Jahon | 15:11 / 14.05.2023
54466
11 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an haqida faktlar. Futbolchilikdan Turkiyaning almashmas hukmdorligiga yo‘l

20 yildan buyon hokimiyatda qolayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an birinchi bor saylov yakunlariga ko‘ra o‘z postini boy berish xavfi ostida qoldi. Quyida mamlakatning almashmay kelayotgan yetakchisi haqidagi asosiy faktlar keltiriladi.

Erdo‘g‘an tarafdorlari qurshovida, 1999 yil. Murad Sezer / AP / Scanpix / LETA

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 1954 yil 26 fevralda, Istanbul shahrida sohil qo‘riqlov xizmatchisi oilasida dunyoga kelgan, 13 yoshiga qadar Rizo shahrida yashagan.

Bolaligidan dindor bo‘lgan, diniy litseyga qatnagan. Istanbuldagi Marmara Universitetining iqtisodiyot fakultetida o‘qish chog‘ida islomiy Milliy najot partiyasi yoshlar qanotiga a’zo bo‘lib, o‘z qarashlarini uzil-kesil belgilab olgan va shu yerda siyosiy faoliyatini boshlagan.

1969 yildan 1982 yilga qadar bo‘lgan muddatda futbol bilan shug‘ullangan, yarim professional darajadagi klublarda to‘p surgan, ammo to‘liq siyosat bilan shug‘ullanish uchun sportdagi faoliyatini to‘xtatgan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an (markazda) yetti yil davomida — 1975 yildan 1981 yilga qadar Istanbul Electric Tram and Tunnels futbol klubi safida o‘ynagan (Foto: IETT)

U hokimiyatga qanday kelgandi?

Maydon o‘rtasida joylashgan kichik sahnada turgan kostyum kiygan va galstuk taqqan o‘rta yoshli kishi she’r o‘qiydi. «Masjidlar — bizning kazarmalarimiz, ularning gumbazlari — bizning dubulg‘alarimiz, minoralar — bizning nayzalarimiz, va iymonimiz — bizning askarlarimiz», — deydi u ishonch bilan mikrofonni tutgan qo‘llarini osmonga ko‘tarib. «Allohu akbar», — deya ovoz keladi yig‘ilganlardan. Bu voqea — konservatorlarning 1997 yil 6 dekabrida Siirt shahrida o‘tkazgan mitingida bo‘lgandi, sahnadagi erkak esa — Istanbul shahrining o‘sha vaqtdagi meri Rajab Toyyib Erdo‘g‘an edi. U aytgan jangovar satrlar turkiyalik shoir va pedagog, panturkizm mafkurachilaridan biri Ziyo Go‘kalpdan iqtibos edi.

Bu vaqtga kelib Erdo‘g‘an taniqli siyosatchiga aylanib ulgurgandi. U 1994 yildan 1998 yilga qadar Istanbulga hokimlik qiladi va mahalliy aholi uni xarizmali siyosatchi va boshqaruvchi sifatida bilardi. Qolaversa, imomlar maktabini bitirgan Erdo‘g‘an islom qadriyatlari himoyachisi sifatida ham namoyon bo‘lgandi, alkogol sotuviga qisman cheklov o‘rnatadi.

Nayzalar, iymon va askarlar haqidagi she’r uchun Erdo‘g‘an to‘rt oyni qamoqda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi: 1998 yil sentabrida sud uni «millatlararo nizo va adovat qo‘zg‘atish»da aybdor deb topadi, holbuki islomiy mazmundagi bu she’r Turkiyada taqiqlanmagandi va mamlakat ta’lim vazirligi tomonidan o‘qish uchun tavsiya etilgan to‘plamlarga kiritilgandi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 1999 yil, bir necha oyga qamoqqa ketishidan oldin qilgan so‘nggi chiqishi chog‘ida (Foto: FS / JRE / AS / Reuters)

Shu tariqa, kamolchilik tarafdorlari — zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning dunyoviy mafkurasi tarafdorlari islomchilarning kuchayib borayotgan faolligini so‘ndirishga harakat qilgandi. Buning uchun ularda imkoniyat mavjud edi: kamolchilik harbiylar, jumladan yuqori martabali harbiy boshliqlar orasida keng tarqalgan, o‘sha vaqtda armiyaning Turkiya hayotida tutgan o‘rni esa beqiyos edi. Bundan tashqari, kamolchilarda sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim o‘tkazish vositalari mavjud edi.

Bu sud jarayoni Erdo‘g‘anga kuchli ta’sir ko‘rsatgani aytiladi: u hokimiyatga kelganidan keyin harbiylarni siyosiy jihatdan kuchsizlantirish uchun juda ko‘p ish qiladi. Ammo Turkiya hayotida katta rol o‘ynagan yana bir voqea bo‘lib o‘tgandi. Bu 1997 yil 28 fevralida ro‘y beradi va tarixga «postmodern davlat to‘ntarishi» sifatida kiradi — o‘shanda mamlakatda hokimiyat o‘zgarishi uchun avvallari bo‘lganidek harbiylar harakat qilishi shart bo‘lmagan, ularning so‘zlari yetarli bo‘lgandi.

O‘sha kuni harbiy organ — Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi — favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi va o‘sha vaqtdagi hukmron partiya bo‘lgan islomiy «Rifoh» partiyasini (Farovonlik partiyasi) hokimiyatdan chetlatishni qat’iy tavsiya qiladi. Bu partiya 1983 yilda, turk jamiyatida yana islom g‘oyalari ommalasha boshlayotganida tuzilgandi. A’zolari safida Erdo‘g‘an ham bo‘lgan «Rifoh» Turkiyada shariat normalarini yoyish tarafdori edi. 1994 yilda Erdo‘g‘an Istanbul merligiga shu partiyadan saylangandi.

«Postmodern davlat to‘ntarishi» oqibatida Turkiya hukumati iste’foga ketadi, «Rifoh» tugatiladi, bir necha yil o‘tib Turkiyada islomchilar ikki lagerga ajraladi. Birinchisi — «an’anachilar»ning konservativ qanoti «Saodat» partiyasini tuzadi (Baxt partiyasi deb ham ataluvchi bu partiya bugungi kunda Erdo‘g‘anga qarshi muxolifat koalitsiyasiga kirdi). Ikkinchisi — harakatni siyosiy yangilash va boshqa kuchlar hamkorlikka chaqirgan mo‘’tadil islom tarafdorlari bo‘lgan «yangilovchilar» edi. 

«Yangilovchilar» Erdo‘g‘an boshchiligida «Adolat va qalqinma» (Adolat va taraqqiyot partiyasi) partiyasini tuzishadi. Bu vaqtga kelib u radikallikdan chekingan va mo‘’tadillik liniyasini tutgandi. Nolinchi yillar boshida esa hech qanaqasiga islomchi emasligini qat’iy turib aytgan. Uning Adolat va taraqqiyot partiyasi o‘zini bozor iqtisodiyoti va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan konservator demokratlarni birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon etadi. Keyinroq, bosh vazir bo‘lib olganida Erdo‘g‘an xalq unga va uning tarafdorlariga «demokratiya missiyasini amalga oshirish»ni ishonib topshirganini aytadi.

Uning partiyasining mashhurligi tezlik bilan oshib boradi va ko‘pchilik buni Erdo‘g‘anning shaxsiyati bilan bog‘laydi. 2002 yilda partiya parlament saylovlarida ishtirok etadi va saylovoldi kampaniyasi vaqtida uning yetakchisi faoliyatini Istanbul ko‘chalarida suv, limon va bo‘lka sotish bilan boshlagan qashshoq oiladan chiqqaniga urg‘u qaratiladi. Ammo Erdo‘g‘anning xarizmasi uning partiyasi muvaffaqiyatining yagona sababi  emasdi. Turkiyadagi o‘sha saylovlarga so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir moliyaviy inqiroz sabab bo‘lgan, shuningdek, bir necha yil oldin, 1999 yilda qariyb 20 ming kishini hayotdan olib ketgan vayronkor zilzila ro‘y bergandi. Hukumatning bu vaziyatga reaksiyasi turk jamoatchiligining hafsalasini pir qilgan va odamlar ularni qora kunlardan olib chiquvchi yetakchiga ehtiyoj sezayotgandi.

Natijada o‘sha vaqtda 48 yoshda bo‘lgan Erdo‘g‘an va uning yosh partiyasi 34,3 foiz saylovchilar ishonchini qozonadi va partiya hamon Turkiyada hokimiyat tepasida qolmoqda.

Foto: Jamal Saidi / Reuters

Adolat va taraqqiyot partiyasining saylovlardagi g‘alabasidan bir yil o‘tganida Erdo‘g‘an parlamentga a’zo bo‘lish imkoniyatini kutayotgandi — sudlangani unga Buyuk milliy yig‘ilish deputati bo‘lishiga imkon bermasdi, o‘z navbatida bosh vazir bo‘lishiga ham (u deputatlar orasidan saylanardi). 2003 yilda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlardan keyin u avvaliga deputat bo‘ladi, keyin esa bosh vazirlik lavozimini egallaydi. Ungacha hukumatga uning o‘rinbosari Abdulloh Gul rahbarlik qilayotgandi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Abdulloh Gul, 2002 yil (Foto: FS / AH / Reuters)

U 2014 yildan 2017 yilgacha, uch yarim yil davomida Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zoligini to‘xtatgandi, chunki Turkiya qonunchiligi prezidentga qaysidir siyosiy kuch vakili bo‘lishga yo‘l qo‘ymasdi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumdan keyin bu band bekor qilinadi va Erdo‘g‘an yana partiya rahbarligiga qaytadi.

2016 yil 15 iyulida Erdo‘g‘an Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berganini e’lon qiladi va bunda barcha aybni AQShda yashovchi imom Fathulloh Gulen va uning turk harbiylari orasidagi tarafdorlari zimmasiga yuklaydi. Mamlakatda favqulodda holat joriy etiladi va bu ikki yil mobaynida saqlanib qoladi. 13 mingdan ortiq kishi davlat to‘ntarishiga aloqadorlik bo‘yicha ayblovlar bilan qo‘lga olinadi. Qurolli kuchlarni boshqarish tizimi isloh etiladi: armiya Bosh shtab bo‘ysunuvidan chiqarilib, Turkiya mudofaa vazirligi boshqaruviga o‘tkaziladi.

Istanbuldagi Taqsim maydonida askarni qurolsizlantirayotgan politsiyachilar, 2016 yil 16 iyul. (Foto: Reuters)

Erdo‘g‘an 20 yildan buyon hokimiyat tepasida: 2003 yil 14 martidan 2014 yil 28 avgustiga qadar bosh vazir bo‘lgan va Turkiyani parlamentar boshqaruvdan prezidentlik boshqaruviga o‘tkazish g‘oyasini faol targ‘ib etgan. Qonunchilikka to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentlik saylovlari foydasiga xizmat qiluvchi o‘zgartirishlar kiritish tashabbuskori bo‘lgan. Bunday birinchi saylov yakunlariga ko‘ra 52,59 foiz ovoz olgan va 2014 yil 28 avgustida qasamyod qilgan. 2018 yilda ikkinchi muddatga qayta saylangan. 2017 yilda o‘tkazilgan Konstitutsiya bo‘yicha referendum natijasida uchinchi bor nomzodini ilgari surish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi Emine (Foto: Elif Sogut / Getty Images)

Erdo‘g‘an 1978 yilda uylangan, to‘rt nafar farzandi bor: ikki o‘g‘li, ikki qizi, sakkiz nabirasi. Prezidentning kuyovi Berat Albayroq 2018-2020 yillarda moliya vaziri bo‘lgan.

Mavzuga oid