11:18 / 13.05.2023
4568

Senat raisi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Muloqotda gender tengligini ta’minlash, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish kabi masalalarga e’tibor qaratilgan.

12 may kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Rita Konsuelo Fatima Vidal Bryusni qabul qildi. Uchrashuvda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tengligini ta’minlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalari muhokama qilingan. 

Senat raisi O‘zbekiston BMT va uning mamlakatda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan agentliklari hamda muassasalari bilan konstruktiv va ishonchli hamkorlik rivojlanib borayotgani, ayniqsa siyosiy muloqot faollashganini ta’kidlab o‘tgan. Shu munosabat bilan BMT tajribasidan kelib chiqqan holda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, xotin-qizlarning faolligini kuchaytirish, shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni mustahkamlash muhim ekanligini alohida qayd etgan.

O‘z navbatida, Rita Konsuelo Vidal Bryus O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, mamlakatning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, u BMT O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilgan. 

Top