O‘zbekiston | 10:52 / 13.05.2023
21545
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda fuqaroning qo‘ylarini bo‘g‘izlab, o‘ziga tahdidli xat qoldirgan jinoiy guruh ushlandi

Jinoiy guruh a’zolari tunda 6 bosh qo‘yni bo‘g‘izlab, 3 boshini mashinaga ortib olib ketishgan hamda voqea joyida oilaga tahdidomuz xat qoldirishgan. Oldinroq Kun.uz ushbu holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan va unda oila a’zolari tahdid yer uchun bo‘lishi mumkinligini aytishgandi.

Foto: Kun.uz

Samarqand viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan fuqaroning qo‘ylarini bo‘g‘izlab, voqea joyida tahdidli xat qoldirib ketgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz’ga IIV Tezkor-qidiruv departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 23 aprel kuni Samarqand tumanida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilib, holat haqida xabar bergan va jinoyatchilarni aniqlab, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda yetkazilgan zararlarni qoplab berishni so‘ragan. Voqea joyi tezkor tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, tahdidli so‘zlar yozilgan qog‘oz daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan va xatshunoslik ekspertizasi tayinlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida yuqorida qayd etilgan jinoyatni sodir etgan shaxslar aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 3 nafar shaxs hodisa sodir bo‘lgan tunda qo‘yxonaga borib, 6 dona qo‘ylarni bo‘g‘izlab, 3 donasini Nexia mashinasiga ortib ketishgan. Olib ketilgan 3 dona qo‘ylning bittasini so‘yib, qolgan 2 boshini yashash xonadonida saqlab kelishgan.

Hozirda tergov ishlari davom ettirilib, jinoy guruh tashkilotchisini topish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid