tanazzul sharoitada ham emas. Fikrimcha, bu — ushbu qadamlar ortida turgan asl maqsadlarni yashirish yo oqlash uchun bir bahona», — deydi Saxnin.

Aleksey Saxnin. Foto: shaxsiy arxividan

Saxinning fikricha, asosiy sabab bu voqea atrofida yillar davomida xalqlarni yaqinlashtirish uchun shakllatirib kelingan topinish va xotirlash majmuasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng o‘zining ahamiyatini yo‘qotgan.

«1995 yilda Yelsin davrida g‘alabaning 50 yilligi juda katta tantana bilan nishonlangan edi. O‘shanda Rossiya hukumati bu bayramni muqaddaslashtirish haqida o‘ylay boshlagan. Bu Rossiya davlat mifining muhim unsuriga aylangan. Rossiya kuch to‘play boshlagani sari yoki shunga o‘xshagani sari sobiq sovet davlatlari bu ramz va tadbirdan andoza ola boshlashdi.

Shunday qilib, MDH davlatlari umumiy xotira va umumiy topinish asosida birlashishdi. Biroq, 2022 yil 24 fevraldan so‘ng Rossiya rahbariyati o‘zining xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida misli ko‘rilmagan «muvaffaqiyatlar»ga erishdi. Bu yodgorlashtirishning barchasi nima uchun bo‘lganini shubha ostiga keltirib qo‘ydi: Rossiya bilan yaqinlashish, u bilan umumiy madaniy kodlarni ushlab turish, mafkurafiy jihatdan yagona makon yaratish ehtiyoji o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi», — deydi Aleksey Saxnin.

Aktivistga ko‘ra, ko‘plab fuqarolar va rejimlarda Kreml Ukrainada qilayotgan ishlar bilan bir qatorda nomi tilga olinmaslik xohishi paydo bo‘ldi. Hattoki ushbu vaziyatdan Rossiyadan uzoqlashish, ko‘proq mustaqillikka ega bo‘lishda foydalanish istagi ham.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydar Amrebayevning fikricha, Qozog‘iston davlat apparati tomonidan sovetlashtirishga qarshi kurash kontekstida paraddan voz kechish mutlaqo mantiqiy qaror bo‘lgan.

«Biz tarixiy xotira haqida so‘z ochganimizda, taassufki, u turlicha va doim ham to‘g‘ri bo‘lmagan talqinlar obektiga aylanadi. Yangi tarixiy faktlar yuzaga chiqadi, milliy o‘zlikni anglashning sivilizatsiyalashgan modeli bilan bog‘liq xalqning milliy manfaatlari ham bor. Men bizning obektiv tarixiy xotiramizni tiklash Qozog‘iston uchun dolzarb masala, deb bilaman. U sovet mafkuraviy diskursiga xos bo‘lgan oq va qora bo‘yoqlarga bo‘yalmasligi kerak. Bu manzara chizib tugatilishi va tariximizning fojiali varag‘i sifatida yopib qo‘yilishi kerak», — deydi Aydar Amrebayev.

Aydar Amrebayev. Foto: aikyn.kz

Unutish joiz emas xotirlash

2022 yilda Boltiqbo‘yi davlatlari «Ulug‘ vatan urushi» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq ramzlarni taqiqlay boshlashdi. Masalan, Litvada o‘tgan yili butun mamlakatda motam e’lon qilindi va har qanday bayram mavjud sharoitlarda mutlaqo joiz emasligi uqtirilib, taqiqlandi.

Qirg‘iz siyosatchisi Murat Beyshenov bunday radikal taqiqlarni G‘arbning ta’siri bilan bog‘laydi.

«Anglosakson sivilizatsiyasi sovetlar ittifoqi ikkinchi jahon urushini yutganidan aslo xursand emas. G‘arb g‘alaba kuni nishonlanmasligi uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda. Bu yo‘ldagi ishlar muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda.

Misol tariqasida Boltiqbo‘yi davlatlariga qarash kifoya. Biroq bunday qilish kerak emas. Biz baribir fashizmni yengganmiz, 30 million jon berganmiz, nima, uni hozir unutish kerakmi? Shuning uchun himoyalanish va paradlar o‘tkazish kerak. Tarixdan yuz o‘girmaslik kerak. Bunday qilgan davlatning kelajagi bo‘lmaydi», — deydi Murat Beyshenov.

Murat Beyshenov. Foto: Vecherniy Bishkek

Aleksey Saxnin ham Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya bilan aloqalarni uzishga qaratilgan izchil va ochiq mafkuraviy kampaniya yuritganini qayd etadi. Bu holatda ular aksildemokratik usullardan rusiyzabon kamchiliklarga qarshi foydalanishgan. Aktivistning fikricha, Qozog‘istonda hozircha bu qadar radikal mafkuraviy uzilishga xalq tayyor emas.

«Qozog‘iston ancha mo‘’tadil harakat qilmoqda, lekin hammasi o‘sha yo‘nalishda ketmoqda. Paradni o‘tkazmaymiz, lekin bayramga parkka bayroq ko‘tarib chiqqan rus pensioner kampirlarni ham kaltaklamaymiz. Rigada balkim xavfli mafkuraviy diversantlar sifatida kampirlarni urishar. Latviya, Litva va Qozog‘iston hokimiyatlari qanchalik tanqid ostiga olinmasin, bunday yo‘l tutishga imkoniyat va sababni baribir Kreml yaratgan», — deydi Aleksey Saxnin.

Kremlning xatti-harakatlaridan tashqari yana bir omil bor — sovet davrining qarama-qarshiligi. Aydar Amrebayevning aytishicha, ittifoq davri odamlar tasavvur qilishga ko‘nikib qolganidek oppoq va momiq bo‘lmagan aslo.

«Biz Ikkinchi jahon urushigacha va undan keyin bo‘lgan voqealarning butunlay bir biriga zidligini juda yaxshi tushunamiz. Urushgacha Qozog‘iston 30-yillardagi ocharchilik va qatag‘onlarga to‘qnash kelgan, Stalinning qattol rejimi respublikadan konslager yasagan edi. So‘ng minglab vatandoshlarimiz o‘z harbiy burchini o‘tayman deya janggohlarda halok bo‘lishdi. Agar oddiy insoniy achinish hissi bilan yondashilgan taqdirda ham, bunday vaziyatda bayram qilish va salyutlar otish — o‘lganlar va qatag‘on qilinganlarning suyagi ustida raqs tushishga o‘xshamaydimi? Bu o‘sha insonlarning xotirasini bulg‘ashdan boshqa narsa emas», — deydi Aydar Amrebayev.

Suyaklar ustidagi raqs va qudrat namoyishi

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydar Amrebayev ham ayni urush sharoitida o‘tkaziladigan paradlar surbetlikning oliy ko‘rinishi ekanligini qayd etdi.

«Qaysi bir mamlakatlarda bu qayg‘u va fojia qurbonlarini xotirlash kuni. Ayrimlar bugungi kunda qilayotgan jinoyatlarini oqlab siyosiy dividendlar qo‘lga kiritish uchun undan foydalanmoqda. Menimcha, Ukrainada tinch aholi vakillari o‘ldirilayotgan, shaharlar va qishloqlar vayron qilinayotgan sharoitda separtistik Georgiy tasmalari va «Istasak, yana takrorlay olamiz» shiorlari bilan g‘alaba paradlarini o‘tkazish surbetlikning oliy ko‘rinishi. Bu o‘lgan odamlarning suyaklari ustida raqs tushishga o‘xshaydi», — deydi Aydar Amrebayev.

Pabliklardan olingan foto.

«Istasak, yana takrorlay olamiz» («Mojyem povtorit») shiori haqida gapirar ekan, Saxnin bu avlodlarning tirik xotirasini ramziy, o‘ylab topilgan yodgorlashtirishga almashish ekani va u dahshatli urush oqibatlarini rad etishga olib kelishini ta’kidladi.

«Postovet davrida Rossiyada «Mojyem povtorit» shiori paydo bo‘ldi, uni rossiyaliklar o‘z mashinalariga yopishtirib ola boshlashdi. Bu real urushni to‘liq rad etish degani. O‘sha urushdan nafaqat sovetlar ittifoqi, Yevropa va jahonning boshqa davlatlari ham mutlaqo teskari mazmundagi shior bilan chiqishgan — «Boshqa hech qachon!» Uylarida yoqib yuborilgan, Germaniyaga majburiy mehnatga haydab ketilgan, konslagerlarda yoqilgan va ustida tibbiy tajribalar o‘tkazilgan millionlab insonlarning ayanchli taqdiri. Mana shu narsa hech qachon takrorlanmasligi kerak», — deydi Aleksey Saxnin.

Rossiyalik so‘l aktivist Yelsin davrining oxirlarida va Putin davridan boshlab bayram milliy harbiy qudratni ko‘z-ko‘z qilish vositasiga aylanib ketganiga ham e’tibor qaratadi.

«Bizning mana shunday dahshatli raketamiz bor, butun Yer kurrasini kunpayakun qila olamiz, kerak bo‘lsa o‘sha kunlarni takrorlay olamiz, degandek. Bugungi kunga kelib ma’lum bo‘ldiki, harbiy texnikalar namoyishi bo‘lmagan gap va yolg‘on ekan», — deydi Saxnin.

Masalan, 2015 yilgi harbiy parad chog‘ida Rossiyaning eng yangi va eng zamonaviy T-14 «Armata» tanki Moskvadagi Qizil maydonda repititsiya chog‘ida o‘chib qolgandi.

Bayram yoki xotirlash

Kechagina Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy Radaga 8 mayni Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan g‘alaba va xotirlash kuni sifatida belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi. Ukrainada 9 may Yevropa kuni sifatida nishonlanishi ko‘zda tutilgan.

«Biz hech qachon ukrain xalqining natsizm ustidan g‘alaba qozonishga qo‘shgan hissasini unutmaymiz. Biz o‘sha urushda g‘alaba birorta mamlakat yo xalqning ishtirokisiz qo‘lga kiritilgan degan yolg‘onga ham yo‘l qo‘yib bermaymiz. Bir vaqtlar yovuzlikka qanday bahamjihat kurashgan bo‘lsak, hozir ham yovuzlikni birgalikda yo‘q qilmoqdamiz. Taassufki, bu yovuzlik yana bosh ko‘tardi. Garchi bugun agressor boshqa bo‘lsa ham, maqsadi o‘sha-o‘sha — qul qilish va qirib tashlash», — degan Volodimir Zelenskiy.

Ukrainada avvalroq bir guruh deputatlar Oliy Rada e’tiboriga 8 mart, 1 may va 9 may bayramlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishgan edi. Loyihaga tushuntirish xatida tashabbuskorlar iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olish uchun «kommunistik unsurlar bo‘lgan bayramlar» — 1 may va 9 mayni bekor qilishni so‘rashgan.

«Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba 8 may kuni nishonlanadi. Boshqa mamlakatlarda bu bayram kuni emas, o‘n millionlab halok bo‘lganlarni xotirlash kunidir. Shunday xarakterdagi bayramni Ukrainaga ham qaytarish kerak, bu esa suyaklar ustida raqs tushib, bayram qilishdan qochishda yordam beradi», — deb yozishgan qonun loyihasi tashabbuskorlari.

Nazarboyev, Putin va Medvedev Moskvadagi harbiy paradda. 2019 yil. Foto: Akorda.kz

Amrebayevning fikricha, Qozog‘istonda ham bayram qilish o‘rniga xotirlash variantiga o‘tish kerak.

«9 mayni Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlash kerak, urushda qatnashgan yoki halok bo‘lganlarning qarindoshlariga ko‘mak berish kerak. Bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun qandaydir yangi etika asoslari kerak. Bu sanaga millionlab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa sifatida nihoyatda insoniy munosabat kerak», — deydi Aydar Amrebayev.

Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarida taqiqlar joriy qilinganiga qaramasdan Markaziy Osiyo davlatlari bayramga ancha neytral munosabatda. Qirg‘iz siyosatshunosi dushmanlari kuyib o‘lishi uchun ataylab bayram yurishiga chiqishini ta’kidladi.

«Qirg‘izistonda «O‘lmas polk» yurishlari bo‘lib o‘tadi. Biz baribir bu mafkura va neytrallikka sodiqmiz. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush bo‘layotgan bo‘lsa, 1 may va 9 mayni unutish kerak deyayotganlar chiqayotgani qayg‘uli. Sovet kishisi sifatida tarixning unutilayotgani men uchun alamli va qayg‘uli. Men dushmanlarim kuyib o‘lishi uchun, do‘stlarim bilan ataylab ko‘cha yurishiga chiqaman. Turli davlatlardagi sovet davri kishilari ham jasorat topib chiqishadi, deb o‘ylayman», — deydi Murat Beyshenov.

Qirg‘izistonda bu yil an’anaviy tarzda «O‘lmas polk» yurishlari bo‘lib o‘tdi. 9 may g‘alaba kuni emas, «Xotira va qadrlash kuni» sifatida nishonlanadigan O‘zbekistonda hech qachon yurishlar va paradlar o‘tkazilmagan. Faqat 9 may oqshomida bayram salyuti otiladi.

Rossiyada esa harbiy parad har yilgidek baribir tashkil qilindi. Unda MDHning yetti davlati rahbarlari — Markaziy Osiyo davlatlari, Belarus va Armaniston yetakchilari ishtirok etishdi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovdan tashqari barchasi faqat 8 may kuniga kelibgina paradda ishtirok etishini bildirishdi. Turkmaniston rahbari 9 may kuni ertalab paradga yetib bordi.

Mavzuga oid