O‘zbekiston | 10:45 / 11.05.2023
4588
2 daqiqa o‘qiladi

Misr Afrika bozoriga O‘zbekiston charm-poyabzal mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan joriy yil 8 may kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev va Misr sanoatlari uyushmasi Charm sanoati palatasi direktori Ala Nemr o‘rtasida onlayn muzokara tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Muzokara davomida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni O‘zbekistonda amalga oshirish juda daromadli ekani aytildi. Ushbu tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talab nafaqat respublikada, balki qo‘shni davlatlarda ham ehtiyoj yuqoriligi ta’kidlandi.

Misr tomoni 18-20 oktabr kunlari mamlakatda bo‘lib o‘tadigan UzCharmExpo xalqaro charm, poyabzal va mo‘yna ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etishga taklif etildi. Shu o‘rinda, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Misr delegatsiyasini sohada yaratilgan barcha imkoniyatlar bilan tanishtirish, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fabrikalarga ziyoratlarni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Misr tomoni, o‘z navbatida, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda uyushmaga a’zo yirik kompaniyalar vakillarini Qohiraga tashrif buyurishga taklif qildi va Afrika bozorlariga O‘zbekiston charm-poyabzal mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni muhokama etishga tayyorligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid