“Eng katta xato shu yerda” - iqtisodchi suv tejovchi texnologiyalarga o‘tishdagi byurokratiya haqida
Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini samaradorlik emas, byurokratik vositalar orqali joriy etishga harakat qilinyapti, deya fikr bildirdi iqtisodchi Otabek Bakirov. “Tejamkor texnologiyalarga qancha tez o‘tishni boshlasak, shuncha yaxshi. Lekin bu jarayon ixtiyoriylik, iqtisodiy samaradorlik va bozor qoidalari asosida kechishi kerak”, – deydi u.
Suv muammosi yildan yilga chuqurlashib borayotgan sharoitda O‘zbekiston uchun tejamkor texnologiyalardan boshqa alternativalar mavjud emas, deya fikr bildirdi iqtisodchi Otabek Bakirov.
U Savdo-sanoat palatasida banklar, klasterlar va shu sohaga daxldor qator idoralar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishdan keyingi xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘zimgayam qiziq bo‘lgani uchun chetroqdan joy olib, tomonlarning bahslarini tingladim. E’tiborlisi, bunda Savdo-sanoat palatasi o‘ziga xos mediatorlik qildi. Eshitganlarim va kuzatganlarim bo‘yicha ayrim xulosalar bilan bo‘lishsam.
Birinchidan, klasterlar suv bilan bog‘liq vaziyat tobora og‘irlashib borayotgani va paxtachilikda tomchilatib, g‘allachilikda yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tish zaruriyatini chuqur anglab turishibdi. Lekin bu o‘ta xarajatli vazifa ekani motivatsiyani susaytirmoqda. Shu sababli kafillik shartnoma shartlarini kelishib olishni istashayapti. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligiga to‘xtalib o‘tirmayman.
Ikkinchidan, banklar (bu o‘rinda asosan Agrobank) tejamkor texnologiyalarni kreditlar hisobidan moliyalashtirishga tayyor. Lekin bu borada risklar juda baland. Bankirlar fermer va klasterlarning qarz yuki oshib borayotgani, likvidli ta’minot taklifi yo‘qligi, tejamkor texnologiyalarni joriy qiladigan sub’yektlarning ahvoli yanada og‘irlashishi mumkinligidan xavotirda. Ilgari shu maqsadda olingan kreditlarning katta qismi muddati uzaytirilgani ta’kidlandi.
Uchinchidan, tejamkor texnologiyalarni o‘rnatgan va muvaffaqiyatga erishgan yoki zararga kirgan fermerlarning bu bo‘yicha fikrlari qiziq edi. Lekin uchrashuvda fermerlarning yo ularning vakillari ishtirok etmadi.
To‘rtinchidan, davlatning pozitsiyasida tejamkor texnologiyalarga o‘tishda ma’muriy-byurokratik yo‘ldan yurishga moyillik seziladi. Ya’ni har bir klaster va hudud uchun reja-topshiriq o‘rnatish, jarayonni hokimlar orqali nazorat qilish, ko‘rsatkichlarga iqtisodiy samaradorlik emas, byurokratiya vositalarida erishishga istaklar bor. Menimcha, eng katta xato ham shu yerda.
Nazarimda, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishda, aytaylik, quyosh panellarini o‘rnatishdagi kampaniyabozlik singari irratsionallikka yo‘l qo‘yilishi xatarlari mavjud. Umid qilamanki, Savdo-sanoat palatasi mediator o‘laroq shu ehtimoliy xatolar haqida qaror qabul qiluvchilarga batafsil ma’lumot yetkazadi.
Shaxsiy fikrim shuki, tejamkor texnologiyalarga qancha tez o‘tishni boshlasak, shuncha yaxshi. Lekin bu jarayon ixtiyoriylik, iqtisodiy samaradorlik va bozor qoidalari asosida kechishi kerak. Buning uchun asosiy motivatsiyani allaqachon eng qimmat resursga aylangan suvning real narxi belgilashi zarur. Suvning asl narxiga ro‘para kelgan klaster va fermerni tejamkor texnologiyaga o‘tishga majburlashga aslo hojat qolmaydi”, – deya yozdi Otabek Bakirov.
O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekistonga 7 milliard kub metr suv yetishmasligi prognoz qilinmoqda.
Mavzuga oid
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024